— Ha, yildan-yilga biz birga o‘tirib, suhbatlashar edik. U suhbatlashishni yaxshi ko‘rardi. Tosh kulbamizni va kaminimizni yaxshi ko‘rardi. Shahardagi haqiqiy uyimizga borib joylashsak ham bo‘lardi.
Biroq u bu yerni jonidan yaxshi ko‘rardi, bu yerda u goh jo‘n, goh zamonaviy tarzda hayot kechirishi mumkin bo‘lardi. U menga o‘zining laboratoriyasi va u yerda qilgan har xil narsalari to‘g‘risida so‘zlab berardi. Bu tashlandiq Amerika shahrini u boshdan-oyoq pastdan ovoz kuchaytirgich bilan ta’minlab chiqqandi. Tugmachani bosdi, tamom — hamma joyda chiroqlar yonadi va xuddi unda o‘n ming odam bordek shahar shovqinga to‘lib-toshadi. Samolyotlar, avtomashinalarning guvillashlari, odamlarning g‘ovur-g‘uvurlari eshitiladi. U bo‘lsa o‘tirib olardi-da, sigara tortardi va biz bilan gaplashaverardi, pastdan esa shahar shovqini eshitilib turardi. Goho telefon jiringlab qolardi va tasmaga yozib olingan ovoz mister Xeteueydan turli ilmiy va jarrohlik masalalari bo‘yicha maslahat so‘rardi, u javob qaytarardi. Telefon ovozlari ham, biz ham, shahar shovqini ham, sigara ham — mister Xeteuey ham g‘oyatda baxtli his qilardik o‘zimizni. Uning qo‘lidan faqat birgina narsa kelmasdi — bizni keksaytira ololmasdi. O’zi kun sayin qarib borardi, biz esa o‘sha-o‘sha yosh bo‘lib turaverardik. Ammo menga shunday tuyulardiki, bu uni unchalik bezovta qilmasdi. Hattoki o‘zi shuni xohlardi deb o‘ylardim men.
— Biz uni pastda to‘rtta xoch turgan joydagi qabrga dafn etamiz. Menimcha, bu uning xohishiga javob beradi.
Ayol asta uning panjasiga qo‘l tekkizib qo‘ydi.
— Mening bunga ishonchim komil.
Kapitan ishga kirishib ketdi. Kichkina marosim tepalik etagi tomon yurib ketdi; oila uning ortidan yo‘lga tushdi. Ikki odam Xeteueyni usti yopilgan zambilda ko‘tarib ketdi. Ular tosh kulba yonidan o‘tishdi, so‘ng Xeteuey ko‘p yillar muqaddam o‘z ishini boshlagan saroy yonidan yurib o‘tishdi. Uaylder shu ustaxona eshigi yonida bir oz taraddudlandi. Bu sayyorada xotini va uchala farzandi bilan yashasa-da, — birdaniga seni shamol va jimjitlik bilan tanho qoldirib, ular o‘lib ketishsa, shu ham ish bo‘ldimi? — deb so‘radi u o‘zidan, — bunday ahvolda inson nima qilishi kerak bo‘ladi? U o‘lganlarni qabrga joylashtiradi, xoch qo‘yadi, so‘ng aql va xotira kuchini, qo‘lining chaqqonligini va topqirlikni yordamga chaqirib, ustaxonaga keladi-da, keyinchalik uning xotini, o‘g‘li, qizlari bo‘lgan narsani zarrama-zarra to‘play boshlaydi. Tog‘ tagidan barcha zarur narsalarni topish mumkin bo‘lgan Amerika shahri bo‘lganda, aqli raso odam, har qalay, o‘zi xohlagan narsani yarata oladi-da.
Ularning qadam tovushlarini qum yutib yubormoqda edi. Ular kelganida qabristonda ikki odam allaqachon qabrni kavlab bo‘layozgan edi.
Ular oqshomga yaqin raketa oldiga qaytib kelishdi.
Uilyamson boshini irg‘ab tosh kulbaga ishora qildi.
— Ularni nima qilamiz?
— Bilmadim, — dedi kapitan.
— Balki, ularni o‘chirib qo‘yarsiz.
— O’chirib? — kapitan bir oz taajjublandi. — Bu mening xayolimga ham kelmagan edi.
— Axir siz ularni o‘zingiz bilan olib ketolmaysiz-ku?
— Yo‘q, ularni boshimga uramanmi?
— Nahotki siz ularni shu yerda, qanday bo‘lsa shundayligicha qoldirmoqchi bo‘lsangiz?
Kapitan Uilyamson to‘pponchani uzatdi.
— Agar biror narsa qo‘lingizdan kelsa, siz mendan kuchliroqsiz.
Besh daqiqadan so‘ng Uilyamson boshdan-oyoq terga botgancha kulbadan qaytib keldi.
— Mang, oling to‘pponchangizni. Endi men sizni tushundim. Men ularning oldiga qo‘limda to‘pponcha bilan kirib bordim, qizlardan biri menga jilmaydi. Qolganlari ham. Xotini menga choy tutdi.
Ey xudo, bu borib turgan qotillik bo‘lar edi-ku!
Uaylder bosh irg‘adi.
— Inson bunday mukammal narsani boshqa hech qachon yarata olmaydi. Ular uzoq umr ko‘rish uchun yaratilgan. — O’n, ellik, ikki yuz yil. Ana shunaqa… Ularning yashashga… yashashga bizdan haqlari zig‘ircha kam emas. Mendan ham, har birimizdan ham. — U trubkasidan kulni qoqib tushirdi.
— Mayli, bortga chiqinglar. Parvozda davom etamiz. Bu shahar baribir halok bo‘lgan, u biz uchun yaroqsiz.
Quyosh botdi. Muzdek shamol esdi. Butun ekipaj bortga chiqib olgan edi. Kapitan imillardi.
Uilyamson so‘radi:
— Siz tushib ketishga… e-e, ular bilan xayrlashishga shoshilmayapsizmi? Kapitan Uilyamsonga sovuq qarab qo‘ydi.
— Bu mening ishim.
Uaylder oqshom shamoliga yuzma-yuz tog‘ tomon odimlab ketdi. Fazogirlar uning qorasi kulba devori ichida g‘oyib bo‘lganini ko‘rib turishardi. Ular ayol soyasini ham ko‘rishdi. Ular komandirning ayol qo‘lini siqib qo‘yganini ham ko‘rishdi.
Avgust 2026
YOQIMLI YOMG’IR YOG’ADI
Mehmonxona bo‘lmada go‘yo birov eshitmay qolishidan qo‘rqqanday gapiruvchi soatlar tinmay: “chiq-chiq, yetti bo‘ldi, tong otdi, turing o‘rningizdan!” — deb qo‘shiq aytar edi. Ertalabki sukunat chulg‘agan uy huvillab turardi. Soat esa hamon chiqillar va bo‘shliq tomon nuqul o‘zining sevgan qo‘shig‘ini taratar edi: “sakkizdan o‘n daqiqa o‘tdi, nonushta qilish vaqti yetti, sakkizdan o‘n daqiqa o‘tdi!”