Читаем Marsga hujum полностью

Shunda u mayda do‘konchalari bo‘lgan Xoltving-Springvins degan qishloqqa kirib keldi, bu yerdagi do‘konchalarda u kechqurunlari peshtaxtalarda chiroq yoqa olar, restoranlarida taomlar buyurib, bemalol o‘tira olar edi. Shundan buyon u shunday yashab kelayapti; uning yuz yilga yetgulik oziq-ovqatlar bilan to‘lib-toshgan muzlatgich xonachalari bor. Sigaretalari zaxirasi o‘n ming kunga yetadi, yumshoq to‘shakli a’lo sifatli karavoti ham bor. Yillar o‘taverdi, bordi-yu, qachonlardir unga bitta-yarimta odam telefon qilib qolsa, u javob bermasdi.

Aprel 2026

UZOQ YILLAR

Shunaqa bo‘lib qoldi: Osmonda shamol esa boshlaganda, u va uning uncha katta bo‘lmagan oilasi o‘zlarining tosh kulbalarida o‘tirib olar edilar va yonayotgan tarashalarda qo‘llarini isitardilar. Shamol kanallar yuzini mavjlantirar, sal bo‘lmasa, osmondagi yulduzlarni uchirib yuborardi, mister Xeteuey esa, bu shinamlikdan mazza qilib o‘tirardi va xotiniga nimalarnidir gapirardi, xotini ham unga javob berar va u ikkala qizi va o‘g‘liga Yerdagi o‘tgan-ketgan narsalari haqida hikoya qilar edi. Bolalar esa otalarining so‘zlarini o‘zlaricha tushunar edilar.

Katta urushdan keyin yigirma yil o‘tgandi. Mars ulkan qabristonga o‘xshardi. Yer-chi? Unga nima bo‘ldi? Uzoq Mars tunlarida Xeteuey va oilasi ko‘pincha shu haqda mulohaza yuritishardi. Bu tunda quturgan Mars chang-bo‘roni qadimgi shahar ko‘chalaridan uvillagancha va qumga botib ketayotgan yangi plastik devorlarni uchirgancha Mars qabristonlarining pastqam mozorlari ustidan esib o‘tdi.

Nihoyat, bo‘ron tinib, havo ochildi va Xeteuey shamolli osmondagi yashil olovcha — Yerni ko‘rish uchun tashqariga chiqdi. G’ira-shira xona shiftidagi yonib turgan lampochkani o‘ziga yaxshiroq burib olmoqchi bo‘lgandek, u qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi. Uzoqlarga o‘lik dengiz tuzlari uzra nigoh soldi.

“Butun sayyorada zog‘ uchmaydi, — o‘yladi u. — Bitta menman. Va ular”. U tosh kulbasi eshigi tomon burildi.

Hozir Yerda nimalar bo‘layotganiykin-a? O’zining o‘ttiz dyumli teleskopidan shuncha qaramasin, shu paytgacha biron-bir o‘zgarish payqamadi. “Agar o‘zimni yaxshi saqlay olsam, — o‘yladi u, — yana yigirma yil yashayman”. Qarabsanki, birontasi paydo bo‘lib qolibdi. Yo o‘lik dengizlar ortidan, yo koinotdan qizil olov rishtasiga bog‘langan raketada kelib turibdi-da.

— Bir aylanib kelay, — qichqirdi u eshikka.

— Yaxshi, — javob berdi xotini.

U xarobalar oralab, shoshmay pastga tushib ketdi.

— “Nyu-Yorkda yasalgan”, — o‘qidi u bir parcha temirda. — Qadimgi Mars shaharlari Yerdan kelgan bunday narsalardan hali ko‘pini ko‘radi…

U moviy tog‘lar oralig‘ida yaqin ellik asrdan buyon turgan Mars qishlog‘i tomonga qaradi.

Uolter xilvat Mars qabristoniga keldi: cho‘l shamoli esib turgan tepalikda uncha katta bo‘lmagan olti qirrali toshlar saf tortgan edi.

Boshini egib, u to‘rtta mozorga, to‘rtta beso‘naqay yog‘och xochga qaradi, ularning har birida nom yozilgan edi. Uning ko‘zlarida yoshdan asar ham yo‘q. Yoshlari allaqachon qurib bitgandi.

— Qilmishim uchun meni kechirasanmi? — so‘radi u xochlarning biridan. — Men juda, juda yolg‘iz edim. O’zing tushunasan-ku, shundaymi?

U tosh kulbasiga qaytdi va ichkariga kirishdan oldin peshonasiga kaftini qo‘yib, yana diqqat bilan osmonni ko‘zdan kechirdi.

— Nuqul kutganing-kutgan, qarashdan boshqa ishing yo‘qdek, — g‘udrandi u. — Ehtimol, kunlarning birida — tunda…

Osmonda qizil olov yondi.

Eshikdan tushayotgan yorug‘lik xalaqit bermasligi uchun u bir tomonga odimladi.

— Yana bir qaraganingda… — shivirladi u.

Qizil olov o‘sha joyda yonib turardi.

— Kecha kechqurun u yo‘q edi, — dedi Xeteuey.

U qoqilib, yiqilib tushdi, so‘ng oyoqqa turdi-da, kulba ortiga yugurib o‘tdi, teleskopini ochib, uni osmonga to‘g‘riladi.

Uzoq vaqt osmonga ko‘zini qisib qarab turgandan keyin — bir daqiqa o‘tgach, u uyining pastak eshigi tagida paydo bo‘ldi. Xotini, ikkala qizi va o‘g‘li unga o‘girilishdi. Uning ha deganda tili kalimaga kelavermasdi.

— Xushxabar olib keldim, — dedi u. — Men osmonga qarab turgan edim. Bu yoqqa raketa uchib kelayapti, u bizlarning hammamizni uyga olib ketadi. Erta tongda shu yerda bo‘ladi.

U qo‘lini stolga qo‘ydi, boshini kaftlari orasiga olib, yig‘lab yubordi.

U Nyu-Nyu-Yorkdan nima qolgan bo‘lsa, hammasini yoqib yubordi.

Mash’alani oldi-da, plastikdan yasalgan shu shaharga qarab ketdi va alanga bilan o‘tgan joyidagi barcha devorlarni turtib-turtib keta boshladi. Shahar nur va jaziramaning qudratli quyunidan yashnab ketdi. U bir kvadrat mil kenglikdagi gulxanga aylandi.

— Bunaqasini koinotda ko‘rish mumkin, xolos. Bu mash’al raketani mister Xeteuey va oilasi huzuriga olib keladi.

U uyiga qaytib keldi; yuragi tez-tez va og‘riqli urar edi.

— Ko‘rayapsizmi? — u baland ko‘tarilgan qo‘lida chang bosgan shishani ushlab olgandi. — Men mana bu sharobni ataylab mana shu tun uchun asrab qo‘ygandim. Vaqt-soati bilan kimdir bizni topib olishini bilar edim! Shu quvonchli on uchun ko‘taraylik!

U beshta qadahni to‘ldirdi.

Перейти на страницу:

Похожие книги