Kaminda so‘nib borayotgan olov lip-lip qilardi, sigara unsiz kulga aylanib to‘kilib tushardi. Gung devorlar oralig‘ida bir-biriga qarama-qarshi ikki oromkursi turibdi, musiqa hamon yangrardi.
Soat o‘nda talvasa boshlanadi.
Shamol esdi. Daraxtdan sinib tushgan quruq butoq oshxona derazasiga taqalib qoldi. Dog’ ketkazgich eritmali shisha plitaga urilib chil-chil bo‘ldi. Bir lahzada butun oshxona olov ichida qoldi!
— Yong‘in! — qichqiriq eshitildi. Chiroqlar lip-lip qilardi, nasoslardan, tarang tortilgan shiftlardan suvlar tizillab otildi. Biroq suyuq yonilg‘i linolium bo‘ylab yoyilib ketdi, u singdi-da, eshik tagiga sho‘ng‘idi va ortidan talay odamlar jo‘rlikda kuylab yubordi:
— Yong‘in! Yong‘in! Yong‘in!
Uy bardosh berishga urinardi. Eshiklar zich yopilib qoldi, biroq deraza oynalari issiqqa chidolmay otilib ketdi va shamol olovni gurillatib yubordi.
Olov tazyiqi ostida o‘n milliardlab darg‘azab uchqun surbetlarcha yovuzlik ila xonadan-xonaga uchib kirar va zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilardi, uy chekina boshladi.
Hamon devorlardan yo‘rg‘alagancha sarosimali suv kalamushlari chiqib kelmoqda edi va yana suv olib kelgani izlariga qaytar edilar. Devor changlatgichlar ham mexanik yomg‘ir sinchlarini havoga ko‘tarishdi. Ammo kech edi. Allaqaerda og‘ir uh tortib, yelkalarini kergan ko‘yi nasos qotib qoldi. Olov bilan olishayotgan yomg‘ir tindi. Necha kunlardan beri hammomlar va idish yuvish xonalarni ta’minlab kelgan zaxira qozondagi suv tugab bo‘lgandi.
Zinalarni birin-ketin yamlagancha olov chars-churs qilardi. Yuqoridagi xonalarda u mechkay odamga o‘xshab Pikasso va Matissning suvratlarini mazza qilib tushirar, moyli qobig‘ini yalar va xolstlarni avaylabgina qora naycha qilib o‘rar edi.
Olov karavotlargacha yetib bordi, hali zamon deraza rahlariga sakrab chiqadi-da, darpardalarga qaytadan gul beradi!
Biroq shu zahoti ko‘mak yetib keladi.
Chordoq tuynuklaridan ko‘zga ko‘rinmas robotlar pastga tikilib turar va forsunka og‘izlaridan yashil dorilar ufurardi.
Olov birdan turtinib ketdi; hatto fil ham o‘lgan ilonni ko‘rganda shoshib qoladi-ku. Hozir bo‘lsa poldan yigirmata ilon o‘rmalab kelardi, yashil ko‘pikli sovuq, toza zahri bilan olovni o‘ldirmoqda edi.
Ammo olov ham anoyi emasdi, u alangali tillarini devor tashqarisidan yuqoriga, chordoqqa yubordi — u yerda nasoslar bor edi. Gumbur-r-r! Nasoslari boshqarib turadigan elektr miya birinchi nayzasini to‘sinlarga sanchdi.
So‘ng olov orqaga qaytdi va kiyimlar osig‘liq barcha hujralarni aylanib chiqa boshladi.
Dub suyaklari qisirlab, uy titrab ketdi, uning yalang‘ochlanib qolgan skeleti issiqdan bukildi, uning tomirlari — simlar tarmog‘i shalvirab osilib qoldi, go‘yo qizil tomirlari va kapillyarlari jazirama havoda tez-tez urishi uchun qandaydir jarroh uning terisini shilib olayotganday. Qorovul! Korovul! Yong‘in!
Qochinglar, jonlaringni saqlab qolinglar! Olov ko‘zgularni qishdagi mo‘rt muzdek mayda-mayda qilib ushatardi. Ovozlar esa nola qilardi: “Yong‘in, yong‘in, qochinglar, jonlaringni saqlab qolinglar!” Go‘yo ovloq o‘rmonga olib borib tashlangan va o‘layotgan o‘n ikki bola biri past, biri baland ovozda mungli bolalar qo‘shig‘ini aytayotgandek. Biroq simlarning qobiqlari qovurilgan kashtanlar misol birin-ketin tinmoqda edi. Ikkita, uchta, to‘rtta, beshta ovoz gum bo‘ldi.
Bolalar xonasida olov junglini qamrab oldi. Zangori arslonlar o‘kirar, qirmizi jirafalar sakrar edilar.
Qoplonlar dam sayin ranglarini o‘zgartirib, u yoqdan-bu yoqqa o‘zlarini otar edilar; olovdan jon saqlash niyatida o‘n million hayvon uzoqdagi qaynoq daryo tomon chopib bormoqda edi…
Yana o‘n ovoz o‘ldi. So‘nggi lahzada olov seli gumburi orasidan boshqa, ma’nosini yo‘qotgan ovozlarni farqlash mumkin bo‘lardi, hali vaqt bor edi, musiqa yangrardi, maysazor bo‘ylab teleboshqaruvli mashina o‘roq kezinardi, telbalangan soyabon goh ochilib, goh yopilib yotgan, tashqari eshik ostonasidan orqaga va oldinga sakragani-sakragan edi, — ostonadan birvarakayiga mingta buyum o‘tardi, xuddi yuzlab soat birdaniga zang urgan soatsozlik ustaxonasimi deysiz: qandaydir yagonalikka payvandlangan telba to‘s-to‘polon hukmron edi bunda; qo‘shiqlar, qiyqiriqlar va so‘nggi axlatchi sichqonlar tozalash, bu dahshatli, isqirt kulni yo‘qotish uchun inlaridan sakrab-sakrab chiqib kela boshladilar! Bir ovoz esa sodir bo‘layotgan voqealardan azbaroyi nafratlanganidan tutab yotgan xonada she’r o‘qiy ketdi, to barcha plyonkalar yonib bitmaguncha, barcha simlar erib ketmaguncha, barcha kesmalar to‘kilib tushmaguncha she’r o‘qishdan to‘xtamadi.
Nihoyat, olov uyni portlatib yubordi va u har tomonga dud va uchqun sochgancha yerga yuz tuban ag‘darilib tushdi.
Chala yongan va yonayotgan to‘sinlar to‘kilib tushguniga qadar bir soniya qolganda oshxonada pechka aql bovar qilmas tezlikda nonushtalar tayyorlardi: o‘nta tuxum, oltita baton, ikki yuz bo‘lak cho‘chqa yog‘i — shular barini olov bitta qo‘ymay yamlar, hansirayotgan pechkani yana va yana jazavaga tushib ovqat pishirishga majbur qilardi.