Читаем Marsga hujum полностью

Tezlikni oshirib, ota qayiqni shiddat bilan burdi va ular ensiz qo‘shimcha kanalga, krablar hidi anqib turgan eski yarimvayrona toshqirg‘oqqa suzib kelishdi. Qayiq tumshug‘ini tosh qirg‘oqqa shunaqangi qattiq kelib urdiki, hamma oldinga munkib ketdi, ammo hech kim lat yemadi, ota esa ularning kelib yashiringan joyini bildirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan qayiqning suvdagi izi qolmadimikan deb kanaldan ko‘zini uzmasdi. Kanal sathidan uzun to‘lqinchalar yoyilib ketdi; toshqirg‘oqdan bo‘sa olib, ular orqaga qaytishdi, qaytishda orqadan yugurib kelayotganlarni tutib olishdi-da, quyoshning jimjimador nurlari ostida bari aralash-quralash bo‘lib ketdi, so‘ng mavjlar g‘oyib bo‘ldi.

Dada quloq tutdi. Ular barchasi quloq tutishdi.

Otaning nafasi bostirma tagida bo‘g‘iq aks sado berardi, go‘yo muzdek, nam tosh qirg‘oqqa birov musht tushirayotgandek. Endi nima bo‘larkin deya oyi mushukday ko‘zlarini dadaga tikkan.

Ota chuqur, yengil xo‘rsinib qo‘ydi-da, o‘zining ustidan qah-qah urib kuldi.

— Axir bu bizning raketamiz-ku! Nimagadir vahmachi bo‘lib qolibman. Ha-da, bu raketa.

— Bu nima edi o‘zi, dadajon, — so‘radi Maykl, — nima edi o‘zi bu?

— Raketamizni portlatib yuboribmiz, bor-yo‘q gap shu. — Timoti ishchan ruhda gapirishga urindi.

— Raketalar qanday portlashini hech eshitmaganmisan? Biznikini ham portlatishdi…

— Nega biz raketamizni portlatamiz? — Tinib-tinchimasdi Maykl. — Nimaga, dadajon?

— O’yinda shunaqa bo‘ladi, kallavaram! — javob berdi Timoti.

— O’yinda?! — Maykl bilan Robert bu so‘zni jonlaridan yaxshi ko‘rishardi.

— U portlashi uchun dadam ataylab shunday qilganlar, qaerga kelib qo‘nganimizni va qayoqqa gumdon bo‘lganimizni hech kim bilmasligi uchun! Bordi-yu, birov bizni topib olmoqchi bo‘lsa, bildingmi?

— Voy-bo‘y, sir-ku!

— O’z raketamizdan qo‘rqib yuribmiz, — iqror bo‘ldi ota onaga. — Asablar! Bu yerda boshqa raketalar paydo bo‘lib qolishi mumkinligini o‘ylash ham kulgili. Yana bitta raketa uchib kelishi hech gap emas: agar Edvards xotini bilan yetib kelolsa.

— U yana mitti priyomnikni qulog‘iga tutdi. Ikki daqiqadan keyin uning qo‘llari lattaday osilib tushdi.

— Bo‘ldi, tamom, — dedi onaga. — Atom nuridagi stantsiya hozirgina ishini tugalladi. Yerning boshqa stantsiyalari allaqachondan beri miq etmaydi. So‘nggi yillarda ular bor-yo‘g‘i ikki-uchtagina edi. Endi efirda o‘lik sukunat. Bu uzoqqa cho‘zilishi aniq.

— Qanchaga? — so‘radi Robert.

— Ehtimol… sizning chevaralaringiz radio tinglashsa kerak, — javob berdi ota. U boshini quyi solib o‘tirar va bolalar uning ichidan nimalar o‘tayotganini bilib turishardi: taqdirga tan berish, afsus-nadomat, itoatkorlik.

So‘ng u yana qayiqni katta kanalga olib chiqdi va ular yo‘llarida davom etishdi.

Kech kirib borardi. Quyosh ufqqa bosh qo‘ya boshlagan; oldinda birin-ketin o‘lik shaharlar yastlanib yotardi.

Ota o‘g‘illari bilan quvnoq, bir maromda gap sotar edi. Ilgarilari u ko‘pincha kamgap, kamsuqum, qo‘pol bo‘lardi, endi esa — bular buni his qilib turishardi — dada so‘zlar bilan bamisoli ularning boshidan silamoqda edi.

— Maykl, shahar tanla.

— Nima, dadajon?

— Shahar tanla, toychog‘im. Yo‘limizda duch kelgan har qanday shaharni tanla.

— Bo‘pti, — dedi Maykl. — Qanday tanlayman?

— O’zingga eng ko‘proq yoqqanini. Robert, sen ham, Tim, sen ham tanla. Ko‘nglingizga mosini tanlayveringlar.

— Men marsliklari bo‘lgan shaharni tanlayman, — dedi Maykl.

— Marsliklar bo‘ladi, — javob berdi ota. — Va’da beraman. — Uning lablari o‘g‘illariga murojaat qilsa-da, ko‘zlari onada edi.

— Yigirma daqiqa ichida ular olti shaharni yoqalab o‘tishdi. Ota endi portlashlar haqida gap ochmay qo‘ygandi; endi go‘yo o‘g‘illarining ko‘nglini ovlash, ularning dilini xushlash dunyodagi eng muhim ishlardan biri bo‘lib qolgandi.

Mayklga birinchi shaharoq yoqib qoldi, biroq “shoshgan qiz erga yolchimas” degan maqolni eslashib, uni bundan qaytarishdi. Ikkinchi shahar hech kimning didiga mos kelmadi. Uni yerliklar qurgandi, uylarning yog‘och devorlarini qurt yeb, po‘k qilib qo‘ygandi. Uchinchi shahar Timotining ko‘ngliga xush yoqib qoldi — katta ekan! To‘rtinchi va beshinchi shaharlar hammaga kichkina bo‘lib ko‘rindi, ammo oltinchisini ko‘rib hammaning, hatto onalarining ham og‘zi ochilib qoldi, “Voy-bo‘!”,

“Zo‘r!”, “Ana buni shahar deydi-da!” kabi xitoblar yangradi.

Shu yerda elliktacha muhtasham bino bus-butun saqlanib qolgandi, ko‘chalari changli bo‘lsa-da, tosh yotqizilgan edi. Maydonlardagi ikki-uchta ko‘hna favvoralardan hamon nam sizib turar, botayotgan quyosh nurlarida jimirlab ko‘ringan suv jilg‘alari butun shahardagi hayotning yagona zuhuri edi.

— Shu yer, — bir ovozdan dedi hamma.

Ota qayiqni bandargohga olib keldi-da, qirg‘oqqa sakrab chiqdi.

— Mana, keldik ham. Bular barchasi — bizniki. Endi shu yerda yashaymiz!

— Yashaymiz? — Maykl shoshib dedi. U shaharga qaragancha oyoqqa turdi, so‘ng ular raketani qoldirgan tomonga yuzini o‘girdi. — Raketa nima bo‘ladi? Minnesota nima bo‘ladi?

— Mana, — dedi ota. U radiopriyomnikni Mayklning mallarang boshiga taqadi. — Tingla.

Maykl quloq sola boshladi.

— Hech narsa yo‘q, — dedi u.

Перейти на страницу:

Похожие книги