— Ishonasizmi, messir… — deb Begemot samimiy ohangda gap boshlagan edi…
— Yo‘q, ishonmayman, — deb qisqagina javob bilan uning so‘zini bo‘ldi Voland.
— Ont ichib aytamanki, messir, kamina jonbozlik ko‘rsatib, hamin qadar ko‘proq narsani qutqarishga urindim, illo saqlab qolgan narsalarim mana shular xolos.
— Sen yaxshisi, menga ayt, qanday qilib o‘t ketdi Griboedovga? — so‘radi Voland.
Korovyov ham, Begemot ham «hayronmiz» degan ma’noda kiftlarini uchirib, ko‘zlarini ko‘kka tikishdi. Begemot esa yana chinqirib dedi:
— Aqlim bovar qilmaydi! Sho‘xlik qilmasdan, tinchgina, ovqatlanib o‘tirgan edik…
— Shu mahal birdan «paq, puq!» — deb gapni ilib ketdi Korovyov, — o‘q otila boshladi! Begemot ikkovimiz dahshatdan esimiz og‘ib qolib, xiyobon tomon yugurdik, orqamizdan quva boshlashdi, biz Timiryazev tomonga o‘zimizni urdik!
— Lekin burchga sadoqatlilik tuyg‘usi, — deb gapga aralashdi Begemot, — sharmandalarcha qo‘rquvdan ustun chiqdi-yu, biz yana qaytib bordik!
— E, shunaqami hali? — dedi Voland, — shundan keyin bino yonib kul bo‘lgan, albatta.
— Ha, kul bo‘ldi! — ma’yus ohangda ta’kidladi Korovyov, — ya’ni, messir, siz g‘oyat aniq ifoda etdingiz — kuyib kul bo‘ldi. Kuyik g‘o‘lalar qoldi, xolos!
— Men, — deb hikoyasini davom ettirdi Begemot, — majlislar zaliga otildim — ustunlari serob zalga, messir, biron-bir qimmatbaho buyumni qutqarib qolish maqsadida. O, messir, mening xotinim, agar men uylangan bo‘lganimda, bir emas, yigirma marta beva qolish xavfiga duchor bo‘lardi! Lekin, yaxshiyamki, messir, bo‘ydoqman, sizga ochig‘ini aytsam — g‘oyat baxtiyorman xotinim yo‘qligidan. O, messir, qaysi ahmoq bo‘ydoqlik erkidan voz kechib, boshini mash’um oilaviy bo‘yinturuqqa tiqadi-a?
— Bas qil safsatani! — dedi Voland.
— Bosh ustiga, davom etaman, — deb javob qildi mushuk, — darvoqe, mana surat. Boshqa hech narsa olib bo‘lmadi zaldan, alanga to‘g‘ri yuzimga urildi. Shundai keyin omborxonaga yugurdim, u yerdan manavi syomga balig‘ini olib chikdim. Oshxonaga otilib kirib, bu xalatni o‘tdan sakdab qoldim. Nazarimda, men, messir, qo‘limda kelgan hamma ishni qildim, ammo chehrangizdagi shubha alomatlarining sababi nima, tushunmayapman.
— Korovyov nima qildi, sen kafando‘zlik bilan ovora bo‘lgai paytingda? — deb so‘radi Voland.
— Men o‘t o‘chiruvchilarga ko‘maklashdim, messir, — javob qildi Korovyov shimining yirtig‘ini ko‘rsatib.
— Shunaqa degin, unday bo‘lsa, albatta yangi bino qurish lozim bo‘ladi.
— Bino quriladi, messir, — dedi Korovyov, — gapimga ishonavering.
— Hay, durust, unda yangi bino eskisidan yaxshiroq bo‘ladi deb umid qilaman, xolos, — dedi Voland.
— Aytganingizdek bo‘ladi, messir, — dedi Korovyov.
— Gapimga ishonavering, — deb ilova qildi mushuk, — kamina uchchiga chiqqan payg‘ambarman.
— Har qalay, istiqbolingizga qaytib keldik, messir, — dedi Korovyov, — farmoyishingizga muntazirmiz.
Voland kursidan turib, panjara oldiga bordi va o‘z mulozimlariga orqa o‘girgancha uzoq vaqt sukutga tolib, olis-olislarga tikilib turdi. So‘ng u panjaradan uzoqlashib, yana kursiga borib o‘tirdi-da, shunday dedi:
— Hech qanday farmoyish bo‘lmaydi — sizlar hamma vazifani, baholi qudrat bajardingiz, hozircha boshqa hech qanday xizmat yo‘q sizga. Dam olishingiz mumkin. Hozir momaqaldiroq boshlanadi, bu oxirgi momaqaldiroq yakunlanishi zarur bo‘lgan hamma narsaga yakun yasaydi-yu, biz yo‘lga ravona bo‘lamiz.
— Juda soz, messir, — deyishdi ikki masxaraboz va ayvon o‘rtasidagi doirasimon minora orqasiga o‘tib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
Voland tilga olgan momaqaldiroq bulutlari bu payt ufkda to‘plana boshlagan edi. G‘arbdan qora bulut ko‘tarilib, quyoshning yarim betini to‘sdi. So‘ng uni butunlay burkab oldi. Ayvonda salqin shabada esdi. Yana xiyol vaqt o‘tishi bilan hammayoqni zulmat qopladi.
G‘arbdan bosib kelgan bu zulmat ulkan shaharni butkul burkab oldi. Ko‘priklar, qasrlar g‘oyib bo‘ldi. Hamma narsa, go‘yo hech qachon yorug jahonda bo‘lmagandek, ko‘zdan yo‘qoldi. Osmonning u chekkasidan-bu chekkasigacha o‘tli chiziq kesib o‘tdi. So‘ng shahar qandaydir zarbadan larzaga keldi. Zarba yana takrorlanib, momaqaldiroq boshlanadi. Voland bu zulmat qo‘ynida ko‘rinuvchanligini yo‘qotdi.
O‘ttizinchi bob
RIHLAT PAYTI KYELDI!
— Bilasanmi, — derdi Margarita, — kecha kechasi sen uxlab yotganingda men O‘rtaer dengizi tomonidan kelgan zulmat haqida o‘qib o‘tirdim… keyin o‘sha ma’budlar, oltin ma’budlar to‘g‘risida ham. Negadir ular meni mudom tashvishga solmokda. Nazarimda, hozir ham yomg‘ir yog‘adiganga o‘xshaydi. Salqin tushyapti, sezyapsanmi?
Usta papiros chekib, tutunini kafti bilan yelpib o‘tirarkan, javob qildi:
— Bular-ku hammasi yaxshi, ma’budlar ham yaxshi, havolasi xudoga ularning, lekin bundan bu yog‘iga nima bo‘ladi — hech aqlim bovar qilmayapti.