Читаем Marsga hujum полностью

Uchala bola qiyqirib yubordi va qayiq bir yonga qiyshaydi, ular baliqni ko‘rishga oshiqib, ingichka bo‘yinlarini cho‘zgancha pastga engashishdi. Voy-bo‘y, anovini qaranglar! Kumushrang halqa baliq yonginalaridan biltanglagan va bir lahza ichiga yegulik xo‘rak tushib qolgan qorachiqday qisilgan holda suzib o‘tib ketdi.

— Xuddi urushning o‘zi-ya, — g‘udranib dedi otam. — Urush suzayapti, xo‘rakni ko‘rayapti, qisilyapti. Qarabsanki, Yerdan nom-nishon yo‘q.

— Uilyam, — dedi onam.

— Kechir.

Ular jim bo‘lib qolishdi, qarshida esa kanalning muzday zilol suvi shiddat bilan oqardi. Chor-atrofda tiq etgan tovush yo‘q, faqat motorning guvillashi, suvning shaloplashi, quyoshdan bug‘langan havo oqimigina bor, xolos.

— Qiziq, marsliklarni qachon ko‘ramiz? — so‘radi Maykl.

— Tez orada, — uni ishontirib dedi ota. — Balki, kechqurun ko‘rarmiz.

— Marsliklar bitta qolmay qirilib ketgan-ku, — dedi oyim.

— Yo‘q, qirilib ketishmagan, — anchadan keyin javob berdi dadam. — Men sizlarga marsliklarni ko‘rsataman, bu aniq.

Timoti lunjini osiltirdi, biroq hech nima demadi. Hammasi qandaydir g‘alati edi. Ta’til ham, baliq ovi ham, kattalarning bir-biriga qarab olishlari ham.

Uning ukalari esa marsliklarni tomosha qilmoqchi bo‘lib kanalning ikki metrli tosh devoriga kaftlari tagidan ko‘z uzmay tikilib turishardi.

— Ular qanaqa o‘zi? — surishtirardi Maykl.

— Ko‘rganingda bilasan. — Otasi go‘yo kinoya qildi va Timoti uning yanoqlari uchayotganini payqadi.

Onasi g‘oyatda nozik va mo‘rt edi, zarrin sochlarini boshiga fir’avnlar bosh kiyimi — tiaraday tashlab olgan, ko‘zlari esa kanalning soyadagi chuqur muzdek suvi rangiga o‘xshab, yoqut xolchalari bo‘lgan qariyb qirmizi tusda. Uning ko‘zlarida baliqday goh yorqin, goh xira, birlari tez, yashinday, birlari sekin, imillab suzayotganini ko‘rish mumkin edi, gohida esa — deylik, ayol osmonga, Yer bo‘lmagan joyga qaraganida, ko‘zlarida hech nima bo‘lmasdi, faqat rang bo‘lardi, xolos… Ona qayiq tumshug‘ida o‘tirardi, bir qo‘lini bortga, ikkinchisini shimining dazmollangan joyiga qo‘yib olgan, oftobda kuygan yumshoq bo‘yin chizig‘i oq gulga o‘xshagan yoqa ochilgan joyga borib uzilar edi.

Ona hammavaqt oldinga qarardi, nimanidir ilg‘amoqchi bo‘lardi, ammo ilg‘ayolmay eri tomonga o‘girilardi; erining ko‘zlarida u oldindagi narsaning aksini ko‘rdi, eri esa bu aksga o‘zidan nimadir bir narsani, qat’iy ahdi qarorini qo‘shdi va uning yuzidagi keskinlik kamaydi, ayol yana oldinga o‘girilib oldi, bu safar nimani izlash kerakligini bilib, xotirjam tikila boshladi.

Timoti ham tikilar edi. Biroq u keng tekis vodiyning o‘rtasidagi binafsharang kanalning o‘qday tik chizig‘ini ko‘rib turardi, vodiy suv yuvgan pastqam tepaliklar bilan qurshalgan edi. Chiziq osmon chekkasidan nariga chiqib ketardi va kanal tobora nariga, yana ham nariga, xuddi bir silkisang quruq bosh chanog‘idagi qo‘ng‘izchalar kabi jangirlab to‘kilib tushgudek shaharlardan ham nariga cho‘zilib ketgandi. Issiq kun va salqin tunlarda yoz tushlarini ko‘rayotgan yuzta, ikki yuzta shahar…

Mana shu sayrni deb, mana shu baliq ovini deb ular millionlab mil uzoqlikdan uchib keldilar.

Raketada esa qurol bor edi. Ta’tilga ketdik emish! Mana, bu oziq-ovqatlar nechun — kam deganda rosa bir yilga yetadi — ularni raketaning shundoq yonginasiga g‘amlab qo‘yishibdi-ku, ta’til emish!

Ammo bu ta’til ortida quvonchli tabassum emas, balki qandaydir shafqatsiz, qattiq, hatto qo‘rqinchli bir narsa yashiringan. Timoti hech bu yong‘oqni chaqolmadi-chaqolmadi-da, ukalarining esa bu bilan ishlari yo‘q — o‘n yoki sakkiz yoshdagi bolakaylarning xayolida nimalar bo‘lardi deysiz?

— E, qani marsliklar? Odamni jinni qilishadi! — Robert iyagi uchini kaftiga qo‘ygancha kanalga tikildi.

Dadamning qo‘lida eskicha yasalgan bir atom radiosi bor edi: uning boshini, qulog‘i yonini bossang bo‘ldi, radio biron narsani kuylagancha yoki gapirgancha aylana boshlaydi. Dadam ayni paytda radioni tinglab turardi va uning chehrasi mana shu o‘lgan mars shaharlaridan biriga o‘xshab ketardi — tund, ezilgan, hayotdan asar yo‘q.

So‘ng u radioni onaga uzatdi. Onaning lablari ochildi.

— Nima… — Timoti savol bermoqchi bo‘ldi-yu, gapini tugatolmadi.

Chunki shu lahzada birining ketidan ikkinchisi bo‘lib ikkita ulkan portlash ularni silkib tashladi va hang-mang qilib qo‘ydi, ketidan yana kuchsizroq bir nechta portlash sodir bo‘ldi.

Ota boshini orqaga tashladi-da, tezlikni oshirdi. Qayiq suvni qattiq shaloplatgan va sakragan ko‘yi olg‘a uchib ketdi. Robert darhol o‘zini o‘nglab oldi, Maykl esa qo‘rqqanidan yuragi yorilgudek bo‘lib chiyilladi va naq burni tagidan uchib o‘tayotgan oqimga qaragancha onasining oyoqlariga yopishdi.

Перейти на страницу:

Похожие книги