* * *Agar ko‘nglimni shod etsa o‘shal Sheroz jononi,Qaro xoliga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni.Sun, ey soqiy, maying oxirgacha — jannatda topmaysanBu Ruknobod qirg‘og‘idagi so‘lim Musalloni.Shu aldoqchi, qiziqchi, fitnachi sho‘xlar qo‘lidan dod,Ko‘nguldan eltdilar sabrim qilib turklarcha yag‘moni.Mening nuqsonli ishqimga uning husni emas muxtoj,Go‘zal yuz hech talab qilmas bo‘sq ham zebu oroni.Gapir cholg‘uchidan, maydan — jahon sirrini kam izla,Yecholmas hech kishi hikmat-la bu og‘ir muammoni.Men ul Yusufdagi cheksiz go‘zallikdan aniq bildim:Chiqormish ishq nomus pardasidan ul Zulayxoni.Yomon, deding, quvondim man, Xudo haqqi, so‘zing to‘g‘ri,Go‘zalroq ayladi achchiq so‘zing la’li shakarxoni.Nasihat tinglagil, jono, tuturlar jonu dildan do‘stAqlli, baxtli yoshlar hurmat aylab keksa dononi.G‘azal etding-u dur sochding, yoqimli kuyla, ey Hofiz,Falak nazmingga gavhardek nisor etsin Surayyoni.* * *Ayo soqiy, sunib joming, qil ehson yashnasin dillar,Ko‘rindi avval ishq oson-u, so‘ngra tushdi mushkillar.Sabo yechmoqchi bo‘lgan sochining xush bo‘yiga ontkim,Muanbar halqa-halqa sochidan qon bo‘ldi bu dillar.Botir sajjodani mayga agar piri mug‘on aytsa,Yo‘lovchiga erur ma’lum yo‘l ahvoli va manzillar.Menga yor uyida ishrat qurish imkoni yo‘q har dam,Qilurkan qo‘ng‘iroq faryodki, bog‘lang yukni g‘ofillar.Qorong‘idir kecha, qo‘rqinchli mavj, dahshatlidir girdob,Na bilgay holimizni chetda turgan yuki yengillar.Yomon ot birla fosh o‘ldi ishim oxir o‘jarlikdan,Nechuk yoshrin qolur sir so‘zlasa majlisda oqillar.Agar vasl istasang, undan yiroqqa ketma, ey Hofiz,Tilakni izla, qo‘y dunyoni, ber orzuga tabdillar.* * *Cholg‘uchi, aylagil navo yangi va yangi, xilma-xil,Izla sharobi dilkusho yangi va yangi, xilma-xil.Ko‘ngling ochuvchi yor ila, xilvat o‘tir nigor ila,Bo‘sa-la kom etib ravo, yangi va yangi, xilma-xil.Senga tilak bo‘lurmu rom, ko‘tarmasang qadah mudom,Yedi-la mayni ich raso yangi va yangi, xilma-xil.Nima qilsang, go‘zal pari, qilgusi men uchun bariRang ila o‘smavu hino yangi va yangi, xilma-xil.Tong yeli, essang har qachon gar o‘sha dilbarim tomon,Hofizning arzin et ado yangi va yangi, xilma-xil.* * *