Читаем Marsga hujum полностью

— Ha, ozmuncha vaqt o‘tmadi… — O’z qadahiga ko‘zlarini tikib qaragancha, yana gap qotdi u. — Urush boshlangan kun esingizdami? Yigirma yil va yetti oy muqaddam. Barcha raketalarni Marsdan uyga chaqirib olingandi. Sem, men va bolalar esa barchamiz bu vaqtda tog‘da edik, qadimshunoslik bilan mashg‘ul edik, marsliklarning qadimgi jarrohligini o‘rganayotgan edik. Biz otlarni o‘lgudek qilib choptirganimiz esingdami? Baribir ham rosa bir haftaga kechikkan edik. Shahar huvillab qolgandi.

Amerika dabdala bo‘lgandi, qolganlarni kutib ham o‘tirmay, raketalar bitta qolmay ketib qolgani esingdami, a, esingdami? Keyin qarasakki, qolganlar faqat biz bo‘lgan ekanmiz, esingdami? Ey, xudoyim, qancha yillar o‘tibdi-ya! Sizlarsiz men chiday olmasdim. Sizlarsiz men o‘zimni o‘ldirib qo‘ygan bo‘lardim. Sizlar tufayli shuncha kutishga chidab keldim. Keling, sizlar uchun ichaylik. — U qadahni ko‘tardi. — Bizning uzoq muddatli kutganimiz uchun ichaylik.

U sharobni sipqordi, xotini, ikkala qizi va o‘g‘li qadahlarni lablariga olib borishdi. Sharob to‘rttalovining ham iyaklari tagidan jildirab oqib tusha boshladi.

Tongga yaqin shahardan qolgan hamma narsani shamol katta-katta yumshoq qora laxtaklarga aylantirib, dengiz tubi bo‘ylab sochib yubordi. Yong‘in o‘chdi, biroq maqsadga erishilgan edi.

Osmondagi qizil dog‘ kattalasha boshladi.

Tosh kulba ichida qovurilgan zanjabil kulchasining totli hidi tarala boshladi. Xeteuey kirib kelganida xotini stol ustiga yangi nonli qaynoq qolipni qo‘ymoqda edi. Qizlari qattiq supurgi bilan yalang‘och tosh-polni hafsala bilan supurar, o‘g‘li esa, kumush idishlarni yuvar edi.

— Biz ularga shohona nonushta tayyorlaymiz; — Xeteuey shodon kuldi. — Eng a’lo liboslaringizni kiyib olinglar! U shoshib tomorqasidan ulkan temir saroy tomon o‘tdi. Bu yerda muzlatgich va uncha katta bo‘lmagan elektrostantsiya bo‘lib, ularni shu yaqin yillarda ta’mirdan chiqargan va bo‘sh vaqtlarida soatlarni, telefonlarni, magnitofonlarni mohirona ta’mirlagan ingichka, qaltiroq barmoqlari bilan hammasini joy-joyiga qo‘yib chiqqan edi. Saroyda u yaratgan talay buyumlar qalashib yotardi, jumladan nima ish qilishini hatto o‘zi ham bilmaydigan, mutlaqo g‘alati uskunalar ham bor edi.

U muzlatgich ichidan dukkakli donlar va yigirma yil avvalgi qulupnay solingan qirov bosgan oppoq qutilarni oldi. “Bu yoqqa chiq, badbaxt”, — dedi-da, muzlagan jo‘jani sug‘urdi.

Raketa qo‘nganda havoni har xil pazandalik taomlar hidi tutib ketgandi.

Xuddi yosh boladek Xeteuey nishablikdan pastga qarab chopdi. Ko‘kragida qattiq og‘riq sezib, u taqqa to‘xtadi. Narigi toshga borib o‘tirdi va endi nafasini rostlashni xayoliga ham keltirmay, olg‘a chopib ketdi.

U cho‘qqa aylangan raketadan ko‘tarilgan qaynoq hovur ichida to‘xtadi. Lyuk ochildi. U yerdan bir odam mo‘raladi.

Xeteuey kaftini peshonasiga qo‘yib, uzoq qarab turdi va oxiri dedi:

— Kapitan Uaylder!

— Kim bu? — so‘radi Uaylder. U pastga sakrab tushdi va cholga qaragancha qotib qoldi. So‘ng qo‘lini uzatdi. — Yopiray, bu Xeteuey-ku.

— Mutlaqo to‘g‘ri, bu menman.

— Xeteuey mening birinchi ekipajimdan, To‘rtinchi ekspeditsiyamdan.

Ular bir-birlariga diqqat bilan razm sola boshlashdi.

— Ko‘rishganimizga ham ancha bo‘ldi, kapitan.

— Juda ko‘p bo‘ldi. Sizni ko‘rganimdan xursandman.

— Men qarib qoldim, — dedi Xeteuey soddadillarcha.

— Men ham endi yosh emasman. Yigirma yil sargardon kezdim: Yupiter, Saturn, Neptun…

— Bo‘lmasa-chi, sizning Marsni mustamlaka qilishingizga xalaqit bermasligingiz uchun unvoningizni ko‘tarishgan deb eshitdim. — Chol atrofga alangladi. — Siz nuqul sayohatlarda bo‘lib, ehtimol, hatto nimalar bo‘lganidan ham bexabardirsiz…

— Aytmasangiz ham bilaman, — javob berdi Uaylder. — Biz Mars atrofini ikki marta aylanib o‘tdik.

Sizdan tashqari Uolder Gripp degan yana bir odamni topoldik, xolos, bu yerdan o‘n ming mil narida.

Uni o‘zimiz bilan olib kelmoqchi bo‘lgan edik, biroq u ko‘nmadi. Biz uchib ketganimizda, u yo‘l o‘rtasida arg‘imchoqda trubka chekib o‘tirardi, orqamizdan qo‘l siltab qoldi. Mars o‘lgan, butunlay o‘lgan, hatto marsliklar ham qolmagan. Yer qalay?

— Sizdan ortiq hech narsa bilmayman. Goh-goh Yer radiosini tutib qolaman, elas-elas eshitiladi.

Lekin har gal qandaydir begona tilda. Men esa chet tillaridan, afsuski, bitta lotin tilini bilaman. Ba’zi so‘zlarni anglab yetaman. Nima bo‘lganda ham Yerning katta qismida odam qirilib ketgan, urush esa hali ham davom etayapti. Siz o‘sha yoqqa uchib ketayapsizmi, komandir?

— Ha. O’zingizdan qolar gap yo‘q, o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, ishonsam deyman. Oramizda radio aloqasi yo‘q-da, masofa haddan tashqari katta. U yoqda nima bo‘lishidan qat’i nazar, biz Yerga uchib ketayapmiz.

— Meni ham olib olasizlarmi?

Kapitan bir lahza taraddudlandi.

— E-ha, bo‘lmasa-chi, bu yerda xotiningiz ham bor-a, esimda, esimda. Bizlar, yanglishmasam, yigirma besh yil burun ko‘rishgan edik, to‘g‘rimi? Sizlar Birinchi SHaharni qurganlaringizda, siz xizmatni tashlab, uni o‘zingiz bilan yerdan olib olgan edingiz. Bolalaringiz ham bor edi…

— O’g‘il va ikki qiz…

— Ha, ha, eslayapman. Ular shu yerdami?

Перейти на страницу:

Похожие книги