Читаем Marsga hujum полностью

— Bu yerda yomon ko‘rish degan narsa yo‘q. — U shamolga qulog‘ini tutdi. — Ularning shaharlariga qarab fikr qiladigan bo‘lsak, ular yaxshi, chiroyli, dono odamlar bo‘lganlar. Ular o‘z taqdirlaridan rozi bo‘lganlar. Binobarin, nom-nishonsiz qirilib ketishlariga ham rozi bo‘lganlar, alam ustida oxirida hech qanday qirg‘inbarot urush ochishni xayollariga keltirmaganlar. O’z shaharlarini nest-nobud qilib o‘tirmaganlar. Biz shu paytgacha ko‘rgan barcha shaharlar to‘la-to‘kis saqlanib qolgan. O’ylashimcha, biz ularga o‘tloqda, maysazorda o‘ynab yurgan bolalarchalik ham xalaqit berayotganimiz yo‘q, — boladan nimani ham talab qilib bo‘lardi? Kim biladi deysiz, balki oxir-oqibatda bizni yaxshi tomonga o‘zgartirib yuborar. Biggs bizga mana bu ko‘ngilxushlikni tiqishtirguncha odamlarimizning odatdan tashqari xulq-atvorlariga hech e’tibor qildingizmi, Spender? Ular o‘zlarini qanchalik odobli, hattoki hadikli tutdilar! Bo‘lmasa-chi, bular bilan yuzma-yuz turib, shu narsani darhol fahmlaysanki, biz u qadar kuchli emasmiz. Biz bor-yo‘g‘i kalta ishton kiygan bolalarmiz, shovqintalab va qo‘nim topmas bolalar, ular o‘z raketachalari va atom qo‘g‘irchoqlari bilan o‘ynashdan boshqani bilmaydilar. Ammo qachondir Yer xuddi hozirgi Marsga o‘xshab qolgusidir. Binobarin, Mars bizni hushyor qilib qo‘yadi. Tamaddun tarixi bo‘yicha tayyor ko‘rgazmali qurol. Foydali saboq. Endi esa — boshingizni g‘oz tuting! Borib kayf-safo qilaylik. Ha. Jarima o‘z kuchida qoladi.

Biroq ko‘ngilxushlik tatimaydi. O’lik dengizdan qattiq shamol esa boshlaydi. U fazogirlar atrofida, kapitan va Jeff Spender atrofida uyur hosil qilar edi, ular sheriklari oldiga qaytib borishayotgan edi.

Shamol changni to‘zitar va charaqlagan raketani siypab o‘tar, akkordeonni chertar edi, chang almisoqdan qolgan sibizg‘ani qopladi. U kishilarning ko‘zlariga kirar va shamoldan havoda baland pardalarda allaqanday kuy sado berar edi. Birdan shamol qanday boshlangan bo‘lsa, shunday tindi.

Ammo ko‘ngilxushlik ham tingan edi.

Odamlar loqayd tim-qora osmon ostida harakatsiz qotib qoldilar.

— Qani yigitlar, bo‘linglar! — Top-toza, quruq kiyimda Biggs Spender qaramaslikka harakat qilib, raketadan sakrab chiqdi. Uning ovozini go‘yo hech kim eshitmagandek javobsiz qolaverdi. Go‘yo atrofda hech kim yo‘qdek. — Hammalaring bu yoqqa kelinglar!

Hech kim joyidan qimir etmadi.

— Hoy Uayti, sibizg‘ang qani?

Uayti qandaydir kuyni puflab chaldi. Sibizg‘adan soxta va beo‘xshov ovoz chiqdi. Uayti sibizg‘ani siltab, so‘lakni tushirdi-da, uni cho‘ntagiga joyladi.

— Bu qanaqasi, azaga kelganmisizlar? — tinib-tinchimasdi Biggs.

Kimdir akkordeonni mahkam quchoqlab olgan edi. U o‘layotgan jonivorga o‘xshab bo‘g‘iq ovoz chiqardi. Bor-yo‘g‘i shu.

— Bo‘pti, unda biz shisha bilan ikkalamiz ko‘ngilxushlik qilamiz. — Biggs raketaga suyanib o‘tirib oldi-da, cho‘ntak flyajkasini og‘ziga olib bordi.

Spender undan ko‘zini uzmasdi. Uzoq qimir etmay turdi. Keyin uning barmoqlari ohista, sekinlik bilan titrayotgan soni bo‘ylab yuqoriga o‘rladi, to‘pponchani paypasladi va charm g‘ilofni silay boshladi.

— Kim xohlasa, men bilan shaharga borishi mumkin, — e’lon qildi kapitan. — Raketa yonida qo‘riqchi qoldiramiz-da, qurol olib olamiz — har ehtimolga qarshi.

Xohlovchilar safga tizilishdi va tartib bilan o‘zlarini sanab chiqishdi. Safga kelib qo‘shilgan Biggs bilan ular o‘n to‘rtta bo‘lishdi, Biggs hamon xoxolab kular va shishani silkitar edi. Olti odam qoladigan bo‘ldi.

— Qani, ketdik! — bo‘kirdi Biggs.

Dasta indamay sutdek oydin vodiydan odimlab ketdi. Ular bir-birini quvib kelayotgan ikki oy nuridan charog‘on mudroq-o‘lik shahar chekkasiga kelishdi. Ularning oyoqlari ostidan cho‘zilgan soyalar qo‘shaloq edi. Bir necha daqiqagacha fazogirlar nafaslarini ichlariga yutib turdilar. Ana-mana bu hayotsiz shaharda nimadir qimirlashini, qandaydir xira ko‘lka paydo bo‘lishini, hosilsiz dengiz tubidan asl zoti noma’lum bo‘lgan otda zirh va sovutlarga burkangan keksa chavandoz arvohning ot qo‘yib kelishini kutar edilar.

Spenderning tasavvuri huvillagan shahar ko‘chalariga jon kiritmoqda edi. Xiyobonlardan, to‘s bosgan toshlardan odamlarning arvohlari moviy nur taratib yurib kelar, anglab bo‘lmas g‘udranishlar, g‘alati jonivorlar kulrang qizg‘ish qumda o‘qdek uchib chopar edilar. Har bir derazada kimdir turar va deraza rahidan egilgancha, xuddi abadiyat suviga g‘arq bo‘lgandek, asta qo‘lini uzatar, oyning kumush nurlariga cho‘milgan minora tagidagi tubsiz bo‘shliqda harakat qilayotgan qandaydir ko‘lankalarga qo‘l siltar edilar, uning yuragi qandaydir musiqa tovushini eshitgandek bo‘ldi va Spender bunday tovush beruvchi cholg‘u sozi qanaqaligini tasavvur qilishga urinib ko‘rdi… Shahar arvohlarga limmo-lim edi.

— Hoy, kim bor? — qichqirdi Biggs qaddini g‘oz tutib va kaftlarini og‘ziga karnay qilib. — Hoy, bu shaharda jon zoti bormi, ovoz bering!

— Biggs! — dedi kapitan. Biggs jim bo‘ldi.

Перейти на страницу:

Похожие книги