Afsus! Ayol boshini chayqadi, hafsalasi pir bo‘lgandek bilinar-bilinmas yelkalarini uchirib qo‘ydi, oltinrang kiprikli ko‘zlarini asta berkitdi. Nikoh hattoki ilgaridan tanish bo‘lgan yosh yigit-qizlarni ham keksa qilib qo‘yadi…
Ayol o‘rindiqqa cho‘kdi, o‘rindiq bamisoli uning butun vujudini bag‘riga oldi. U asabiy qoshlarini chimirdi va ko‘zlarini yumdi. Ayol tush ko‘ra boshladi. Qoracha barmoqlari titrab ketdi, beixtiyor havoda o‘ynay boshladi. Lahza o‘tib, ayol o‘rindiqda cho‘chib qaddini rostladi va og‘ir-og‘ir nafas ola boshladi.
U xuddi birovni ko‘rmoqchi bo‘lgandek shosha-pisha xonaga razm solib chiqdi. Taajjub: ustunlar oralig‘i bo‘m-bo‘sh edi.
Uchburchak eshikda eri ko‘rindi.
— Sen meni chaqirdingmi? — g‘ijinib so‘radi eri.
— Yo‘q! — deyarli qichqirib javob berdi ayol.
— Menga xuddi qichqirgandek bo‘lib tuyulding.
— Rostdanmi? Men mizg‘ib tush ko‘rayotgan edim.
— Kunduziya? Senda ilgari hech bunaqa bo‘lmasdi-ku.
Ayolning ko‘zlaridan uning o‘zi ham tush ko‘rganidan taajjublangani shundoq ko‘rinib turardi.
— Qiziq, judayam qiziq, — g‘udrandi ayol. — Bu tush…
— Xo‘sh? — eri kitobga qaytib borishga toqatsizlanayotgan edi.
— Tushimga bir erkak kiribdiki…
— Erkak?
— Baland bir erkak. Bo‘yi olti fut bir dyuym1 keladi.
— Bu qanaqasi: butun boshli bir dev, alvasti-ku!
— Nimagadir, — ayol dona-dona qilib so‘zlay boshladi, — u alvastiga o‘xshamasdi. To‘g‘ri, bo‘yi juda baland edi. Uning — eh, bilaman, bu gaplar senga alahsirashga o‘xshaydi — uning ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi!
— Ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi, — takrorladi mister K. — Ey xudoyim, keyingi gal qanaqa tush ko‘rar ekansan-a?! Hali qop-qora sochli odam ham ko‘rdim dersan.
— Buni qanday bilding? — dedi ayol.
— Shunchaki to‘g‘ri kelgan rangni aytdim-qo‘ydim-da, — quruqqina javob berdi er.
— Ha, sochlari qop-qora! — qichqirib dedi ayol. — Badani esa oppoq. Judayam g‘alati odam!
Egnidagi kiyimlari ham g‘alati, u osmondan inib tushdi-da, men bilan muloyim gaplasha ketdi.
Ayol jilmaydi.
— Osmondan emish. Shu ham gap bo‘ldi-yu.
— U quyoshda charaqlab turgan ma’dan mashinada uchib keldi, — eslay boshladi missis K. U ko‘rganlarini ko‘z oldiga keltirish uchun ko‘zlarini yumdi. — Tushimga osmon kirdi. Shunda bir narsa yalt etdi. Xuddi havoga otilgan tangadek. Keyin u kattalasha boshladi. Kattalashib-kattalashib yerga ravon tushib keldi, — bu uzun kumushrang dumaloq kema, begona kema edi. So‘ng biqindagi eshik ochildi-da, undan baland bo‘yli bir erkak chiqib keldi.
— Ko‘proq ishlaganingda bunday ahmoqona tushlar ko‘rmas eding.
— Menga esa bu juda yoqdi, — javob berdi ayol o‘rindiqqa o‘zini tashlab. — Shunday narsalarni tasavvur qilaman deb hech xayolimga kelmagandi. Qop-qora sochlar, ko‘m-ko‘k ko‘zlar, oppoq badan!
Qanday ajoyib erkak, buning ustiga, juda chiroyli ham.
— Senga shunaqa tuyulgan.
— Voy ichi qora-ey. Men shunday bo‘lishini xohlaganmidim, pinakka ketganimda u o‘zi paydo bo‘lib qoldi. Hatto bu tushga ham o‘xshamaydi. Birdan kutilmaganda, g‘ayri oddiy bir tarzda… U menga qaradi-da: shunday dedi: “Men bu kemada uchinchi sayyoradan uchib keldim. Mening ismim Nataniel Yor…”
— Bema’ni ism, — e’tiroz bildirdi eri. — Bunaqa bo‘lishi mumkin emas.
— Albatta, bema’ni-da, axir bu tush edi-ku, — itoatkorona qo‘shildi ayol. — U yana: «Bu koinot orqali birinchi parvozimiz. Kemada biz ikki kishi edik, men va do‘stim Berg», — dedi.
— Bunisi undan ham bema’niroq ism ekan.
— U shunday dedi: «Biz yerdagi shahardan keldik, sayyoramizning nomi shunaqa», — davom etdi missis K. — Bu uning so‘zlari. Ha, shunday dedi — Yer. Keyin u bizning tilimizda gapirmadi. Lekin men bir amallab uni tushundim. Zehnim-da. Bu telepatiya, albatta.
Mister K. orqasiga o‘girilib, keta boshladi. Biroq xotinining ovozidan u yana to‘xtadi.
— Ill! — asta chaqirdi ayol. — Sen hech uchinchi sayyorada odam bor-yo‘qligi haqida o‘ylab ko‘rganmisan?
— Uchinchi sayyorada hayot bo‘lishi mumkin emas. — Bosiqlik bilan tushuntira boshladi eri. — Olimlarimiz shuni aniqlaganlarki, u yerda havoda kislorod haddan tashqari ko‘p. U yerda odamlar yashaganida qanday zo‘r bo‘lar edi-ya! Qanaqadir g‘alati kemalarda koinotda sayohat qila olishganda nur ustiga nur bo‘lardi.
— Menga qara, Ill, o‘zing yaxshi bilasan, men bunaqa safsatalarni jinimdan yomon ko‘raman.
Undan ko‘ra ishdan gapir.
Ayol yomg‘ir tomchilib turgan ustunlar oralig‘ida odimlab yurganida kech kirib qolgan edi. O’sha-o‘sha kuy, o‘sha-o‘sha ohang.
— Shu ham qo‘shiq bo‘ldi-yu. — Chidayolmay to‘ng‘illadi eri, olov stolga borar ekan.
— Bilmadim.
Ayol beixtiyor go‘sht bo‘laklarini qaynab turgan olovga tashladi.
— Bilmayman. — Ikkinchi lahzada go‘sht pishib tayyor bo‘lgan edi. Ayol uni olov ichidan oldi-da, likopchaga solib eriga tutdi. — Eh, balki bu ko‘nglimga o‘z-o‘zidan kelib qolgan safsatadan boshqa hech narsa emasdir, nimagaligini o‘zim ham bilmayman.
Eri boshqa hech nima demadi. Xotinining go‘shtni vishillab turgan olov halqobi ichiga qanday tashlayotganini tomosha qilib turardi. Quyosh ufq ortiga yashirindi.