Tomas qo‘lini ko‘tardi va xayolan: “Salom!” deb qichqirdi, biroq lablari qimirlamadi. Chunki bu marslik edi. Biroq Tomas qirg‘oqlarida notanish odamlar yurgan moviy daryolarda, Yerda suzar, yot uylarda yot odamlar bilan ovqatlanar va har doim uning eng yaxshi ko‘rgan quroli tabassum bo‘lar edi. U yonida to‘pponcha olib yurmasdi. Hozir ham Tomas garchand yuragining bir chetida vahima yashirinib turgan bo‘lsa-da, bunga hojat sezmayotgan edi.
Marslikning ham qo‘lida hech narsa yo‘q edi. Muzdek havo orasidan ular bir-biriga bir soniyacha qarab turishdi.
Birinchi bo‘lib Tomas so‘z qotdi.
— Salom! — dedi u.
— Salom! — dedi marslik o‘zining tilida.
Ular bir-birini tushunishmadi.
— Siz “Salom” dedingizmi? — ikkalasi baravariga so‘radi.
— Nima dedingiz? — davom etishdi ular har qaysi o‘zining tilida.
Ikkalasi ham qovog‘ini uyib oldi.
— Siz kimsiz? — so‘radi Tomas inglizchalab.
— Siz bu yerda nima qilayapsiz? — anovining lablari marslikcha qimirlab dedi.
— Qayoqqa ketayapsiz? — so‘radi har ikkalasi jiddiy tarzda.
— Mening ismim Tomas Gomes.
— Mening ismim Myu Ka.
Ulardan birontasi ham narigisini tushungani yo‘q, biroq har biri barmog‘i bilan o‘zining ko‘ksiga nuqidi va ikkalasining ham gapi bir-biriga tushunarli bo‘ldi.
Birdan marslik kulib yubordi.
— Shoshmang!
Tomas, garchand unga hech kim tegmagan bo‘lsa-da, boshiga nimadir tekkandek bo‘ldi.
— Mana shunaqa! — dedi marslik inglizchalab. — Endi ishlar jo‘nashib ketadi.
— Siz mening tilimni shuncha tez o‘rganib oldingizmi?
— Sizni qarang-u!
Ikkalasi ham nima deyishini bilmay, Tomasning qo‘lidagi qaynoq qahvali finjonga qarashdi.
— Biron yangi gap bormi? — so‘radi marslik unga va finjonga qaragancha, aftidan, u uni ham, buni ham o‘zicha tasavvur qilib.
— Bir finjon qahva ichasizmi? — taklif qildi Tomas.
— Katta rahmat.
Marslik o‘z mashinasidan sirg‘alib chiqdi.
Ikkinchi finjonga to‘ldirib qaynoq qahva quyildi. Tomas uni marslikka uzatdi.
Ularning qo‘llari to‘qnashdi va xuddi tuman orasidan o‘tgandek birining qo‘li ikkinchisining ichiga kirdi.
— Yo Iso Masih! — deb yubordi Tomas va finjon qo‘lidan tushib ketdi.
— Osmon kuchlari! — dedi marslik o‘zining tilida.
— Nimalar bo‘lganini ko‘rgandirsiz? — shivirlab deyishdi ular.
Ikkalasining ham qo‘rquvdan badanidan muzdek ter chiqib ketdi.
Marslik finjonga egildi, biroq uni hech ololmasdi.
— Yo tavba! — oh tortib yubordi Tomas.
— Qani, qani! — marslik finjonni tutish uchun qayta-qayta urindi, biroq hech uddalay olmadi. U qaddini rostladi, birpas o‘ylab turdi, keyin kamaridan pichoqni sug‘urib oldi.
— Hoy! — qichqirdi Tomas.
— Siz tushunmadingiz, ushlab oling! — dedi marslik va pichog‘ini otdi.
Tomas bir-biriga juftlashgan kaftlarini tutib berdi. Pichoq qo‘llarining orasidan yerga tushdi. Tomas uni yerdan olmoqchi bo‘ldi, biroq uni tuta olmadi va titrab-qaqshagancha orqaga tisarildi.
U gavdasini osmonga tutib turgan marslikka qaradi.
— Yulduzlar! — dedi Tomas.
— Yulduzlar! — takrorladi marslik Tomasga qarab.
Marslikning gavdasi orqasidan yorqin, oppoq yulduzlar charaqlab turardi, uning vujudi bamisoli uchqunlar sachrab turgan qirovli nafis meduza qobig‘idek yulduzlar bilan bezatilgandi. Marslikning ko‘kragi va qorni ustida siyohrang ko‘zlardek yulduzlar jimirlar, bilaklarida javohirot yalt-yalt qilardi.
— Men sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rib turibman! — dedi Tomas.
— Men ham sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rayapman! — javob berdi marslik bir qadam ortga chekinib.
Tomas o‘zini paypaslab ko‘rdi, o‘z tanasining haqiqiy issiqligini his qildi va ko‘ngli xotirjam bo‘ldi.
“Hammasi joyida, — o‘yladi u, — men yashayapman”.
Marslik qo‘li bilan o‘zining burni, labini turtib ko‘rdi.
— Men ham jismsiz emasman, — past ovozda dedi u. — Jonim bor!
Tomas unga ma’nodor qaradi.
— Ammo agar men yashayotgan bo‘lsam, demak siz — o‘liksiz.
— Yo‘q, siz o‘liksiz!
— Ro‘yo!
— Arvoh!
Ular barmoqlari bilan bir-birlarini ko‘rsatishar va yulduz nuri xuddi xanjar damidek, xuddi muz sumalakdek, xuddi tillaqo‘ng‘izdek ularning qo‘llari uchida chaqnar va to‘kilardi. Ular yana o‘z tuyg‘ularini tekshirib ko‘rishdi va har biri o‘zining to‘rt muchasi soppa-sog‘ligiga va hayajon, jo‘shqinlik, ehtiros, hayrat bilan chulg‘anganiga amin bo‘ldi, har biri narigisini olisdagi olamlar yog‘dusini tutib oluvchi va o‘zidan taratuvchi shaffof prizma, bor bo‘lmagan narsa deb bilar edi…
“Men mastman, — dedi o‘zicha Tomas. — Ertaga men bu haqda hech kimga churq etmayman!”
Ular qadimgi tosh yo‘l ustida turishardi va har ikkalasi ham joyidan jilmasdi.
— Qaerdan kelgansiz? — so‘radi nihoyat marslik.
— Yerdan.
— U nima degani?
— U yoqdan. — Tomas bosh irg‘ab osmonga ishora qildi.
— Qachondan beri?
— Biz bir yil avval uchib kelgan edik, nahotki esingizda bo‘lmasa?
— Yo‘q.
— Sizlar esa bu vaqtga kelib tugab-bitgandingiz. Qariyb bitta qolmay. Sizlardan juda kam qolgan — nahotki shuni ham bilmasangiz?
— Bu to‘g‘ri emas.
— Men sizga aytayapman-ku, tugab-bitgansizlar, deb. Jasadlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Xonalarda, barcha uylarda qoraygan jasadlar yotibdi va hammasi o‘lik. Minglab jasad.
— Nimalar deyapsiz, bizlar tirikmiz!