— Mister, barchangizni yuqumli kasallik qirib yuborgan. Qiziq, nahotki bundan bexabarsiz? Siz bir balo qilib jon saqlab qolgansiz.
— Men jon saqlab qolganim yo‘q, qanday qilib ham jon saqlab qolar edim? Nimalar deyayotganingizni bilasizmi o‘zi? Men Enial tog‘lari yonidagi kanal yoqalab bayramga ketayotgan edim, o‘tgan kungi tunda o‘sha yerda bo‘lgan edim. Siz shaharni ko‘rmayapsizmi? — Marslik qo‘lini cho‘zib ko‘rsatdi.
Tomas o‘sha yoqqa qaradi va xarobalarni ko‘rdi.
— Axir bu shahar ko‘p ming yillardan buyon o‘lik-ku!
Marslik qah-qah urib kulib yubordi.
— O’lik? Men u yerda kecha tunadim-ku!
— Men esa o‘tgan hafta o‘sha yerdan o‘tdim, undan oldingi haftada ham, ko‘rgan narsam esa xarobalardan boshqa narsa emas! Vayron bo‘lgan ustunlarni ko‘rayapsizmi?
— Vayron bo‘lgan? Men ularni oy nurida yaqqol ko‘rib turibman. To‘g‘ri, tippa-tik ustunlar.
— Ko‘chalarda changdan boshqa hech narsa yo‘q, — dedi Tomas.
— Ko‘chalar top-toza!
— Kanallar allaqachon qurib qolgan, ular bo‘m-bo‘sh.
— Musallasga limmo-lim kanallar!
— Shahar o‘lik.
— Shahar tirik! — e’tiroz bildirdi marslik yana ham qattiqroq kulib. — Siz qattiq yanglishayapsiz. U yerda qancha karnaval chiroqlari borligini ko‘rayapsizmi? U yerda ayollardek nafis, chiroyli qayiqchalar, qayiqchalardek chiroyli, nafis ayollar, badani qum rangiga o‘xshagan ayollar, qo‘llarida yal-yal gullar tutgan ayollar bor. Men ularni hov anavi yerda ko‘chalar bo‘ylab, bu yerdan ipdek ingichka bo‘lib ko‘rinuvchi ko‘chalar bo‘ylab chopishayotganini ko‘rib turibman, ha, ko‘rib turibman.
Men xuddi o‘sha yerga borayapman, bayramga, biz tun bo‘yi kanalda suzamiz, qo‘shiq aytamiz, ichamiz, sevishamiz. Nahotki siz hech narsani ko‘rmayapsiz?
— Mister, bu oftobda qoqlangan kaltakesakka o‘xshash o‘lik shahar. Odamlarimizning istagan biridan so‘rab ko‘ring. Menga kelsak, Grin-Sitiga — Illinoys tosh yo‘lidagi manzilgohga ketayapman, biz uni yaqinginada barpo etdik. Siz nimadadir yanglishayapsiz. Biz bu yerga Origon o‘rmonlaridan eng a’lo sifatli taxtalardan million kvadrat fut, eng yaxshi po‘lat mixlardan bir necha o‘nlab tonna keltirdik va shunday ajoyib manzilgoh barpo etdikki, qarab to‘ymaysan, kishi. Ayni bugun shulardan birini yuvayapmiz. Yerdan xotinlarimiz va qayliqlarimizni olib, ikkita raketa uchib kelayapti. Xalq o‘yinlari o‘ynaladi, viskilar ichiladi…
Marslik hushyor tortdi.
— Anovi tomonda deyapsizmi?
— Ha, raketalar turgan joyda! — Tomas uni tepalik chekkasiga olib keldi-da, pastga ishora qildi; — Ko‘rayapsizmi?
— Yo‘q.
— Hov ana-ku, hov ana, jin ursin! Uzun-uzun, kumush rang narsalar.
— Ko‘rmayapman.
Endi Tomas kulib yubordi.
— Ko‘zingiz qamashayapti!
— Mening ko‘zim zo‘r ko‘radi. Siz ko‘rmayapsiz.
— Bo‘pti, bo‘pti, yangi manzilgohni-chi, ko‘rayapsizmi? Yoki buni ham ko‘rmayapsizmi?
— Okeandan boshqa hech narsani ko‘rmayapman — buni ustiga, hozir ayni suv qaytishi payti.
— Hurmatli janob, bu okean qirq asr muqaddam bug‘lanib ketgan.
— E, juda oshirib yubordingiz.
— Lekin bu haqiqat, xudo haqqi!
Marslikning yuzi juda ham jiddiy tus oldi.
— Shoshmang. Siz rostdan ham shaharni ko‘rmayapsizmi? Men aytgan shaharni-ya? Oppoq ustunlar, silliq qayiqlar, bayram chiroqlari — men ularni aniq ko‘rib turibman-ku! Quloq soling-a! Men hatto u yerda qanaqa qo‘shiqlar aytishayotganini ham eshitayapman. Axir oradagi masofa uzoq emas-ku!
Tomas quloq soldi-da, boshini chayqadi.
— Yo‘q!
— Men esa, — davom etdi marslik, — siz tasvirlayotgan narsani ko‘rmayapman. Nega bundoq ekan-a?..
Ular yana sovqotgandek asta junjikib qo‘yishdi, xuddi ularning badanlariga muzdek ninalar kelib sanchilgandek bo‘ldi.
— Balki?…
— Nima?
— Siz “osmondan” dedingizmi?
— Yerdan.
— Yer — nom, quruq tovush… — dedi marslik. — Ammo… bir soat burun men dovondan o‘tib kelayotganimda… — U ensasiga qo‘lini tekkazdi. — Bir narsani sezdim.
— Sovuqnimi?
— Ha.
— Hozir hammi?
— Ha, yana sovuq. Chiroqqa, tog‘larga, yo‘lga bir narsa bo‘lgandek edi, qandaydir g‘alati narsa.
Chiroq ham, yo‘l ham go‘yo undek emasdek, shunda vujudimda bir lahza shunday tuyg‘u paydo bo‘ldiki, go‘yo men koinotdagi eng so‘nggi tirik jonman…
— Menda ham shunday bo‘lgan edi! — dedi Tomas hayajon ichida; u go‘yo yuragidagi sirni ishonib, qiyomatlik do‘sti bilan suhbatlashayotgandek edi.
Marslik ko‘zlarini yumdi va yana ochdi.
— Buni faqat bir narsa bilan izohlash mumkin. Hamma gap Vaqtda. Ha, ha. Siz O’tmishning xilqatisiz!
— Yo‘q, siz O’tmishning xilqatisiz, — dedi yerlik biroz o‘ylanib turib.
— Juda dangal gapirasiz-a! Hali kim O’tmishdan-u, kim Kelajakdan ekanligini isbotlab ham berarsiz? Hozir qaysi yil?
— Ikki ming ikkinchi yil!
— Buni qanday tushunsam bo‘ladi? — Tomas o‘ylanib turdi-da, yelka uchirib qo‘ydi.
— Hech qanday.
— Baribir, men sizga aytsam, bizning yilnomamizga ko‘ra hozir 4 462 853 yil. So‘zlar cho‘t emas, cho‘t emasga ham arzimaydigan darajada! Bizlar yulduzlar holatini aniqlaydigan soat qani?
— Xarobalarning o‘zi tayyor isbot-ku! Ular mening Kelajak ekanimni aytib turibdi. Men tirikman. Siz esa o‘liksiz!