Читаем Marsga hujum полностью

Kun botardi, ayovsiz poygali kundan keyin u mashinani yo‘l chekkasiga burib to‘xtatdi, oyog‘ini qisgan botinkalarini yechib tashladi, o‘rindiqqa cho‘zildi-da, hashamdor shlyapasini horg‘in ko‘zlari ustiga tortib qo‘ydi. U sekin, bir tekisda nafas olar edi. Oqshom qorong‘iligida sarin shabada esar, yulduzlar quvnoq jimjima qilar edi. CHor atrofda qadimdan-qadim Mars tog‘lari savlat to‘kib turardi.

Yulduzlarning nurlari shaxmat donalari kabi moviy yonbag‘irlarga tutashib ketgan Mars shaharchasi minoralari ichida jimirlar edi.

U uyqu bilan bedorlik o‘rtasidagi allaqaerda ivirsigancha cho‘zilib yotardi. U shivirladi: Jeneveva.

So‘ng asta xirgoyi qila boshladi. “Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab. Lekin azizim Jeneveva…” Uning ko‘ngli xotirjam edi. Quloqlari ostida ayolning past, mayin, bir maromdagi ovozi jaranglardi: “Allo, hoy Uolter! Hech kim yozib olmayapti. Axir qaerdasan, Uolter?”

U oh tortdi, qo‘lini tekkizib olmoqchidek, oy nuriga qarab uzatdi. Shamol uning uzun qora sochlarini, ajoyib sochlarini to‘zitib yubordi. Lablari tandirdagi yallig‘langan cho‘g‘dek. Yanoqlari esa hozirgina uzib olingan bir juft atir guldek. Badani ham oppoq tumandek harir, mayin, ravon, nafis ovozi esa unga qadimgi mungli bir qo‘shiqni xirgoyi qilayotgandek:

“Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab…”

U uxlab qoldi.

U Nyu-Teksas-Sitiga yarim tunda yetib keldi. Mashinani “Dellyuks” pardozxonasi yonida to‘xtatdi-da, heh deb qo‘ydi.

Mana, hozir ayol xandon tashlab kulgancha atirlar tumani ichidan yugurib chiqib keladi.

Ammo bunday bo‘lmadi.

— Uxlab qolgan. — Uolter eshik oldiga keldi. — Men shu yerdaman! — Qichqirdi u. — Allo Jeneveva!

Sokin shahar ikki barobar yorilib turgan oy nuriga chulg‘angan, allaqaerda shamol brezent pardani shaloplatib o‘ynardi.

U oynavand eshikni keng ochib, ichkariga qadam qo‘ydi.

— Eh-he! — yigit xijolat ichida kulib yubordi. — Yashirinma! Qaerdaligingni bilib turibman.

U barcha xonachalarni qidirib chiqdi.

Yerda mo‘‘jazgina dastro‘molcha topib oldi. Undan shunday mo‘‘jizaviy hid kelardiki, boshi aylanib, chayqalib tushdi.

— Jeneveva, — ovoz chiqarib dedi u.

U mashinasini bo‘m-bo‘sh ko‘chadan haydab borardi, biroq odam qorasi ko‘rinay demasdi.

— Hazil ham shunaqa bo‘ladimi-a…

U tezligini oshirdi.

— Shoshma-shoshma, axir bizni ajratib qo‘yishgan. Balki u men bu yoqqa ketayotganimda Merlin-Villijga jo‘navorgandir? — U qadimgi dengiz yo‘lidan ketib, kunduzi bir-birimizni ko‘rmay qolgandirmiz.

Bu yerga kelishimni u tush ko‘ribdimi? — Axir men kelishimni aytmagandim-da. Telefon jimib qolgach, u qo‘rqib ketganidan meni qidirib, Merlin-Villijga qarab uchgandir! Men bo‘lsam, bu yerda yuribman, jin ursin, men ham odam bo‘ldimmi!

U klaksonni bosdi-da, shahardan o‘qdek uchib chiqdi.

U tun bo‘yi mashinasini uchirib yurdi. Miyasida faqat bitta o‘y: “Agar uni Merlin-Villijda topmasam, nima bo‘ladi?”

Bunday xayolni miyadan chiqarib tashlash kerak. U o‘sha yerda bo‘lishi kerak. U yugurib keladi-da, uni quchoqlab oladi, ehtimol bir gal hatto labidan o‘pib ham olar.

“Jeneveva, azizim”, — pedalni soatiga yuz mill tezlikda bosgancha hushtak chalib xirgoyi qilardi u.

Merlin-Villijda ertalabki sukunat hukmron edi. Do‘konlarda hali sariq chiroqlar yonib turardi; yuz soat beto‘xtov ishlagan avtomat nihoyat elektr tutashuvdan shirq etdi-da, jimib qoldi; shu bilan to‘liq sukunat cho‘kdi. Quyosh ko‘chalarni va loqayd muzdek osmonni isita boshladi.

Uolter faralarini o‘chirmay klaksonni chinqirtirib bosgancha Meyn-stritga qarab burdi. Ko‘zlarini do‘kon lavhalaridan uzmasdi. Yuzi devordek oqarib ketgan, horg‘in, qo‘llari terdan ho‘llangan chambar ustida sirg‘alardi.

— Jeneveva! — bo‘m-bo‘sh ko‘chaga qarab qichqirdi.

Pardozxona eshigi ochildi.

— Jeneveva! — U mashinani to‘xtatdi-da, ko‘chani chopib kesib o‘tdi.

Jeneveva Selzor pardozxona eshigida turardi. Qo‘llarida ochilgan shokolad qutichasi. Do‘mboq, oppoq barmoqlar qutini mahkam ushlab turardi. Uolter yorug‘ joyga kirib kelganda, ko‘rdiki, qizning yuzi dum-dumaloq va do‘mboqqina, ko‘zlari bir dumaloq xamirga suqib qo‘yilgan bir juft yirik-yirik tuxumdek. Oyoqlari kundadek yo‘g‘on-yo‘g‘on, yurishlari g‘ozdek alpon-talpon. Sochlari — qush uyasi ko‘rinishida obdon turmaklangan bo‘lib, rangi qandaydir qo‘ng‘ir tusda. Lab degan narsaning o‘zi yo‘q.

Uning o‘rnida andoza bosib chizilgan yo‘g‘on qizil yo‘l turardi, u quvongandek bir ochilib, qo‘rqqandek yumilardi. Qoshlarini esa butunlay terib tashlagan, atigi ikkitagina ingichka tuk qoldirgan, xolos.

Uolter dong qotib qoldi. Yuzidagi tabassumdan asar ham qolmadi. U hayron bo‘lgancha bir joyda turib qoldi.

Qiz shokoladlarni yerga tushirib yubordi.

— Siz Jeneveva Selzormisiz? — o‘z ovozi begona ovozdek tuyulib so‘radi Uolter.

— Siz Uolter Griffmisiz? — so‘radi qiz.

— Gripp.

— Gripp, — to‘g‘riladi qiz.

— Salom, — bazo‘r dedi yigit.

— Salom. — Qiz uning qo‘lini siqdi.

Qizning barmoqlari shokoladdek yopishqoq bo‘lib qolgan edi.

— Xo‘sh, — dedi Uolter Gripp.

— Nima, — so‘radi Jeneveva Selzor.

— Men faqat “Xo‘sh” dedim, — izoh berdi Uolter.

— Ha.

Перейти на страницу:

Похожие книги