Читаем Marsga hujum полностью

— Nima gap, Lyustig?

— Kapitan… Yo‘q, siz anovi… Nimalarni ko‘rayapman-a!

Lyustigning yanoqlaridan yoshlar dumalay ketdi. Ko‘tarilgan qo‘llarining qabargan barmoqlari titrar, yuzida hayrat, quvonch, shubha aks etardi. Yana bir oz o‘tgach, sevinchdan o‘zini yo‘qotishi tayin edi.

O’sha nuqtaga qarab turar ekan, u to‘satdan chopib ketdi. Qoqilib tushdi-da, yerga yiqildi. Oyoqqa turib, yana chopib ketar ekan:

— Hoy, menga qaranglar! — deya qichqirdi.

— To‘xtating uni! — Kapitan uning orqasidan yugurdi.

Lyustig kuchining boricha chopar, qichqirar edi. Soyador ko‘chaning o‘rtasiga yetgach, u bir hovliga qarab burildi-da, bir sakrab tomida temir xo‘roz turgan katta yashil uyning ayvonchasida paydo bo‘ldi. Xinkston va kapitan Lyustigga yetib olganlarida, u qattiq qichqirgancha eshikni mushtlar edi. Uchalalari ham Marsning og‘ir havosidan sillalari qurib, og‘ir-og‘ir nafas olar, tomoqlari hushtak chalar edi.

— Buvi, bobo! — chaqirdi Lyustig.

Ostonada ikkita qariya paydo bo‘ldi.

— Devid! — qariyalar baravariga qichqirishdi. Ular o‘zlarini bir-birlarining bag‘rilariga otib, quchoqlasha ketdilar, yelkalarini silar edilar. — Devid, oh Devid, qancha yillar o‘tib ketdi-ya!.. Yosh bolagina eding. Devdek odam bo‘libsan. Devid, bolaginam, ahvollaring qalay?

— Buvi! Bobo! — piq-piq yig‘lar edi Devid.

— Sizlar shunday ajoyib ko‘rinasizlarki!

U qariyalarni o‘zidan nari surib, aylantirib, razm solar, o‘par, quchoqlar, yig‘lar va yana razm solardi, ko‘zlaridan oqayotgan yoshni sidirib tashlardi. Osmonda quyosh charaqlab turardi, shamol esib o‘tlarni tebratar, eshik esa lang ochiq edi.

— Qani, ichkariga kir, bolaginam. Senga yaxnagina choy muntazir turibdi. Ichib bir huzur qil!

— Mening do‘stlarim bor. — Lyustig orqasiga o‘girildi-da, kulgancha shosha-pisha kapitan va Xinkstonni qo‘li bilan imlab chaqirdi. — Kapitan, bu yoqqa kelinglar.

— Assalomu alaykum, — qarshi oldi ularni qariyalar. — Marhamat, marhamat, ichkariga marhamat. — Devidning do‘stlari bizning do‘stimiz. Tortinmanglar!

Ko‘hna uyning mehmonxonasi muzdek edi; bir burchakda tillarang, baland, almisoqdan qolgan soat bir maromda chiq-chiq qilardi. Keng kushetkalarda parqu yostiqlar, devor bo‘ylab kitoblar terilgan, shapaloq gulli gilam yerga to‘shalgan, qariyalar qo‘llarida muzdan terlagan yaxna choyli stakanlarni tutib turishar, bunday choyning bir qultimiyoq odamga jon kiritib yuborishi aniq edi.

— Iching, joningiz kiradi. — Buvining stakani uning chinni tishlariga tegib, yoqimli jingirlab ketdi.

— Bu yerda anchadan beri turibsizmi, buvi? — so‘radi Lyustig.

— O’lganimizdan beri, — kinoya bilan javob berdi ayol.

— Qachondan… beri? — Kapitan Blek stakanini stolga qo‘ydi.

— Ha-da, — bosh irg‘adi Lyustig. — Ularning o‘lganiga o‘ttiz yil bo‘ldi, axir.

— Sizlar esa, hech narsa bo‘lmagandek, beg‘am o‘tiribsizlar! — dedi kapitan.

— Bo‘ldi, taqsir! — kampir mug‘ambirona ko‘z qisib qo‘ydi. — Bunaqa ishlarning mag‘zini chaqishga siz kim bo‘libsiz? Bizlar esa shu yerning odamimiz. Bu ahvolda dunyoga kelding nima-yu, kelmading nima? Mana bu “Nima uchun” va “Nega?” degan savollar kimga kerak? Biz yana tirikmiz, tamom. Biz faqat shuni bilamiz, ortiqcha savol kimga kerak? Men sizga aytsam, — bu ikkinchi urinish. — Kampir sudrala-sudrala kapitanning oldiga bordi-da, o‘zining ingichka qoqshol qo‘lini cho‘zdi. — Ushlab ko‘ring.

Kapitan asta turtib ko‘rdi.

— Xo‘sh, haqiqiy qo‘lmikan?

Kapitan bosh irg‘adi.

— Sizga tag‘in nima kerak? — tantanavor so‘radi kampir. — Ortiqcha savolga ne hojat?

— Bilasizmi, — javob berdi kapitan, — biz Marsda shunaqa narsaga duch kelib qolamiz deb o‘ylamagan edik.

— Demak, duch kelibsiz. Men sizga aytsam, har bir sayyorada tangrining tazarru yo‘llari nechog‘li ko‘p ekanligi xayolingizga ham kelmaydi.

— Ie, unda bu Yer arshi a’lomi? — so‘radi Xinkston.

— Bo‘lmag‘ur gap, bu yerda ham o‘sha dunyo, faqat bizga ikkinchi urinish nasib etgan. Nima uchun? Bu haqda bizga bir og‘iz gap aytmagan. Axir Yerda ham bu yerda nima uchun paydo bo‘lib qolishimizni hech kim tushuntirib bermagandi-ku! Ho‘v, o‘sha Yerda. Biz uchib kelgan Yerda. Ungacha yana bitta Yer borligini biz tush ko‘rib o‘tiribmizmi?

— Yaxshi savol, — dedi kapitan.

Lyustigning chehrasida hamon shodiyona tabassum jilva qilib turardi.

— Jin ursin, sizlarni ko‘rib shunchalik suyunib ketayapmanki, asti qo‘yavering!

Kapitan stuldan turdi-da, beixtiyor soniga shapatiladi.

— Xo‘sh, endi boraylik. Mehmondorchilik uchun rahmat.

— Sizlar yana kelasizlar-ku? — taraddudlanishdi qariyalar. — Biz sizlarni kechki ovqatga kutayapmiz.

— Katta rahmat, kelishga harakat qilamiz. Ishimiz juda ham ko‘p. Odamlarim meni raketada kutib turishibdi… — va u ochiq eshikka sarosimali qaragancha jim bo‘lib qoldi.

Uzoq-uzoqlardan quyosh nurlari borliqni to‘ldirib turgan kenglikdan turli ovozlar, qichqiriqlar, do‘stona xitoblar quloqqa chalinardi.

— Bu nima? — so‘radi Xinkston.

— Hozir bilamiz-da. — Shunday deya kapitan Jon Blek eshik ortiga shamolday uchib o‘tdi-da, yam-yashil maysazordan Mars shaharchasi ko‘chasi tomonga yugurib ketdi.

Перейти на страницу:

Похожие книги