Читаем Marsga hujum полностью

Marsliklar. U past ovozda o‘zicha shu so‘zni bir necha bor takrorladi.

To‘satdan u qah-qah urib kulib yuborayozdi. Kutilmaganda miyasiga o‘taketgan bema’ni fikr kelib qoldi. Badanidan sovuq ter chiqib ketdi. He-yo‘q, bu bo‘lmag‘ur narsa, albatta. Hech ham bo‘lishi mumkin emas. Puch gap. Miyangdan chiqarib tashla bu gaplarni, g‘irt kulgili.

Baribir ham… Agar taxmin qilsang! Ha, Marsda faqat marsliklar yashashini taxmin qilsagina.

Ularning kemamiz yaqinlashib kelayotganini, uning ichida bizning o‘tirganimizni ko‘rishganini tasavvur qilsa… Yana deylik — shunchaki qiziq uchun — chaqirilgan mehmonlarni bosqinchilar sifatida yo‘q qilib yuborishga ahd qilishganini, buni ham juda ustamonlik bilan, chaqqonlik bilan, bizning xushyorligimizni bir pulga chiqarib, uddalashlarini tasavvur qilsa. Ko‘rdingizmi, atom quroli bilan qurollangan yerliklarga qarshi marsliklar qanaqa vositalarni ishga solishmaydi.

Buning javobi savolidan ham qiziq edi. Telepatiya, gipnoz, esdaliklar, tasavvurlar.

Faraz qilaylik, bu uylar hech ham haqiqiy emas, karavot ham haqiqiy emas, bular barchasi mening o‘z tasavvurlarim mahsullari, Mars telepatiyasi va gipnozi yordamida moddiylashtirilgan tasavvurlar, — xayol surishda davom etdi kapitan Jon Blek, — aslida uyda hamma narsa boshqacha, marsliklar didiga qarab tuzilgan, biroq mening orzularim va xohishlarimga qarab ish tutgan marsliklar shunday nayrang ishlatishganki, go‘yo men o‘z jonajon shahrimni, o‘z uyimni ko‘rib turgandekman. Agar odamning ko‘ngliga shubha urug‘ini sepib, uni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lsang, uning o‘z otasi va onasidan ham yaxshiroq ilmoqni topib bo‘lar ekanmi?

Hali mening ekipajimdan birontasi ham dunyoga kelmagan 1926 yildagi eski ko‘hna bir shaharcha!

Men 6 yoshda ekanligimda, darhaqiqat Garri Loder qo‘shiqlari yozilgan plastinkalar urf bo‘lgan edi, uylarda Maksfil Parrish suratlari osilib turardi, munchoqli pardalar bo‘lardi, “Ajoyib Ogayo” qo‘shig‘i aytilardi va XX asr boshlari me’morchilik binolari qad ko‘tarib turardi. Bordi-yu, marsliklar shahar haqidagi barcha tasavvurlarni mening shuurimdan sug‘urib olgan bo‘lsalar-chi? Axir aytadilar-ku, bolalik tasavvurlar hech qachon eskirmaydi, deb. Mening tasavvurlarim bilan shahar qurib, ular bu shaharni raketa ekipajining barcha a’zolari xotirasida yashovchi qarindosh-urug‘lari va yaqinlari bilan to‘ldirib qo‘yishgan!

Faraz qilaylik, qo‘shni xonada uxlab yotgan ikki odam hech ham mening otam va onam emaslar, marsliklar esa shunchalik zehndor bo‘lishadiki, meni gipnoz ortida har doim tutib turishga ularning tob-toqatlari chidamaydi, axir…

Mana bu duxovoy orkestr-chi! Qanday g‘aroyib, hayratomuz reja! Avval Lyustigning, orqasidan Xinkstonning boshini qotirib, keyin xaloyiqni haydab kelish; fazogirlar o‘n, yigirma yil avval o‘lgan otalarini, onalarini, xolalarini, qayliqlarini ko‘rganlarida ularning dunyodagi hamma narsani unutib yuborishlari, buyruqni unutib yuborishlari, kemadan otilib chiqib, uni tashlab ketishlari ajablanarli emasmi? Bu yerda nima tabiiyroq bo‘lishi mumkin? Bu yerda qanday shubhalar bo‘lishi mumkin?

Barchasi juda oddiy: kimki kavlashtira boshlasa, qarshisida tirilgan onasini ko‘rib, savollar bera boshlasa, — axir baxtdan lol, karaxt bo‘lib qolishi hech gap emas-da. Mana sizga natijasi: hammamiz turli uylarga tarqab ketdik, karavotlarda yotibmiz, qurollarimiz yo‘q, hech narsa bilan o‘zimizni himoya qilolmaymiz, raketa ham oydinda tashlandiq holda turibdi. Agar bizlarni bir-birimizdan ajratib bitta qo‘ymay qirib tashlashni o‘ylagan bo‘lsalar, marsliklarning bu riyokorona rejalarini tasavvurga keltirishning o‘ziyoq odamni har narsa qilib qo‘ymasmikan? Balki qoq yarim tunda men bilan yonma-yon yotgan mana bu akam birdan o‘zgarib qolsa, qiyofasi butun borlig‘i boshqacha shaklga kirsa va adovatli, qo‘rqinchli yovvoyi bir maxluqqa aylanib qolsa, bu uning marslik bo‘lib qolganini bildiradimi, axir bundan battarroq narsa bo‘lishi mumkinmi? Yotgan joyida men tomon burilib, qoq yuragimga pichoq sanchish uning uchun gap bo‘libdimi? Qolgan boshqa barcha uylardagi o‘n-o‘n beshta aka-uka va otalar ham ana shunday o‘zgarib, qo‘llariga pichoq olib hech narsadan tap tortmay uxlab yotgan yerliklarni ana shunday so‘yib tashlashsa…

Jon Blekning qo‘llari adyol ostida titrab ketdi. Uning eti junjikdi. To‘satdan bu haqiqatga aylandi-yu, uning vujudini dahshatli qo‘rquv qamradi.

U turib o‘tirdi-da, quloq sola boshladi. Atrofda tiq etgan tovush yo‘q. musiqa tingan. Shamol tindi.

Yonida akasi dong qotib uxlab yotibdi.

U ohista adyolni ustidan oldi. Sirg‘alib pastga tushdi va tovush chiqarmaygina eshik tomon yurdi.

Shu payt akasining ovozi qulog‘iga chalindi:

— Qayoqqa?

— Nima?

Akasining ovozi badanni teshib o‘tgudek bo‘ldi.

— Biron uzoqroq yoqqa bormoqchimisan?

— Suvga.

— Suvsaganing yo‘q.

— Suvsadim, nega suvsamas ekanman.

— Yo‘q, suvsaganing yo‘q.

Katta Jon Blek shiddat bilan yugurib ketdi. U qichqirdi. U ikki marta qichqirdi.

U eshikkacha yetolmadi.

Перейти на страницу:

Похожие книги