Psixiatrning yuz ifodasi asta-sekin o‘zgara boshladi. Pastki jag‘i osilib qoldi. Holsiz qo‘lidan to‘pponcha tushib ketdi. Nigohi bo‘m-bo‘sh, befarq boqardi. U qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib siltadi va xuddi ko‘r odamdek joyida bir aylandi. U dam-badam so‘lagini yutgancha o‘lik jismlarni paypaslar edi.
— Gallyutsinatsiyalar, — jazava ichida g‘udranardi u. — Ta’m. Ko‘lankalar. Hid. Tovush. Sezgi.
U ko‘zlarining paxtasini chiqarib, qo‘llarini siltar edi. Lablarida ko‘pik paydo bo‘ldi.
— Chiringlar! — bo‘kirdi mister Yyy, o‘liklarga murojaat qilgancha. — Chiri! — Qichqirdi u raketaga.
U o‘zining titroq qo‘llariga qaradi.
— Menga yuqdi, — shivirladi u g‘azab ichida. — Endi menga o‘tdi. Telepatiya, gipnoz. Endi men jinniman. Jinnilarning barcha alomatlari menda. — Bir soniya u tosh qotib qoldi, so‘ng karaxt barmoqlari bilan to‘pponchani qidira boshladi. — Birgina vosita qoldi. Ularni chirib, yo‘q bo‘lib ketishiga birgina usul kor qiladi, xolos.
O’q ovozi yangradi. Mister Yyy qulab tushdi.
Quyosh nurlari ostida to‘rtta jasad yotardi. Ularning yonginasida mister Yyy ham yotardi.
Quyosh nurlariga cho‘mgan tepalik ustida tumshug‘ini osmonga qadagancha hech qayoqqa g‘oyib bo‘lmay, raketa qaddini tik tutib turardi. Shaharliklar ufqdagi raketani uchratib, buning nima ekanligiga aqllari yetmay, rosa boshlari qotdi. Uning nima ekanligini hech kim bilolmadi. Raketani eskichiga sotib yuborishdi, u uni olib ketdi-da, maydalab pullab yubordi.
Tun bo‘yi yomg‘ir tinmadi. Ertasiga osmon charaqlagan va havo iliq edi.
Mart 2000
SOLIQ TO‘LOVCHI
U raketada Marsga uchib ketmoqchi edi. Erta bilan u kosmodromga keldi-da, tikonli sim devor ortida turib, “Men Marsga uchmoqchiman” deya mundirli odamlarga qarata qichqira boshladi. U soliqni bexato to‘lab keladi, familiyasi Prichard va u Marsga uchish uchun to‘la haqli. Axir u shu yerda, Ogayoda tug‘ilmaganmidi? Nahotki u yomon fuqaro bo‘lsa?! Unda o‘zi nima gap, nima uchun Marsga uchishi mumkin emas ekan? Mushtumlarini do‘laytirib, ularga qarab yerda ortiq qolishni istamayman, miyasi bor odam Yerdan qorasini o‘chirish orzusida yuradi, deya tinmay qichqirar edi. Ko‘pi bilan ikki yildan keyin yerda jahon atom urushi boshlanadi. Lekin u bu mudhish pallani kutib o‘tiradigan ahmoq emas. U va miyasi bor har qanday minglab odamlar Marsga uchib ketishni istayapti. Ishonmasalaring, ularning o‘zlaridan so‘ranglar! Urushlar va tsenzuradan, to‘rachilik va harbiy tobelikdan, hukumatdan nari bo‘lgan ming marta afzal, bular maxsus ruxsatnomasiz bir qadam ham qimirlagani qo‘ymaydi, bular fanni ham, san’atni ham oyoqlari ostida yanchib tashlashdi! Agar xohlasangiz yerda qolaverishingiz mumkin. U o‘ng qo‘lini, boshini, yuragini qurbon qilishga tayyor-u, faqat Marsga uchib ketsa bo‘lgani! Raketaga tushish uchun nima, qilish kerak, qaerga imzo chekish kerak, kim bilan tanish-bilish ortdirish kerak?
Tikonli sim ortidan javob o‘rniga mundirli odamlar kulib qo‘ydilar, xolos. Uning Marsga hecham uchib ketgisi yo‘q, der edi ular. Axir u Birinchi va Ikkinchi ekspeditsiyalar yo‘q bo‘lib ketishganini, yo‘qlik qa’riga mahv bo‘lganlarini, ularning barcha ishtirokchilari, ochig‘ini aytganda, o‘lib ketganlarini nahotki u bilmasa?!
— Lekin buni isbotlash kerak, buni hali hech kim aniq bilmaydi-ku, — deb qichqirardi u tikonli simga yopishgancha. Balki u yerda sut daryosi oqib, sharbat dengizi mavj urib turgandir, balki kapitan York va Uilyams qaytib kelishni o‘zlari xohlashmagandir. Xullas, gap shu — darvozani ochinglar-da, yaxshilikcha meni Uchinchi ekspeditsiyaga — raketaga qo‘yib yuboringlar yoki men o‘zim kuch bilan kirib olaymi?
Naryoqdagilar unga og‘zini yopishni maslahat berdilar.
U fazogirlarning raketa tomon borayotganlarini ko‘rdi.
— Meni kutib turinglar! Meni bu dahshatli dunyoda qoldirmanglar, men bu yerdan uchib ketishni istayman, tez orada atom urushi boshlanadi! Meni yerda qoldirmanglar!
Ular kuch bilan devordan nariga sudrab ketishdi. Ular politsiya mashinasi eshigini qarsillatib yopdilar-da, mana shu tonggi soatda uni olib ketishdi, u bo‘lsa, orqa darchaga mahkam yopishib oldida, mashina vahimali chinqirgancha tepalikdan oshib o‘tishidan bir lahza oldin qip-qizil alangani ko‘rdi va qudratli guvullashni eshitdi, miyasiga qattiq zarba kelib tushgandek bo‘ldi — bu uni mana shu fayzsiz tongda hech narsa bilan maftun etolmaydigan yer sayyorasida qoldirib, osmonga ko‘tarilgan kumushrang raketaning to‘lqini edi.
Aprel 2000
UCHINCHI EKSPEDISIYA