Читаем Marsga hujum полностью

Xonaga asta-sekin tun kirib kela boshladi, u ustun va er-xotinni yamlagancha o‘zining tundek qora sharobi bilan xona shiftigacha limmo-lim to‘ldi. Faqat kumushrang olov ularning yuzlarini g‘ira-shira yoritib turardi.

Ayol yana g‘alati qo‘shiqni kuylay boshladi.

Er o‘rnidan sapchib turdi-da, g‘azab bilan eshik tomon yo‘naldi.

Bir ozdan so‘ng er kechlik ovqatni o‘zi tanovul qildi.

Stoldan turdi-da, kerishdi, xotiniga qaradi va esnab turib taklif kiritdi:

— Olov qushlarga minib shaharda bir chigilyozdi qilib kelmaymizmi?

— Jiddiy aytayapsanmi? — so‘radi xotin, — isitmang yo‘qmi?

— Buning nimasiga ajablanasan?

— Axir biz yarim yildan beri hech qayoqqa borganimiz yo‘q-ku?

— Bu ham chakki fikr emas.

O’zidan hayron bo‘lganicha ayol eriga qaradi. Ensasi qotib, qo‘lini og‘ziga olib bordi. Quyosh botmoqda edi. Atrofni qorong‘ilik qoplagan sayin xuddi ulkan gul kabi uy yopilib borar edi. Ustunlar oralig‘ida shabada esdi, olov stolda bir mittigina kumushrang olov ko‘lchasi qaynar edi. Shamol missis K.ning qizg‘ish sochlarini taragancha, uning qulog‘iga nimalaridir shivirlar edi. Oltinrang xira nigohini ufqqa, dengizning oqish-sarg‘ish yuziga tikkancha u jimgina turar edi. Shunda xotirasida qandaydir qo‘shiq satrlari jonlandi:

Nigohimda qadah sunarman,Ishqingga shul erur javobim,

— deya ayol past va mayin ovozda xirgoyi qila boshladi.

Lablarimdan may simir, jonim,O’zga maydan gapirma zinhor.

Missis K. takror xirgoyi qildi. Biroq endi so‘zlarsiz, ko‘zlarini yumib kuyladi, qo‘llari esa bamisoli havoda raqs tushar edi. Oxiri u jim bo‘lib qoldi.

Kuy chindan ham ajoyib edi.

— Bu qo‘shiqni endi eshitayapman. Sen o‘zing to‘qidingmi? — jiddiy ohangda so‘radi eri undan, sinovchan boqib.

— Yo‘q… Ha… To‘g‘risi, bilmayman! — Ayol sarosimada edi. — Men so‘zlarini ham bilmayman — allaqanday begona tildagi qo‘shiq edi.

— Qanaqa tilda?

— Bugun quyosh qayoqdan chiqdi?

— Kel endi, — qo‘l siltab dedi er. — Borasanmi-yo‘qmi, shuni ayt.

Ayol oqishtob cho‘lga razm soldi. Ikki oppoq oy ufq ortidan ko‘tarilib chiqdi. Muzdek suv oyoq panjalarini silar edi. Uning badani yengil jimirlab ketdi. Hammadan ham ayol shu yerda qolishni, churq etmay bir joyda jim o‘tirishni xohlar edi, u kuni bilan o‘ylagan narsasining, — sodir bo‘lishi lozim va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsaning amalga oshishini kutmoqda edi… Qo‘shiqning nafis ohangidan yuragi hapriqib ketdi.

— Men…

— Senga yaxshi bo‘ladi, — dedi eri. — Qani, ketdik.

— Men charchadim, — javob berdi xotini, — boshqa safar boramiz.

— Mana bu sharfing, — er unga shisha idishchani tutdi. — Necha oydirki, ikkalamiz hech yerga chiqqanimiz yo‘q.

— Sening haftasiga ikki martadan Ksi-Sitiga qilgan safarlaringni hisobga olmaganda, — dedi u eriga, undan ko‘zini olib qochgancha.

— Ish bor, — dedi eri.

— Ish bor, — shivirladi ayol.

Shisha idishchadan suyuqlik otilib chiqdi. Moviy zulmatga aylandi-da, ayolning bo‘yni atrofidan vishillab aylanib doira yasadi.

Tep-tekis, muzdek qum uzra, xuddi laqqa cho‘g‘dek charaqlab, olov qushlar muntazir edi.

Qushlarga ko‘plab yashil tasmalar bilan bog‘lab qo‘yilgan oppoq chodir tungi shamol epkinidan qappayib hilpirardi.

Illa chodir ostida yotardi, erining buyrug‘i bilan olov ufurgan qushlar tim qora osmonga ko‘tarildi.

Tasmalar taranglashdi, chodir havoda suzib borardi. Qumlar shuvullagancha pastga to‘kildi. Moviy tepaliklar ularning uyini yomg‘irli ustunlarni, qafasdagi gullarni, kuylovchi kitoblarni, yerdagi unsiz, irmoqlarni orqada qoldirgancha shundoq yonginalaridan bir-bir o‘tib borar edi. Ayol eriga qaramasdi.

Erining qushlarga qarab qichqirishlarini eshitib turardi. Qushlar esa tobora ko‘tarilib borar, shu parvozda ular bamisoli laqqa cho‘g‘lardek qip-qizil mushaklarga o‘xshab krinar edi.

Ayol pastda miltirab ko‘rinib turgan qadimgi o‘lik shaharlarga, xuddi suyakdan yasalgan shatranj donalari kabi uylarga qaramasdi, bo‘shliq va ermaklarga limmo-lim qadimgi anhorlar ham uning uchun bir pul edi. Bamisoli oy nuriday porloq mash’al kabi ular qurib qolgan daryolar va suvsiz ko‘llar ustidan uchib o‘tmoqda edilar.

Ayol faqat osmonga qarar edi.

Er nimadir dedi.

Ayolning ko‘zi osmonda.

— Nima deganini eshitdingmi?

— Nimani?

Er qattiq xo‘rsindi.

— Sal hushingni yig‘sang bo‘larmidi…

— O’yga cho‘mib qolibman.

— Tabiatga bunchalik shaydoligingni bilmas ekanman. Bugun ko‘zingni osmondan sira ololmayapsan.

— Osmon juda ham chiroyli.

— Bilasanmi, men nima haqda o‘yladim, — asta davom etdi er, — bugun Xallga telefon qilmaymizmi? Bir haftaga kelyapmiz deb aytamiz. Undan ko‘p emas. To‘g‘rim sizlarnikiga. Moviy tog‘larga borayapmiz, deymiz. Qalay, zo‘r fikrmi?

— Moviy tog‘larga! — Ayol bir qo‘li bilan chodir chekkasidan tutdi-da, eri tomon keskin o‘girildi.

— Bu taklif, xolos.

— Xo‘sh, qachon bormoqchisan? — asabiy so‘radi ayol.

— Yo‘q demasang, ertaga ertalaboq jo‘naymiz, — shoshib javob berdi er. — O’zing bilasan, qancha tez boshlasang, shuncha…

— Axir biz hech qachon bunday erta chiqib ketmagandik-ku?

Перейти на страницу:

Похожие книги