Читаем Allamjonov aybdor полностью

Biz – bolalar buvim bilan bitta xonada, yerga ko‘rpacha to‘shab uxlar edik. Buvim menga duo qilishni o‘rgatganlar. Har kuni uxlashdan oldin qiladigan duolari xotiramga qattiq o‘rnashib qolgan. Ma’nosini tushunmasdim-u, baribir qandaydir xotirjam bo‘lib qolardim. Keyin esa o‘z bilganimcha, derazaga, yulduzlarga qarab duo qilardim. Xudo eng yorug‘ yulduz tomonda, u meni aniq ko‘rib turibdi, menga yordam beryapti, yaqinda boy, mashhur va baxtli bo‘lib ketaman, deb qattiq ishonardim…

Lekin hozircha har kuni ertalab MTRK eshigida sarg‘ayib, kimdir meni o‘zi bilan olib kirib ketishini poylardim. Menga hatto ichkariga kirish uchun ruxsatnoma ham berilmagan, shuning uchun doim kimningdir etagiga osilib olardim. Sabrim chidamay, ichkariga qo‘ng‘iroq qilsam, «Davr»ning mas’ul kotibi Dilshod aka menga bobillab berardi: «Qo‘ng‘iroq qilaverma! Hammaning joniga tegib ketding! O‘shatta kutib o‘tir!» Mayli, umri uzoq bo‘lsin. Lekin shu gaplarni o‘qisin, bir paytlar meni hatto ruxsatnomagayam loyiq ko‘rmagan edi. Haligacha alam qiladi. Undanam yomoni, maosh beriladigan kuni «Davr»ning hamma xodimlari yetmish ming, yuz ming so‘mlab olib, cho‘ntagini to‘ldirib ketishar, menga esa bir yarim-ikki ming so‘m tegardi. Direktorimiz, agar iloji bo‘lganida, telestudiyaning tabarruk polini oyoqosti qilganim uchun yonimdan to‘lattirarmidi, deb o‘ylab qolaman.

Keyin meni FVV matbuot xizmatiga ishga chaqirishdi. Bu hayotimdagi birinchi haqiqiy omad edi. FVV binosi shaharning qoq markazida, hozirgi Senatning o‘rnida joylashgandi. Bu vazirlikka kirish ham xuddi MTRK binosiga kirishdek qiyin bo‘lgan. Ochig‘i, men «Davr»dan hecham ikkilanmay, jon deb ketdim. FVVdan guvohnoma, forma berishdi, bosh mutaxassis lavozimiga tayinlashdi. Qanchalik omadim kelganini xayolga ham keltirish qiyin – men o‘sha paytda o‘zboshimchalik bilan «zachyotka»ga baho qo‘yganim uchun institutdan haydalgandim.

MTRK apparat studiyasida «Soliq xizmati» ko‘rsatuvini yozib olish jarayoni.

Men o‘qimoqchi bo‘lgan O‘zMU jurnalistika fakultetiga kirish qiyin, konkurs katta edi. Kirishimga ko‘zim yetmadi, tinchgina San’at institutining rejissorlik fakultetiga hujjat topshira qoldim. Rejam oddiy edi – bir yil o‘qib, keyin jurfakka «perevod» qilaman. O‘qishga kirishdan ko‘ra ko‘chirish osonroq. Rektorning menga munosabati juda yaxshi edi, ammo ikkita fandan kuzga qoldim. Bittasini-ku, kursdoshim Dilmurod bilan amalladik – baho qo‘yib berishga domlani ko‘ndirdik. Buyam lekin oson bo‘lmadi, chunki xuddi shu odam meni deb dekan o‘rinbosari lavozimidan olib tashlangan va oddiy o‘qituvchi qilib qo‘yilgan edi. Men uning ichib yurishini rektorga chaqib berganman. Shunda ham domla menga yordam berdi. Sahna nutqi fanini esa «yopolmay» qol-dim. O‘qituvchi opaxon dam olishga ketibdi. Shu fandan baho olmasam, o‘qishni ko‘chirib bo‘lmas ekan.

Somsaxonada o‘rtog‘im bilan «zachyotka»larimizga birpas qarab o‘tirdik. Men somsadan bir tishlab, daftarchaga «uch» bahoni o‘xshatib chizdim. Somsaga qo‘shib insofniyam yevorganim yo‘q, «besh» emas, «uch» qo‘ydim, xolos. Keyin o‘rtog‘imga ham boplab chizib berdim. O‘zimizcha, bu ayolning ham bolalari bordir, bizni to‘g‘ri tushunsa kerak, taqdirimiz hal bo‘lyapti-ku, kelganida hammasini ochiq aytib beramiz, u bizni kechiradi, debmiz. Hujjatlarni topshirdik. Buyog‘iga buyruqni kutish qoldi.

Перейти на страницу:

Похожие книги