— Siz marsliksiz! — kelgan kishi kuldi, — bu so‘z sizga, albatta, notanish. Bizda, yerliklarda, shunaqa deyishadi. — U hamrohlariga boshi bilan imlab, ishora qildi. — Biz Yerdan keldik. Men kapitan Uilyams. Biz bir soatgina oldin Marsga kelib qo‘ndik. Biz kelib qo‘ngan ikkinchi ekspeditsiyamiz! Bizgacha Birinchi ekspeditsiya kelgan edi, ammo ularning taqdiri bizga ayon emas.
Nima bo‘lganda ham biz yetib keldik. Siz esa biz uchratgan birinchi marslik bo‘lasiz.
— Marslik? — ayolning qoshlari kerildi.
— Sizga Quyoshdan to‘rtinchi Sayyorada yashayotganingizni aytmoqchiman! Shu aniqmi?
— Oddiy haqiqat, — ularga razm solgancha burnini jiyirib dedi ayol.
— Biz esa, — kishi o‘zining do‘mboq qizg‘ish qo‘lini ko‘ksiga bosdi, — Yerdan keldik. To‘g‘rimi, yigitlar?
— Xuddi shunday, kapitan, — baravariga javob berdi hamrohlar.
— Bu Tirr sayyorasi bo‘ladi, — dedi ayol, — agar uning haqiqiy nomini bilmoqchi bo‘lsangiz.
— Tirr, Tirr, — kapitan horg‘in kulib qo‘ydi. — G’alati nom ekan! Ammo, ayting-chi, muhtarama xonim, Sizning ingliz tilida bunday burro gapirishingizni qanday tushunsa bo‘ladi?
— Men gapirmayapman, — javob berdi ayol, — men o‘ylayapman. Telepatiya. Yaxshi boringlar! — shunday deya u eshikni qarsillatib yopdi.
Hayal o‘tmay, bu qo‘rqinchli odam yana eshikni taqillata boshladi.
Ayol eshikni ochdi.
— Tag‘in nima kerak? — so‘radi u.
Kishi o‘sha joyda turar va jilmayishga harakat qilardi, ammo undagi avvalgi dadillik ko‘rinmasdi. U ayolga qo‘lini uzatdi.
— Nazarimda, siz meni yaxshi tushunmadingiz…
— Nimani? — shartta dedi ayol.
Erkak hayratdan ko‘zlarini katta-katta ochdi.
— Biz yerdan uchib keldik!
— Vaqtim yo‘q, — dedi ayol. — Ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi — tushlik, uyni yig‘ishtirish, tikish, ming xil mayda-chuyda ishlar… Sizga, ehtimol, mister Ttt kerakdir. U tepada o‘zining xonasida o‘tiribdi.
— Ha, ha, — bir narsani anglagandek ko‘zlarini pirpiratib dedi Yerdan kelgan odam. — Xudo haqqi, mister Tttni chaqiring.
— U band. — Shunday deya ayol yana eshikni qarsillatib yopdi.
Bu gal mehmon eshikni odatdagidan qo‘polroq tarzda taqillata boshladi.
— Bilasizmi nima? — qichqirib dedi mehmon eshik ochilar-ochilmas. U go‘yo mezbonni hang-mang qilib qo‘ymoqchidek dahlizga bostirib kirdi. — Mehmon deganni bunday kutmaydilar-da!
— Polni yog‘ tushsa yalagudek qilib qo‘yganman! — Qovog‘ini uyib dedi ayol. — Aft-angoringizni qarang, hammayog‘ingiz iflos, yo‘qolinglar ko‘zimdan! Agar uyimga kirmoqchi bo‘lsangiz, avval oyog‘ingizni tozalab keling!
Mehmon vahima bilan o‘zining iflos oyoq kiyimiga qarab qo‘ydi.
— Hozir adi-badi aytishib o‘tiradigan payt emas, — qat’iy ohangda dedi kishi. — Vaziyat shunaqa.
Buni nishonlashimiz kerak!
Ularning ko‘ngillaridagini so‘zsiz anglashi uchun mehmon ayolga qattiq tikilib qaradi.
— Agar mening billur kulchalarim kuyib ketgan bo‘lsa, — dedi qichqirib ayol, — sizlarni kaltak bilan!..
Shunday deya ayol vishillab turgan mo‘‘jazgina pechka tomon yugurdi. So‘ng terga botgan, bo‘g‘riqqan holda qaytib keldi. Uning ko‘zlari sap-sariq, badani qoracha, o‘zi ozg‘in va chaqqon, xuddi hasharot deysiz… Ovozi chinnidek jaranglardi.
— Shu yerda kutib turinglar. Men borib qaray-chi, balki biron daqiqadan keyin mister Tttning huzuriga kirishingiz mumkin bo‘lar, — unda nima ishingiz bor edi o‘zi?
— Unga ayting, biz Yerdan birinchi marta bu yerga uchib keldik!
— Nima birinchi marta? — Ayol oftobda kuygan qo‘lini balandga ko‘tardi. — Bo‘pti, bunisi muhim emas, men hozir kelaman.
Tosh uynig yo‘laklaridan uning qadam tovushlari quloqqa chalinib turdi.
Tepada esa haddan tashqari ko‘k, jazirama mars osmoni — xuddi chuqur issiq dengiz qotib qolgandek. Bamisoli ulkan qaynoq qozon ustida turgandek Mars cho‘li uzra parda yoyilib kela boshladi. Sal naridagi tepaning cho‘qqisida uchini osmonga qadagancha uncha katta bo‘lmagan samoviy kema turardi. Undan tosh uy eshigi tomonga yirik-yirik oyoq izlari tizilib kelgan edi.
Tepadagi ikkinchi qavatda baqiriq-chaqiriq ovozlari eshitilardi. Eshik tagidagi odamlar bir-biriga qarar, og‘irliklarini goh u oyoqlariga goh bu oyoqlariga solar, kamarlarini to‘g‘rilar edilar. Tepada qandaydir erkak ovozining o‘shqirgani eshitildi. Unga ayol ovozi javob aytdi: chorak soatdan keyin yerliklar nima qilishini bilmay, oshxonada u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladilar.
— Chekamizmi? — dedi ulardan biri.
Ikkinchisi sigareta oldi — ular cheka boshlashdi. Barchalari shoshmaygina oppoq tutunni ichga tortar edilar. Kurtkalarining g‘ijimlarini yoyishdi, yoqalarini to‘g‘rilashdi, tepadagi ovozlar hamon guvillar, shang‘illar edi. Komandir soatiga qaradi.
— Yigirma besh daqiqa, — dedi u. — U yoqda nima bo‘layotgan ekan-a?
U deraza oldiga keldi-da, tashqariga qaradi.
— Kun yonayapti, — dedi fazogirlardan biri.
— Gapirmang, — erinchoqlik bilan qo‘lini so‘rdi, tushki oftobdan holsizlangan ikkinchisi.
Tepadagilarning ovozlari bo‘g‘iq g‘o‘ldirashga aylandi, so‘ng butunlay tinchib qoldi. Butun uyda tiq etgan tovush eshitilmaydi. Har kim faqat o‘zining nafasinigina eshitadi, xolos.
Shu alpozda bir soat o‘tdi.