Читаем Marsga hujum полностью

— Sen biz bilan uyimizga borasan. Men hammasini bilaman.

— To‘xta, — oraga suqildi politsiyachi, — u hibsga olingan! Uning ism-sharifi Dekster, qotilligi uchun qidirilmoqda.

— Yo‘q, yo‘q! — piq-piq yig‘ladi ayol. — Bu mening erim! Nima, o‘z erimni tanimay o‘libmanmi?!

Boshqa ovozlar o‘z aytganida turib oldi. Olomon qaynar edi.

Missis Lafarj Tomni gavdasi bilan to‘sib oldi.

— Bu mening o‘g‘lim, sizlar uni hech qanaqangi ayb bilan ayblashga haqqingiz yo‘q! Biz uyga borishimiz kerak!

Tom esa to‘xtovsiz qaltirar edi. Uning avzoyidan qattiq kasalga o‘xshardi. Olomon hamon bostirib kelar, toqatsizlik bilan qo‘llarini cho‘zar, uni tutib olmoqchi bo‘lar edi.

Tom qichqirib yubordi.

U hammaning ko‘z o‘ngida o‘zgarmoqchi edi. Bu Tom edi, Jeyms ham, Svichmen ism-sharfli odam ham edi, Betterfild ism-sharifli boshqa odam ham edi, bu shahar meri edi va YUdif ismli qiz ham, eri Uilyam ham, xotini Klarissa ham edi. U bamisoli yumshoq, ularning tasavvuricha itoatgo‘y edi. Ular qichqirar, bostirib kelar, o‘zlari tomon chorlar edilar. U ham ularga qo‘llarini keng yoyib, siltagancha qichqirar va har bir qichqiriq uning yuzini o‘zgartirib yuborar edi.

— Tom! — chaqirdi Lafarj.

— Alisa! — yangradi yangi qichqiriq.

— Uilyam!

Ular yigitchani qo‘lidan ushlab oldilar, so‘nggi marta qichqirib, yerga yiqilmaguncha o‘zlari tomon tortaverdilar.

U toshlar ustida yotardi — erigan mum qotmoqda edi, uning basharasi barcha basharalar kabi edi, bir ko‘zi moviy, ikkinchi ko‘zi tillarang, sochi qip-qizil, malla, sarg‘ish, qora edi. Bir qoshi baroq, ikkinchisi ingichka, bir qo‘li katta, ikkinchisi kichkina edi.

Ular barmoqlarini lablariga qo‘ygancha uning boshi uzra turar edilar. Ular egildilar.

— U o‘ldi, — dedi kimdir oxiri.

Yomg‘ir yog‘a boshladi.

Tomchilar odamlarga tusha boshladi va odamlar osmonga qarashdi.

Ular orqaga burilishdi-da, avval sekin, keyin tez-tez odimlar bilan uzoqlashishdi, keyin esa har tomonga qarab chopib ketishdi. Faqat dahshat ichida qolgan mister va missis Lafarj bir-birining qo‘lidan tutgancha, joylarida turar va unga qarar edilar.

Yomg‘ir osmonga yuzlangan, hech qanday tanish belgisi qolmagan basharani yuvar edi.

Enn unsiz yig‘lay boshladi.

— Ketdik uyga, Enn, endi qo‘limizdan hech narsa kelmaydi, — dedi chol.

Ular qayiqqa tushishdi va zulmat ichida kanaldan suzib ketishdi. Ular o‘z uylariga kirishdi va kaminga o‘t qalashdi, qo‘llarini o‘tga toblab isinishdi. Ular uxlagani ketishdi va holdan toygan, qaltiragan ko‘yi yomg‘irning yana tomni nog‘ora qilib chalayotganiga quloq solib birga yotishdi.

— Tishsh, — to‘satdan dedi Lafarj yarim tunda. — Hech narsa eshitmayapsanmi?

— Yo‘q, eshitmayapman…

— Baribir chiqib qaray-chi.

U zim-ziyo xonani paypaslanib yurib o‘tdi-da, ochishdan oldin katta eshik oldida uzoq turdi.

Nihoyat eshikni lang ochdi-da, tashqariga ko‘z soldi.

Yomg‘ir bo‘m-bo‘sh hovliga osmondan suv quyib anhorni, ko‘m-ko‘k tog‘ yonbag‘irlarini yuvar edi.

U besh daqiqacha kutib turdi, so‘ng ho‘l qo‘llari bilan asta eshikni yopdi-da, lo‘kidonini surib qo‘ydi.

Noyabr 2005

“YO‘L TOVARLARI”

Modullashtirilgan yorug‘lik nuri Yerdan so‘nggi xabarlarni keltirganda, yo‘l mollari do‘konining sohibiga kechqurun radiodan eshitgan bu yangilik juda ham uzoq tuyulib ketdi. Hech narsani tushunib bo‘lmasdi.

Yerda urush yetilib kelardi.

U tashqariga chiqdi va osmonga qaradi.

Ana u, Yer, kechqurungi ko‘k gumbazida tog‘ ortiga dumalab ketayotgan quyoshni quvib bormoqda. Mana shu yashil yulduz radio gapirgan narsaning aynan o‘zi bo‘ladi.

— Hech ishongim kelmaydi, — dedi baqqol.

Bu sizning u yerda emasligingizdan, — dedi ota Peregrin, u salomlashgani unga yaqinlashdi.

— Buni qanday tushunish kerak, avliyo ota?

— Mening bolaligimda ham xuddi shunday bo‘lgan edi, — dedi ota Peregrin. — Biz Xitoydagi urush haqida eshitar edik. Lekin biz bunga ishonmasdik. Bu juda qadimgi gap. Juda ko‘p odamlar qirilib ketgan u yerda. Buni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Hatto o‘sha yoqdan olib kelingan filmlarni ko‘rganimizda ham bizlar ishonmaganmiz, hozir ham shunday bo‘layapti. Yer — o‘sha Xitoy. Haddan tashqari uzoq, shuning uchun odam ishongisi kelmaydi. Urush bu yerda emas, bizda bo‘lmayapti.

Ushlab ko‘rish u yoqda tursin, hatto ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Bor-yo‘q ko‘rib turgan narsamiz yashil chiroq, xolos. Mana shu yashil chiroqda ikki milliard odam yashaydimi? Aql bovar qilmaydi! Urush?

Lekin qulog‘imizga portlashlar chalinmayapti-ku?!

— Chalinib qolar, — dedi boqqol. — Men nuqul shu hafta ichi bu yerga uchib kelishi kerak bo‘lgan odamlar to‘g‘risida o‘ylayman. Ular haqida qanday gaplarni aytishgan? Yaqin oylar ichida Marsga yuz mingga yaqin odam keladi, deyilgan. Menimcha, shunday. Agar urush boshlanib qolsa, ularga nima bo‘ladi?

— Izlariga qaytib ketishsa kerak-da.

— Ha, ha, — dedi boqqol. — Bo‘pti, borib jomadonlarimning changlarini artay, hali-zamon xaridorlar bostirib kelib qolishadi.

— Agar bu biz ko‘p yillardan beri kutayotgan o‘sha Katta urush bo‘lsa, hamma Yerga qaytishni xohlab qoladi deb o‘ylaysizmi?

Перейти на страницу:

Похожие книги