Sem uni sosiskaxonaga zo‘rlab sudrab olib ketdi. Bu yerda ikkita mashina turardi: bittasi yaqin-yaqingacha mudom aylanib yuradigan yuk mashinasi va ikkinchisi kimoshdi savdosida ermak uchun sotib olgan ko‘hna Mars qumkemasi edi. So‘nggi uch haftada u bu kemada dengizning narigi tomonidan silliq tub bo‘ylab har turli yuklar tashirdi. Yuk mashinasiga qaradi-yu, esiga tushdi. Motor yerda yotardi — uni ta’mirlash bilan u ikki kundan beri ovora edi.
— Yuk mashinasi yurishga yaramasa kerag-ov, — dedi Elma.
— Qumkema! O’tir tezroq!
— Meni shu kemada olib ketmoqchimisan? He yo‘q-be yo‘q.
— O’tir! Hayday olaman!
Sem xotinini ichkariga qarab turtdi, o‘zi izma-iz sakrab chiqdi-da, oqshomgi shamolga kobalt yelkanni ro‘para qilib, rulni qattiq turtdi.
Charaqlagan yulduzlar ostida moviy Mars kemalari shitirlagan qumlar bo‘ylab o‘qdek sirpanib kelardi. To langar esiga tushib, uni joyidan sug‘urib olmaguncha, Semning kemasi joyidan qimir etmay turdi.
— Ketdik!
Kuchli shamol qumkemani o‘lik dengiz tubi bo‘ylab surib ketdi, pastda esa billur qoyalar qum bosib yotar, ustunlar ag‘darilgan, marmar va misdan qilingan tashlandiq bandargohlar ko‘zga tashlanar, o‘lik shaharlarning oppoq shaxmat donalari ko‘rinar, qirmizi tog‘ yonbag‘irlari yastanib yotar edi…
Sem orqasidan yetib kelmaguncha Mars kemalari tobora siyraklashib boraverdi.
— Bopladim-a, burnini yerga ishqadim-a! — qichqirdi Sem. — Endi esa “Raketa kompaniyasi”ga xabar qilaman, ular menga qo‘riqchi berishadi. Ayt, qotmagan boshimni qotirmasin!
— Agar xohlashganida, seni tutib olib ketishlari ham mumkin edi, — horg‘in javob berdi Elma. — Faqat bu ularga unchalik kerak bo‘lmagan.
Sem kulib qo‘ydi.
— Qo‘yaver, meni qo‘yib yuborisharmidi? Yetisholmadi, vassalom!
— Yetisholmadi? — Elma boshini irg‘ab uning ortiga ishora qildi.
Sem orqasiga o‘girildi. Ustidan sovuq suv quygandek bo‘ldi. U qayrilib qarashga ham qo‘rqdi. U orqadagi o‘rindiqda, izg‘irinli tongdagi odam nafasidek muvaqqat va lang‘illab turgan g‘o‘lachalar uzra suzib yurgan moviy dudga o‘xshash, mo‘rt qamishdagi qirovni eslatuvchi eski zamon oq kashtalariga o‘xshash va charx urgan qor zarralariga o‘xshash allanarsa bordek his qildi.
Yupqa shisha singandek ovoz quloqqa chalindi: kulgi. So‘ng yana jimlik. U orqasiga o‘girildi. Kema tumshug‘ida, rul yonida bir yosh ayol xotirjam o‘tirardi. Barmoqlari sumalakdek ingichka, ko‘zlari oyday yorqin va katta-katta, chaqnoq, xotirjam.
Shamol uni tebratar, u esa bamisoli suvdagi aksdek chayqalardi, shoyi libosining moviy yomg‘ir jilg‘alaridek burmalari uning nozik badani atrofida lip-lip qilar edi.
— Orqaga buriling, — dedi ayol.
— Yo‘q, — Semning badani jimirlab, xuddi havoda osig‘liq nafis matodek titrar edi, u qo‘rquv va g‘azab o‘rtasidagi sarhadda ikkilanib turardi. — Yo‘qol mening kemamdan!
— Bu sizning kemangiz emas, — javob berdi arvoh. — U bizning dunyomiz kabi qadimiy. U bundan o‘n ming yil muqaddam, dengiz qurib, bandargoh huvillab qolganda ham qumda yurar edi, sizlar esa, kelgandilar, uni o‘g‘irlab, o‘zlaringizniki qilib oldingiz. Qani, orqaga buring-da, uni chorrahaga olib borib qo‘ying. Biz siz bilan gaplashishimiz kerak. G’oyat muhim bir narsa sodir bo‘ldi.
— Yo‘qol kemamdan! — dedi Sem. U to‘pponchani chiqarganda charm g‘ilof g‘ichirlab ketdi. U obdon nishonga oldi. — Sakra, uchgacha sanayman…
— Kerak emas! — qichqirib yubordi qiz. — Men sizga hech qanday yomonlik qilmadim-ku, boshqalar ham. Biz yaxshilik bilan keldik.
— Bir, — dedi Sem.
— Sem, — dedi Elma.
— Gapimga quloq soling, — iltimos qildi qiz.
— Ikki, — shafaqatsizlarcha dedi Sem, tepkini ko‘tarib.
— Sem! — qichqirdi Elma.
— Uch, — dedi Sem.
— Biz faqat… — gap boshladi qiz.
To‘pponcha qars etdi.
Quyosh nurlarida qor eriydi, qor zarralari bug‘ga, hech narsaga aylanadi. O’choq alangasida dahshatli maxluqlar raqs tushib, qular edi. Barcha mo‘rt va zaif narsalar vulqon kraterida parchalanib ketadi va g‘oyib bo‘ladi. Otilgan o‘qdan, olovdan, zarbadan qiz bamisoli gaz sharfidek yengil qulab tushdi, muz haykalchadek erib ketdi. Undan qolgan u-bu narsalar — muz parchalari, qor uchqunlari, dud, — barini shamol uchirib ketdi. Kema tumshug‘idagi o‘rindiq bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi.
— Sem xotiniga qaramaslikka harakat qilib, to‘pponchani g‘ilofiga soldi. Oy nuriga ko‘milgan qum dengizi bo‘ylab kemaning shitirlab yugurishi atigi bir daqiqagina quloqqa chalinib turdi.
— Sem, — dedi ayol oxiri, — kemani to‘xtat.
Bo‘zdek oqarib ketgan Sem xotiniga yuzlandi.
— Yo‘q, bunday qilolmaysan. Shuncha yillardan keyin sen meni tashlab ketolmaysan.
Ayol to‘pponcha dastasi ustida yotgan erining qo‘liga qaradi.
— Nimayam derdim. Sening qobiliyatingga ishonaman, — dedi ayol.
— Sendan bu narsani kutsa bo‘ladi.
U barmoqlari bilan rulni qisib, boshini chayqadi.
— Elma, jinni bo‘lma. Hozir shaharga kelamiz-da, xatardan qutulamiz!
— Ha, ha, — javob berdi xotini loqayd o‘zini orqaga tashlab.
— Elma, gapimga quloq sol.
— Senga aytadigan gapim yo‘q, Sem.
— Elma!