Fazogirlar gulxan atrofida depsinar edilar. Ular o‘n ikkita edilar, kim o‘rtog‘ining yelkasiga qo‘lini qo‘yib turar, kim kamarini to‘g‘rilar edi. Spender ularni jim kuzatib turardi. Ular norozi edilar, ular buyuk ishga hayotlarini garov qo‘ygan edilar. Endi ular bo‘kib ichishni, vadavang qo‘shiq aytishni, o‘zlarining qanchalik abjir yigitlar ekanini — kosmosni teshib o‘tib, raketani Marsga haydab kelganlarini bildirib qo‘yish uchun dunyoni boshlariga ko‘tarib shovqin solishni istar edilar. Marsga-ya!
Lekin hozircha hamma sukut saqlardi.
Kapitan past ovozda buyruq berdi. Fazogirlardan biri yugurib borib, raketadan konservalar olib keldi va ularni ochib, ortiqcha shovqin-suronsiz tarqatishdi. Asta-sekin odamlar gapga kirisha boshladi. Kapitan o‘tirdi va parvoz haqida qisqacha tushuntirish berdi. Ular hamma narsani bilar edilar, ammo hammasi orqada qolganini, ish muvaffaqiyatli nihoyasiga yetganini eshitish va idrok etish yoqimli edi. Qaytib ketish yo‘li haqida hech kim gapirishni istamasdi. Kimdir bu haqda og‘iz ochmoqchi ham bo‘ldi, ammo o‘sha zahoti uning unini o‘chirishdi. Oydinda qoshiqlar yalt-yult qilardi; taom g‘oyat mazali tuyulardi, musallas esa undan ham mazaliroq edi. Osmonda alanga yilt etdi va zum o‘tmay ularning qo‘nalg‘asidan sal nariga yordamchi raketa kelib qo‘ndi. Spender kichikkina lyuk ochilganini va undan Xeteuey, vrach va geolog tushganini ko‘rdi; — raketadagi joyni tejash maqsadida ekspeditsiyaning har bir ishtirokchisi ikkitadan mutaxassislikka ega edi. Xeteuey shoshmasdangina kapitanning oldiga keldi.
— Xo‘sh, u yerda nima gaplar? — so‘radi kapitan Uaylder.
Xeteuey yulduzlar yog‘dusida miltillayotgan uzoqdagi shaharlarga qaradi. So‘ng tomog‘iga kelib tiqilgan narsani yutdi-da, Uaylderga nigohini oldi:
— Hov anovi shahar o‘lik, kapitan, necha ming yillardan beri o‘lik. Tog‘lardagi uchta shahar kabi.
Lekin bu yerdan ikki yuz mil naridagi beshinchi shahar…
— Xo‘sh?
— O’tgan haftada u yerda odamlar yashar edilar.
Spender o‘rnidan turdi.
— Marsliklar, — qo‘shib qo‘ydi Xeteuey.
— Hozir ular qaerda?
— O’lgan, — dedi Xeteuey. — Men bir uyga kirgan edim. Bu ham shahardagi boshqa uylar kabi ko‘p asrlar muqaddam tashlab qo‘yilgan deb o‘yladim. Osmoniy kuchlar, u yerdagi murdalarning ko‘pligi! Xuddi kuzgi yaproqlardek taxlanib yotibdi! Xuddi quruq poyalardek va yongan qog‘oz bo‘laklaridek. Ulardan faqat shulargina qolgan, xolos. Ular yaqin-yaqindagina, uzog‘i bilan o‘n kun avval o‘lganlar.
— Boshqa shaharlarda-chi? Bitta-yarimta tirik jonni ko‘rgandirsiz, axir?
— Bitta ham ko‘rganim yo‘q. Shundan keyin men yana bir nechtasini tekshirib ko‘rdim. Beshtadan to‘rtta shahar ko‘p ming yillar avval tashlab qo‘yilgan. Ularning aholisi qaerga ketganini hech tasavvur qilolmayman. Har besh shahardan bittasida ahvol shu. Jasadlar. Minglab jasadlar.
— Nimadan o‘lganlar bular? — Spender yaqinroq keldi.
— Aytsam, ishonmaysiz.
— Ayting-chi, nima ekan?
— Suvchechak, — qisqagina javob berdi Xeteuey.
— Bo‘lishi mumkin emas!
— Xuddi shunday. Men tekshirdim. Suvchechak ekan. Uning ta’siri marsliklarga yerliklardan butunlay boshqacha ekan. Hamma gap moddalar almashinuvida ekan. Ular kuygan g‘o‘ladek qorayib qurib ketgan, mo‘rt laxtaklarga aylangan. Ammo bu suvchechak, bunga shubha bo‘lishi mumkin emas. Bundan shu narsa kelib chiqqadiki, York ham, kapitan Uilyams va kapitan Blek ham — har uchala sayyoh Marsgacha yetib borishgan. Keyin ularga nima bo‘lgani yolg‘iz xudoga ma’lum. Lekin biz shu narsani aniq bilamizki, ular marsliklarni shu ko‘yga solishgan.
— Hech joyda hayot alomati yo‘qmi?
— Ehtimol, bir qancha marsliklar vaqtida bir narsani anglab olganlar va toqqa chiqib ketganlar.
Ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham qasam ichib aytamanki, marsliklardan qo‘rqmasa ham bo‘ladi, ular haddan tashqari oz. Marsliklarning qo‘shig‘i aytib bo‘lingan.
Spender qayrildi-da, yana gulxan oldiga o‘tirib, olovga tikildi. Suvchechak emish, yo tavba, suvchechakka balo bormi! Sayyora aholisi million yillar davomida rivojlanadi, o‘z madaniyatini takomillashtiradi, mana bunaqa shaharlar quradi, go‘zallik haqida orzu va tasavvurlarini har qanday yo‘llar bilan ma’qullatishga urinadi va — oxirida halok bo‘ladi. Bir qismi eramizgacha o‘lib — ularning muddati tugagan va ular jimgina jon berishgan, o‘limni sharaf bilan kutib olishgan. Ammo boshqalar-chi! Ehtimol, qolgan marsliklar dahshatli biron-bir kasallikdan qirilib ketishgandir! Hecham bunaqa emas. Ularning boshiga suvchechak yetgan, bolalar kasalligi. Bu kasallik Yerda hatto bolalarni ham o‘ldirolmaydi! Bu to‘g‘ri emas, adolatdan emas. Bu qadimgi yunonlarning buqoqdan o‘lib ketgan, mag‘rur rimliklarning esa ajoyib tepaliklarda so‘gal qirg‘in keltirgan degan cho‘pchaklarga ishonish bilan baravardir!