Читаем Marsga hujum полностью

Yo‘l yoqalab tartib bilan terilgan eski rolikli konkilar, turli mayda-chuydalarga to‘la tugunchalar, yirtiq boshmoqlar, arava g‘ildiraklari, eski shim va paltolar, ilma-teshik shlyapalar, bir vaqtlar shamolda mayin jiringlagan billur idishchalar, qizil naqshli jez bankalar, mumdan yasalgan mevalar, konfederatsiya zamonidagi pullar solingan qutichalar, tog‘oralar, kir yuvish taxtachalari, kir dorlar, sovun, kimningdir uch oyoqli velosipedi, kimningdir tok qaychilari, qo‘g‘irchoq aravachasi, xunuk qo‘g‘irchoqli quticha, negrlar baptist cherkovining ola-bula oynasi, tormoz prokladkalari to‘plami, avtomobil kameralari, matraslar, kushetkalar, tebranma stullar, kremli bankachalar, ko‘zgular yotar edi. Ammo ular barchasi shoshma-shosharlikda apil-tapil tashlab ketilgan narsalar emas, balki avaylab, hafsala bilan, did bilan, go‘yo bu yerdan butun shahar ahli yurib o‘tgandek, changli yo‘l yoqasi bo‘ylab terib qo‘yilgan edi. To‘satdan ulug‘vor karnay ovozi yangradi, odamlar o‘z qo‘r-qutlarini shundoq tuproq ustiga qo‘ydilar-da, shartta moviy falak sari ko‘tarilib ketishdi.

— Nima bo‘lganda ham “Yoqishni istamaymiz” ekan-da! — Alam bilan qichqirdi Tis. — Men ularga yoqib yuboringlar degan edim, he yo‘q, be yo‘q shuncha masofadan ko‘tarib kelishibdi-da, shu yerga terib qo‘yishibdi — qaqir-ququrlarga oxirgi marta qarab to‘yib olishibdi, mana, mana ular, qarab tomosha qiling! Bu qorayaloqlar, xudo bilsin, o‘zlarini kim deb bilishadi.

U mashinani yeldirib ketdi. G’aramlarni ezib yanchgancha, quticha va oynalarni chil-chil qilgancha, stul-pstullarni majaqlagancha, qog‘ozlarni har tomonga to‘zitgancha kilometrma-kilometr olg‘a ketib borardi.

— Mana senga! Jin ursin… Yana! Mana senga!

Oldingi g‘ildiraklar ayanchli vishilladi, mashina qayrildi-da, yo‘l chetidagi ariqqa tushib ketdi. Tis peshonasini oynaga urib oldi.

— Obbo, itdan tarqaganlar-ey, — Semyuel Tis changlarini qoqa-qoqa g‘azabdan yig‘lab yuborgudek bo‘lib, mashinadan tushdi. U kimsasiz va unsiz yo‘lga qaradi.

— Endi biz ularni hech qachon quvib yetolmaymiz, hech qachon!

Ro‘parada yo‘l chekkasiga terib qo‘yilgan tugunlar va uyumlar qatorining oxiri ko‘rinmasdi, go‘yo, botib borayotgan quyoshning zarrin nurlari ostida, garmselda qolib ketgan qadimiy qadamjolardek.

Bir soatdan so‘ng holdan toygan Tis va bobo do‘konga qaytishdi. Erkaklar osmonga tikilgan va quloq solgancha hamon o‘sha yerda o‘tirishardi. Tis o‘tirib, oyog‘ini qisgan botinkalarini yecha boshlagan edi hamki, kimdir:

— Qaranglar! — deb yubordi.

— Padariga la’nat o‘shani! — bo‘kirdi Tis.

Ammo boshqalar o‘rinlaridan turib, o‘sha yoqqa qarashdi. Ular tubsiz osmon sari ko‘tarilib ketayotgan oltin urchiqlarni ko‘rishdi. Ortidan olov dumlar qoldirgancha urchiqlar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Paxtazorlarda shamol oppoq chanoqlarini erinib silaydi. Bog‘chalarda oftobda isingancha targ‘il yo‘lbars bolasiga o‘xshagan tarvuzlar dumalab yotadi.

Ayvondagi erkaklar o‘tirishdi. Bir-biriga qarashdi. Tokchalarda tartib bilan terib qo‘yilgan sariq arqonlarga, qutilardagi yaltiroq patron-gilzalariga, kumushrang to‘pponchalarga va shift ostida soyada jimgina osilib turgan cho‘zinchoq miltiqlarga qaradilar. Kimdir og‘ziga maysa tiqdi. Kimdir changda odam suratini chizdi.

Semyuel Tis tantanavor botinkasini aylantirib ichiga qaradi-da, dedi:

— Payqadilaringmi? U oxirgi damgacha meni “xo‘jayin” dedi, xudo haqqi!

<p>2004–2005</p><p>YANGI NOMLAR</p>

Ular yetib keldilar-da, hayratomuz moviy yerlarni egalladilar va ularga o‘z nomlarini qo‘ydilar.

Xinkston-Krik daryosi va Lyustig-Korners dalasi, Blek-River daryosi va Driskoll-Forest o‘rmoni, Peregrin-Mauntin tog‘i va Uayldertaun shahri paydo bo‘ldi — hammasi odamlar sharafiga va odamlar sodir etgan voqealar sharafiga qo‘yilgan nomlar edi. Marsliklar dastlabki yerliklarni o‘ldirgan joyda Rettaun shahri paydo bo‘ldi — bu nom qon bilan bog‘liq. Mana bu yerda esa ikkinchi ekspeditsiya halok bo‘lgan — nomi ham shundan kelib chiqqan. Ikkinchi urinish; fazogirlar qo‘nayotganda olovli snaryadlari bilan yerni to‘zitgan hamma joyda bir g‘aram shag‘aldek otlar, nomlar qolgan; o‘z-o‘zidan ma’lumki, Spender-Xill tog‘i va uzun Nataniel-York shahri nomini tashlab o‘tishning iloji bo‘lmagan…

Ko‘hna Mars nomlari suv, havo, tog‘larning nomlari bo‘lgan. Janubda erigan qorlarning nomlari qurigan dengizga borib quyuluvchi kanallarning tosh o‘zanlariga qarab oqqan. Xoki dahmalarda yotgan ko‘zboyloqchilarning nomlari, minora va yodgorliklarning nomlari. Raketalar marmarlarni tariqday tirqiratgan, ko‘hna shaharlar nomlari yozilgan chinni idishlarni chil-chil qilgan ko‘yi xuddi bolg‘alarga o‘xshab mana shu nomlar ustiga yopirilib tushgan va singan buyumlar g‘arami uzra yangi nom ko‘rsatkich taxtachalari qad ko‘tardi: Ayron-Taun, Stiltaun, Alyuminium-Siti, Elektr-Rik-Villedj, Korntaun, Greyn-Villa, Detroyt II — Yerdan kelgan tanish mexanik, ma’dan nomlari.

Перейти на страницу:

Похожие книги