Читаем Marsga hujum полностью

— Biz tufayli biror kor-hol ro‘y bermadimikan? — dedi komandir mehmonxona eshigi yoniga yaqinlasharkan va o‘sha tomonga qaradi.

Missis Ttt gullariga suv quyib xona o‘rtasida turardi.

— Men bo‘lsam bunaqasini unutib yuborganman deb yuribman… — dedi ayol kapitanni ko‘rib. U oshxonaga chiqdi. — Kechirasiz. — Ayol unga bir parcha qog‘ozni uzatdi. — Mister Ttt juda band. — U o‘zining idish-tovoqlariga o‘girildi. — Baribir sizga u emas, balki Mister Aaa kerakdir. Mana bu qog‘ozni olib, moviy anhor yonidagi qo‘shni qo‘rg‘onga boring-da, u yerda mister Aaa siz bilmoqchi bo‘lgan hamma narsani aytib beradi.

— Biz hech narsani bilishimiz kerak emas, — e’tiroz bildirdi komandir do‘rdoq lablarini shishirib. — Busiz ham biz hamma narsani bilamiz.

— Qog‘ozni oldingiz, sizga tag‘in nima kerak? — keskin ohangda so‘radi ayol. Ular ayoldan shundan boshqa narsa ola olmas edilar.

— Bo‘pti, — dedi komandir. Uning hamon ketgisi yo‘q edi. U go‘yo bir narsani kutayotgandek joyidan qimir etmasdi. Xuddi yangi yil archasini tomosha qilayotgan go‘dakdek angrayib qarab turardi. — Bo‘pti, — takrorladi u. — Qani ketdik yigitlar.

Shunday qilib to‘rtovlon yerlik uydan chiqishdi-da, diqqinafas jimjit yoz kuni qo‘yniga sho‘ng‘ib ketishdi.

Yarim soatdan keyin o‘zining kutubxonasida savlat to‘kib o‘tirgan mister Aaa temir piyolasidan elektr alangasini ho‘plagancha tosh terilgan yo‘lakdan ovozlar kelayotganini eshitdi. U gavdasini derazadan chiqarib, bir xil kiyingan to‘rttala odamga ko‘zlarini qisib qaray boshladi.

— Mister Aaa sizmisiz? — so‘rashdi ular.

— Men.

— Bizni sizga mister Ttt yubordi, — qichqirdi komandir.

— Nima sababdan? — so‘radi Aaa.

— U band ekan!

— Hm, bilasizmi, bu… — g‘ijinib dedi mister Aaa. — Allaqaerdagi bekorchixo‘jalarning ko‘ngillarini olishdan mening boshqa tashvishim yo‘q deb o‘yladimikan?

— Hozir buning ahamiyati yo‘q, ser! — qichqirdi komandir.

— Menga esa ahamiyati bor. Bir dunyo kitob yig‘ilib qolgan, ularni o‘qib chiqishim kerak. Mister Ttt hech kim bilan hisoblashmay qo‘ygan. U menga birinchi marta bunday surbetlarcha muomala qilayotgani yo‘q. Iltimos, qo‘lingizni silkitmang, janob! Meni tinch qo‘ying! Siz bularni e’tiborga olmasangiz bo‘lmaydi. Men gapirayotganimda odamlar quloq solishiga o‘rganib qolganman. Iltimos, gapimni oxirigacha eshiting! Aks holda men siz bilan umuman gaplashmayman.

To‘rttala kishi pastda og‘izlarini ochgancha sarosima ichida depsinar edilar. Kapitanning peshonasidagi tomirlar bo‘rtib chiqdi. Hatto ko‘zlarida yosh yiltilladi.

— Ana shunaqa, — nasihat qilishda davom etdi mister Aaa. — Xo‘sh, o‘ylab qarang-a, mister Tttning meni shunday pisand qilmasligi yaxshi ishmi?

To‘rttala kelgindi jazirama kuni hovuri orasidan unga hayrat bilan qarab turardi. Kapitanning toqati toq bo‘ldi:

— Biz Yerdan uchib keldik!

— Menimcha, u juda ham odobsizlikni haddidan oshirib yubordi, — ming‘irladi mister Aaa.

— Samoviy kema. Biz raketada uchib keldik. Ana u!

— Koshki u birinchi marta menga nisbatan shunday nopisandlik qilayotgan bo‘lsa?

— Tushunayapsizmi — Yerdan!

— U mendan ko‘radi hali, men unga qo‘ng‘iroq qilaman-da, boplab tuzlayman, ha, ha!

— Biz to‘rttamiz — men va mana bu uchalasi. Kemam ekipaji.

— Mana hozir trubkani olaman-u, qo‘ng‘iroq qilaman.

— Yer. Raketa. Odamlar. Parvoz. Samo.

— Qo‘ng‘iroq qilaman-da, boplab ta’zirini beraman. — Qichqirdi mister Aaa va xuddi teatrdagi qo‘g‘irchoqdek derazadan g‘oyib bo‘ldi.

Qandaydir noma’lum apparatda ikki kishining qattiq aytishayotgani baralla eshitilib turardi. Kapitan va uning komandasi o‘zlarining nafis sarvqomat va jonajon raketalariga mungli qaragancha hovlida tik turishardi.

Mister Aaa derazadan gavdasini chiqarib, tantanavor e’lon qildi:

— Men uni duelga chaqirdim. Vijdonim haqqi. Eshitdingizmi, duelga.

— Mister Aaa, — bosiqlik bilan gap boshladi kapitan.

— Shartta otib tashlayman, mana meni aytdi dersiz!

— Mister Aaa, iltimos, gapimga quloq soling. Biz oltmish million millik yo‘lni bosib kelayapmiz.

Mister Aaa birinchi marta kapitanga e’tibor qildi.

— Shoshmang, nima dedingiz? Ie, qaerdan keldik dedingiz?

Kapitan oppoq tishlarini ko‘rsatib jilmaydi. U o‘zicha shivirladi:

— Hayriyat-ey, endi o‘ziga keldi! — so‘ng baland ovozda dedi: — Oltmish million millik naridagi Yer sayyorasidan keldik!

Mister Aaa esnadi.

Yilning shu faslida — zo‘rg‘a ellik million, undan ortiq emas. U qo‘liga qandaydir dahshatli qurolni oldi.

— Bo‘pti, men ketdim. Mana bu ahmoqona xatingizni oling. Bilmadim, bu xat sizga nima karomat ko‘rsatadi, keyin anovi tepalikdan shaharchaga o‘tib boring. U Iopr deb ataladi. U yerda dardingizni mister Iiiga aytasiz. U aynan sizga kerak odam. Sizga anovi mister Tttning keragi yo‘q edi. Tomi ketgan, uni narigi dunyoga, albatta, jo‘natmay qo‘ymayman. Lekin buni men qilmayman. Bu mening vazifamga kirmaydi.

— Vazifa, vazifa! — ermak qilib dedi komandir. — Yerdan kelgan odamlarni qabul qilish kerak bo‘lganda allaqanday vazifaga balo bormi?

— Bunaqa bema’ni gaplaringizni qo‘ying! Buni hamma biladi. — Mister Aaa zinadan pastga qarab chopdi. Yaxshi qoling!

Перейти на страницу:

Похожие книги