Читаем Marsga hujum полностью

Ular tosh taxtalar yotqizilgan ko‘chalarga qadam bosishdi. Endi ular shivirlab gaplashishar edi, chunki ular go‘yo ochiq osmon ostidagi ulkan qiroatxonaga yoki bosh uzra yorqin yulduzlar-u, shabada esib turgan dahmaga kirib qolgandek his etmoqda edilar o‘zlarini. Kapitan ovozini ko‘tarmay gapirardi. U shahar aholisi qayoqqa ketganini, ular qanaqa odamlar bo‘lganini, ularga qanday qurollar hukmronlik qilganini, ular nimadan qirilib ketganini bilishni istardi. U past ovozda savollar berardi: ular bunday asriy shaharni qanday qurishdi ekan? Ular Yerda bo‘lishganmikan? O’n ming yillar muqaddam yerliklarga shular nasl qoldirganmikan? Ular ham bizdek sevib, yomon ko‘rishganmikan? Ular ham ahmoqlikka yo‘l qo‘yishganda bizdek holga tushishganmikan?

Ular tosh qotib qolishdi. Oylar bamisoli ularni sehrlab, muzlatib qo‘ygandek edi; yengil shamol ularni yelpir edi.

— Lord Bayron, — dedi Jeff Spender.

— Qanaqa Lord? — kapitan unga burildi.

Lord Bayron, shoir, XIX asrda yashagan. Juda ilgari u bir she’r yozgan edi. Bu she’r mana bu shaharga juda ham mos keladi va marsliklar his qilishlari kerak bo‘lgan tuyg‘ularni ifoda etar edi. Agar uni his qiladigan bitta-yarimta odam bu yerda qolgan bo‘lsa! Bunday she’rlarni so‘nggi marslik shoir yozishi mumkin edi.

Odamlar qimir etmay turishardi. Ularning soyalari ham qotib qolgan edi.

— Bu qanday she’r ekan? — so‘radi kapitan.

Spender og‘irligini ikkinchi oyog‘iga soldi, qo‘lini ko‘tardi, nimanidir eslagan bo‘ldi, bir lahza ko‘zini qisib turdi, keyin u past ovozda shoshmasdan she’rni o‘qishga tushdi, hamma undan ko‘z uzmay tinglay boshladi:

Tunlari kezmoqlik na hojat endi,Qalbimiz sevgiga limmo-lim — mana.Borliqni to‘ldirgan kumush oy nuri,Sevgi dostonidan so‘ylar rosmana.

Shahar kumushrang tusda, baland, unsiz. Odamlarning nigohi oyga qadaldi.

Qilich qayrar o‘zin pichoqqa,Yurak yormoq bo‘lar vujudni.Axir mangu olov qayda bor,Qalb baxsh etdi ishqqa bor-budni.Oy intilar Yer sari taqir,Azbaroyi sevgi zo‘ridan.Tunlari kezmoqlik na hojat endi,Oydinning yo‘q farqi qalbim qo‘ridan.

Yerliklar shahar markazida unsiz turar edilar. Tun osmoni ochiq va bulutsiz edi. Shamolning hushtagidan boshqa tiq etgan tovush yo‘q edi. Ularning ro‘parasida maydon yastanib yotardi. Koshin uzra qadimgi jonivorlar va odamlarning suratlari aks ettirilgan. Ular tik turgancha tomosha qilar edilar.

Biggs birdan o‘xchidi. Ko‘zlari xiralaщdi. Qo‘lini og‘ziga bosdi-da, vujudi titrab yutindi, ko‘zlarini qisdi, ikki bukilib qoldi, og‘ziga quyuq bir narsa to‘lib qayd qilib yubordi, qayd qilgan narsasi shalop etib koshin ustiga tushdi-da, suratlarni qoplab oldi. Bu hol ikki marta takrorlandi. Muzdek havoda achchiq musallas hidi anqidi. Hech kim Biggsga yordam bergani joyidan qimirlamadi. U hamon qayt qilardi.

Spender unga bir qarab qo‘ydi-da, orqasiga burilib, u yerdan ketdi. U bir o‘zi oy yoritib turgan shahar ko‘chalari bo‘ylab yurib borar va do‘stlariga qayrilib qaramaslik uchun hech joyda to‘xtamayotgan edi.

Ular tonggi soat to‘rtdagina uxlagani yotishdi. Adyolga cho‘zilishdi-da, ko‘zlarini yumishdi va bir maromda nafas ola boshlashdi. Kapitan Uaylder gulxan yonida o‘tirib, unga shox-shabbalar tashlar edi.

Ikki soat o‘tgach, Mak-Klyur ko‘zlarini ochdi.

— Uxlamayapsizmi, komandir?

— Spenderni kutayapman. — Kapitan zaifgina jilmaydi.

Mak-Klyur o‘ylab qoldi.

— Bilasizmi, komandir, nazarimda u kelmaydigandek. Nimagaligini o‘zim bilmayman-u, ammo ko‘nglim shuni sezib turibdi. U kelmaydi.

Mak-Klyur boshqa yonboshiga ag‘darildi. Olov chirsillab uchqun sachratdi-da, o‘chib qoldi.

Oradan bir hafta o‘tdi, Spenderdan esa dom-darak yo‘q edi. Kapitan uni qidirgani bir qancha dastalar yubordi, lekin ular qaytib kelishdi-da, qayoqqa g‘oyib bo‘lganiga aqlimiz yetmay qoldi, deb aytishdi. Hechqisi yo‘q, sayoqlanib yurib-yurib o‘z oyog‘i bilan qaytib keladi. O’zi sayoq va betayin bir odam edi. Ketsa ketib o‘lmaydimi.

Kapitan indamadi, biroq hammasini kema jurnaliga yozib qo‘ydi…

Bir kuni erta bilan — bu dushanba ham yoki seshanba ham, yoki Marsning boshqa har qanday kuni bo‘lishi mumkin edi — Biggs yuzini oftobga tutgancha va oyoqlarini muzdek suvda o‘ynatgancha kanal qirg‘og‘ida o‘tirardi.

Kanal bo‘yidan bir odam kelardi. Uning soyasi Biggsga tushdi. Biggs ko‘zlarini ochdi.

— O’, alhazar! — deb yubordi Biggs.

— Men seni o‘ldiraman.

— Qo‘ysang-chi bu ahmoqona hazilingni, Spender.

— O’rningdan tur, erkaklardek o‘l!

— Xudo haqqi, to‘pponchangni ol.

Перейти на страницу:

Похожие книги