— Garret, — davom etdi Stendal, — bilasizmi, sizni nima uchun bunday qilganimni? Chunki siz hatto tuzukli o‘qimasdan ham mister Poning kitoblarini yoqib yuborgansiz. Kitoblarni yoqib yuborish kerak degan odamlarning gapiga laqqa tushgansiz. Aks holda siz, biz bu yerga kelishimiz bilanoq, mening ko‘nglimdagini darrov bilib olgan bo‘lardingiz. Jaholat ham evi bilan-da, mister Garret.
Garret sukut saqlardi.
— Hamma narsa aniq bo‘lishi kerak, — dedi Stendal yorug‘ mehrobga o‘tib, egilgan qiyofaga tushishi uchun fonarni ko‘tarib; — Qo‘ng‘iroqchalarni sekin jiringlating-chi.
Qo‘ng‘iroqchalar jiringladi.
— Endi malol kelmasa; “Butun muqaddas narsa haqqi, Montrezor!” deb ayting, ehtimol men sizni ozod etarman.
Fonar yorug‘ida inspektorning chehrasi ko‘rindi. Bir oz taraddudlanib turdi-da, u poyintar-soyintar qilib, takrorladi:
— Butun muqaddas narsa haqqi, Montrezor.
Stendal mamnun holda xo‘rsinib qo‘ydi va ko‘zlarini yumdi. So‘nggi g‘ishtni qaladi-da, bosib, zichlab qo‘ydi.
— Reguiescat in pace, aziz do‘stim!
U tezgina mag‘oradan chiqib ketdi.
Yarim tunda soatlar dastlab bong urganda, uyning yettita zalida hamma narsa sukunat qo‘yniga g‘arq bo‘lgandi.
Qizil O’lim paydo bo‘ldi.
Stendal bir lahza eshik tagida to‘xtab qoldi, yana bir karra hamma narsaga ko‘z yugurtirib chiqdi.
Uydan yugurib chiqdi-da, handaq orqali vertolet kutib turgan joyga shoshildi.
— Tayyormi, Pays?
— Tayyor.
Ular jilmaygancha ulug‘vor binoga qarashdi. Xuddi zilzilada bo‘lganidek, uy o‘rtasidan eriy boshladi va bu ajoyib manzaradan zavqlangan Stendal orqa tomonda turgan Payksning past ovozda xirgoyi qilib aytgan so‘zlarini eshitdi:
— “… ko‘z oldimda qudratli devorlar nurab tushdi va ag‘anadi. Bamisoli minglab sharsharalar kabi anchagacha guvillagan ovoz chalinib turdi va chuqur qora qo‘ltiq Esherlar Uyi xarobalari uzra unsiz va tund bir holda ko‘zdan yo‘qoldi”.
Vertolet g‘arb tomonga yo‘l olgancha biqirlab qaynayotgan ko‘l uzra uchib borardi.
Avgust 2005
KEKSA ODAMLAR
Va nihoyat, — xuddi kutilganidek — Marsga keksa odamlar kelib qo‘na boshladi: ular hayqiroq kashshoflar, nozik didli shubhaparastlar, ustasi farang musofirlar, pok rizq qidirgan xayolparast voizlar solgan izdan yo‘lga tushgan edilar. Adoyi tamom bo‘lgan va ojiz odamlar, qiladigan bor-yo‘q ishlari o‘z yuraklariga quloq solishu, o‘z tomirlarini paypaslab bo‘lgan odamlar, tishsiz og‘izlari bilan suyuq dorini tinimsiz yutadigan odamlar, ilgari noyabrda umumiy vagonda Kaliforniyaga, aprelda esa uchinchi toifa paroxodda Italiyaga yo‘l oladigan bu jonli xilqatlar, bu mushtdek-mushtdek xilqatlar ham nihoyat Marsda paydo bo‘ldi.
Sentabr 2005
MARSLIK
Osmonga tik qadalgan moviy cho‘qqilar yomg‘ir pardasi orasiga kirib ko‘zdan yo‘qolar edi, yomg‘ir uzun kanallarga kelib quyilar edi, qariya Lafarj tomosha qilgani xotini bilan uyidan chiqib keldi.
— Mavsumdagi birinchi yomg‘ir, — dedi Lafarj.
— Mo‘‘jiza… — xo‘rsindi xotini.
— Rahmat yomg‘iri!
Ular eshikni yopishdi, xonaga qaytib kelib, kamindagi ko‘mir cho‘g‘da qo‘llarini isita boshladilar.
Ular sovqotib qaltirar edilar. Derazadan uzoq-uzoqlardagi odamlarni Yerdan bu yerga keltirib qo‘ygan raketa korpusiga kelib urilayotgan yomg‘irning nam yiltillashini ko‘rib turar edilar.
— Faqat mana shuning o‘zi… — dedi Lafarj o‘z qo‘llariga qaragancha.
— Nima demoqchi eding? — so‘radi xotini.
— Agar Tomni o‘zimiz bilan ola kelganimizda…
— Laf, yana o‘sha gapmi?
— Yo‘q, yo‘q, kechir, boshqa gapirmayman.
— Biz bu yerga Tom haqida o‘ylagani emas, tinch, tashvishlarsiz qarilik gashtini surgani kelganmiz.
Uning o‘lganiga necha yillar bo‘ldi. Uni ham, yerdagi sodir bo‘lgan hamma narsani ham unutishga harakat qilishimiz kerak.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — dedi eri va yana issiqqa intildi. Uning ko‘zlari olovda edi. — Men bu haqda boshqa og‘iz ochmayman. Shunchaki, haligi… Biz uning qabriga gul qo‘ygan yakshanba kunlari Grin-Lon-Parkka qilgan safarlarimizni juda-juda qo‘msab ketayapman…
Moviy yomg‘ir mayin suvlari bilan uyni yuvar edi.
Soat to‘qqizda ular yotishdi; bir-birining qo‘lini ushlagancha ular jim yotar edilar, er 55 yoshda, xotin 60 yoshda, yomg‘ir shovqiniga to‘la tubsiz zulmat qo‘ynida.
— Enn, — asta chaqirdi er.
— Ha? — javob berdi xotin.
— Hech narsa eshitmadingmi?
Ular birgalikda shamol va yomg‘ir shovqiniga quloq tutishdi.
— Hech narsa, — dedi xotin.
— Kimdir hushtak chaldi, — izoh berdi er.
— Yo‘q, men eshitmadim.
— Borib qaray-chi, har ehtimolga qarshi.
Er xalatini kiydi-da, butun uyni yurib o‘tib, tashqari eshikkacha bordi. Jur’atsiz qadamlarini sekinlatib, asta eshikni itardi va yomg‘irning muzdek tomchilari yuziga urildi. Shamol esardi.
Eshik tagida mo‘‘jazgina qiyofa turardi.
Osmonni poralab chaqmoq chaqdi, uning bir zumlik yog‘dusida haligi qiyofaning chehrasi namoyon bo‘ldi. U Lafarjga qarab turardi.
— Kimsiz? — qichqirdi chol titragancha.
Jimlik.
— Kim bu? Nima kerak sizga?
Hamon churq etgan tovush yo‘q.
Chol o‘zini o‘lgudek charchoq, zaif, madorsiz his qildi.
— Kimsan deyapman? — qichqirdi Lafarj yana.
Xotini orqadan keldi-da, erining qo‘lidan tutdi.