Ko‘zoynakning qalin shishalari kapitanga qadaldi.
— Axir o‘zingiz aytmadingizmi, Yerdan keldik deb? Shunday ekan, bunga imzo cheking, vassalom.
Kapitan imzo chekdi.
— Komanda ham imzo chekishi kerakmi?
Mister Iii unga qaradi, qolgan uchalasiga ham qaradi va masxaraomuz qah-qah urib kulib yubordi.
— Bular ham imzo chekishi kerakmi?! Vah-hah-ha! Ey, qoyil-ey! Ular… ular… — uning ko‘zlaridan yosh oqa ketdi. U tizzasiga shap etib urdi-da, kulgidan ikki bukilib qoldi. U og‘zini karrakdek ochib kular edi. U stolga yopishib oldi. — Ular ham imzo cheksin emish!..
Fazogirlar xo‘mrayishdi.
— Buning nima kuladigan joyi bor ekan?
— Ular ham imzo cheksin emish! — Azbaroyi ko‘p kulganidan charchab, uh tortib dedi mister Iii. — Tag‘in kulgili emasmish! Men bularni albatta mister Yyyga aytaman! — u kulgidan o‘zini to‘xtatolmay, imzo chekilgan ish qog‘ozlariga ko‘z yugurtirdi. — Hammasi joyidaga o‘xshaydi. — U bosh irg‘ab qo‘ydi. — Axir oxir-oqibatda zarur bo‘lib qolsa, hatto evtaniziyaga ham rozi ular. — U yana uzoq hingirlab kuldi.
— Nimaga rozi!
— Bo‘pti, qo‘yavering, mening sizga asragan bir narsam bor. Mana. Manavi kalitni oling.
Kapitanning yuzi kunday yorishib ketdi.
— O, bu qanday buyuk sharaf!
— Bu shahar kaliti emas, to‘nka! — to‘ng‘illadi mister Iii.
— Uyning kaliti. Yo‘lakdan to‘g‘ri boringlar-da, katta eshikni oching, ichkariga kiring-da, uni zichlab yopib qo‘ying. O’sha yerda tunashingiz mumkin. Ertalab esa men huzuringizga mister Yyyni yuboraman.
Kapitan jur’atsizgina kalitni oldi. U boshini xam qilib turardi. O’rtoqlari joyidan qilt etmasdi. Go‘yo badanlaridagi hamma qon so‘rib olingandek, ular tamoman holdan toygan edilar.
— Xo‘sh, tag‘in nima? Nima gap o‘zi? — so‘radi mister Iii. — Nimani kutayapsiz? Nima xohlaysiz? — U kapitanga yaqinroq bordi-da, boshini egib pastdan uning yuziga qaradi. — Gapiring, axir!
— Siz hatto… — deb gap boshladi kapitan. — Yana aytmoqchimanki… o‘ylashga ham… — u chaynaldi. — Biz qattiq mehnat qildik, uzoq yo‘l bosib keldik, balki, haligi, nima edi, qo‘limizni siqarsiz va… hech bo‘lmaganda “barakalla!” dersiz… — U jim bo‘lib qoldi.
Mister Iii istamaygina unga qo‘lini tutdi.
— Tabriklayman! — Uning lablarida sovuq tabassum jilvalandi. — Tabriklayman. — U orqa o‘girdi.
— Endi men boray. Kalitni esingizdan chiqarmang.
Shunday deya u go‘yo mehmonlar havoda erib ketgandek, ularga ortiq e’tibor ham qilmay, mister Iii xona bo‘ylab yurar ekan, ixchamgina portfeliga qandaydir qog‘ozlarni tiqdi. Bu nari borsa besh daqiqacha davom etdi va bu vaqt ichida u biror marta ham qovog‘ini uyib turgan to‘rttala mehmonga churq etib og‘iz ochmadi. Mehmonlar esa boshlarini eggancha horg‘in ko‘zlarini yerga tikib, burunlaridan tortsa yiqilgudek bir holda zo‘rg‘a oyoqda turishardi.
Chiqib keta turib, mister Iii tirnoqlariga sinchkovlik bilan razm soldi.
Kechqurungi g‘ira-shiralikda yo‘lak bo‘ylab ketib borishardi. Ular katta yaltillagan kumushrang eshik oldida to‘xtashdi va kumush kalit bilan uni ochishdi. Ichkariga kirib eshikni zichlab yopishdi-da, atrofga razm solib qarashdi.
Ular keng, charog‘on zalda turishardi. Erkaklar va ayollar stollarda o‘tirishar, to‘p-to‘p bo‘lib turishar, suhbatlashishar edi. Qulfning shiqirlaganini eshitib, ular qayrilib qarashdi va maxsus libos kiygan to‘rttala odamga tikilib qolishdi.
Marsliklardan bittasi ular oldiga borib ta’zim qildi.
— Men mister Uuuman, — tanishtirdi u o‘zini.
— Men esa Nyu-Yorkdan, Yerdan kelgan kapitan Jonatan Uilyamsman, — javob berdi kapitan pinagini ham buzmay.
Birdan zalda gulduros qarsaklar yangradi.
Qiyqiriq va hayqiriqlardan shift larzaga keldi. Qo‘llarini silkitgan, hayqirib qichqirgan, stollarni ag‘dar-to‘ntar qilgan, bir-birini turtgancha marsliklar zalning barcha tomonidan o‘zlarini yerliklar tomon otishdi, ularni mahkam quchoqlab to‘rttalasini ham qo‘llariga ko‘tarib olishdi. Olti marta ular mehmonlarni yelkalarida ko‘tarib butun zalni aylanib chiqishdi. Olti marta yugurib faxriy doira yasashdi, ular to‘xtovsiz sakrar, irg‘ishlar, raqs tushar, baland ovozda qo‘shiq aytar edilar. Yerliklar shu qadar hang-mang bo‘lib qolishdiki, butun bir daqiqa davomida ularni ko‘tarib turgan yelkalar uzra minib yurishdi, shundan keyingina o‘zlariga kelib, kula boshlashdi va bir-birlariga qarab:
— Ana, xolos, mana bu boshqa gap! — deya qichqira boshlashdi.
— Zo‘r! Allaqachon shunday qilish kerak edi! E-ha, u-ha-ha, voh-voh!
Ular tantanali suratda bir-birlarigi im qoqar, kaftlarini bir-birlariga urib qattiq-qattiq chapak chalar edilar.
— E-he!!!
— Urra! — hayqirardi olomon. Marsliklar yerlikni stol ustiga qo‘yishdi. Qiyqiriqlar tindi, kapitan sal bo‘lmasa ho‘ngrab yuborayozdi.
— Rahmat sizlarga, katta, rahmat. Bu ish zo‘r bo‘ldi…
— O’zingiz haqingizda so‘zlab bering, — taklif qildi mister Uuu.
Xaloyiq hayajon ichida oh va uh deb xo‘rsinar edi. Kapitan o‘z o‘rtoqlarini bir-bir tanishtirib chiqdi.
Ularning har biri qisqa-qisqa nutq irod qildi, har birining nutqi guldiros qarsaklar va hayqiriqlar bilan bo‘linib turdi.
Mister Uuu kapitanning yelkasiga shapatilab qo‘ydi.