Читаем Marsga hujum полностью

Kechqurun u issiq turk hammomida mazza qidib cho‘mildi, suvli go‘sht va noyob qo‘ziqorin qayla tamaddi qildi, chet el oq xeres va qulupnay sharobidan no‘sh qildi. Yangi ko‘k flanel kostyumini va uning cho‘zinchoq boshi ustida o‘ynab qoladigan kulrang bayramlik shlyapasini tanladi. “Bizning keksa shaykamiz” kuyini chalayotgan avtomat radiolaga tanga suqdi. Butun shahar bo‘yicha yigirmata shunaqa avtomatga beshtalikdan suqib chiqdi. “Bizning keksa shaykamiz”ning mungli ovozlari kimsasiz tun va huvillagan ko‘chalarni to‘ldirib yangradi, u esa daroz, ozg‘in, tanho bir ahvolda yangi botinkalarini avaylab bosgan, sovuqqotgan qo‘llarini cho‘ntaklari ichida isitgan ko‘yi hamon ketib borar edi.

Shundan buyon bir hafta o‘tdi. U Mars-Avenyudagi quling o‘rgilsin uyda uyquni urdi. Ertalab soat 9da turdi, hammomda cho‘mildi-da, cho‘chqa go‘shtli tuxumlar bilan nonushta qilgani eringancha shahar tomon odimlab ketdi. Xudoning bermish kuni ertalab u navbatdagi muzxonaga tonnalab go‘sht, sabzavot, limu kremi surilgan pishiriqlarni tiqib tashlar, Yerdan raketalar qaytib kelmaguncha o‘ziga o‘n yillik oziq-ovqatni g‘amlab olardi. Hali raketalar qaytib keladimi-yo‘qmi, xudo biladi.


Bugun kechqurun esa u pushti, chiroyli rang-barang peshtaxtalardagi mum ayollarni tomosha qilgancha oldinga-orqaga tinmay egilar edi. Birinchi marta shaharning qay darajada o‘likligini his etdi.

Bir krujka pivoni simirdi-da, asta tirjaydi.

— Jin ursin, — dedi u. — Men butunlay yolg‘izman.

U “Elit” kinoteatriga kirdi, yolg‘izlik haqidagi fikrlardan chalg‘itish uchun u o‘ziga kino ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Zal ichi bo‘m-bo‘sh va dahmadagidek jim-jit edi, keng ekran bo‘ylab kulrang va qora sharpalar suza boshladi. Uning vujudi titrab ketdi va shaytonlar in qurgan bu maskandan qorasini o‘chirishga jazm etdi.

Uyga qaytishga ahd qilib, u tez-tez yurib borardi, telefon qo‘ng‘irog‘ini eshitib, jim-jit mahalla tosh ko‘chasidan qariyb yugurib ketdi.

U quloq soldi.

“Qaerdadir telefon jiringlayapti”.

U olg‘a yurishda davom etdi.

“Hozir kimdir go‘shakni oladi”, — erinchog‘lik bilan o‘yladi u.

U yo‘lka chekkasiga o‘tirdi va botinkasidan shoshmay toshchalarni qoqib tushira boshladi.

Birdan qattiq qichqirib oyoqqa turdi:

— Kimdir! Samoviy kuchlar, nahotki bu men bo‘lsam!

U talvasa ichida atrofga alangladi. Qaysi uyda? Hov anavunda! Maysazor ustidan uchib o‘tdi, zinapoyalardan yuqoriga otildi, uyga kirdi, qop-qorong‘i zalda turibdi.

Shiddat bilan go‘shakni oldi.

— Allo! — qichqirdi u.

— Zzzzzzzzzzzzz.

— Allo, allo!

Qo‘yib qo‘yishibdi.

— Allo! — o‘kirdi u va go‘shakni siltadi. — Padaringga ming la’nat! — O’zini o‘zi so‘kdi u. — Yo‘lakda o‘tirib senga zarurmidi, galvars! Shaytonvachcha, to‘nka! — u qo‘llari bilan telefon apparatini qattiq siqdi. — Qani, yana bir qo‘ng‘iroq qil. Qani!

Shu paytgacha Marsda undan boshqa biron-bir odam qolishi mumkinligi uning miyasiga ham kelmagandi. O’tgan butun hafta davomida u bitta ham odamni ko‘rmadi. U boshqa barcha shaharlar ham mana shunday kimsasiz deb xayol qilgan edi.

Endi esa hayajondan titrab-qaqshagancha ikki ko‘zini qora qutichadan ololmasdi. Avtomat telefon tarmog‘i Marsning barcha shaharlarini bir-biri bilan ulab turardi. Ular o‘ttizta — qaysi biridan qo‘ng‘iroq qilishdi ekan?

U bilmasdi.

U kuta boshladi. Yot xonadon oshxonasiga o‘tdi, muzlagan qulupnay erib yotardi, uni g‘amgingina yedi.

— Bu yerda hech kim bo‘lmagan aslida, — g‘udrandi u. — Balki shamol qaerdadir simyog‘ochni ag‘darganda tasodifan simlar ulanib qolgandir.

Lekin u kimdir narigi tomonda go‘shakni ilgandagi shirq etgan ovozni eshitdi-ku?

Butun tunni Uolter Gripp zalda o‘tkazdi.

— Bu yerda telefonning hech qanday aloqasi yo‘q, — o‘zini ishontirib dedi u. — SHunchaki mening boshqa qiladigan ishim yo‘q.

U soatining chiq-chiqiga quloq tutdi.

— Xotinim endi qo‘ng‘iroq qilmaydi, dedi u. — Javob bermagan odamga qaytadan raqamlarni terish unga zarur kelibdimi? Ehtimol, ayni daqiqalarda shahardagi boshqa uylarga qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsa kerak! Men bo‘lsam bu yerda o‘tiribman… Shoshma! — u miyig‘ida kuldi. — Nega men “xotinim” deyapman?

U sarosima ichida ko‘zlarini pirpiratdi.

— Axir erkak kishi ham mana shunday dadil ko‘ng‘iroq qilishi mumkin-ku, shunday emasmi?


Yurak urishi sezilmasdi. Muzdek va bo‘m-bo‘sh, g‘oyat bo‘m-bo‘sh.

U ayol kishi bo‘lishini juda-juda xohlardi.

U uydan chiqdi-da, erta tong g‘ira-shirasida arang ko‘zga chalingan ko‘cha o‘rtasida to‘xtadi.

Quloq soldi. Tiq etgan tovush yo‘q. Na bir qush, na bir mashina ovozi eshitiladi. Faqat yurak dukullaydi. Duk — jimlik — duk. Azbaroyi zo‘riqishdan yuzi burishib ketadi. Shamol esa shu qadar mayin, shu qadar nazokat bilan esardiki, epkinlari uning pidjagi etaklarini ohista siypab o‘tadi.

— Jim, — shivirladi u. — Quloq sol!

U nigohini bir jim-jit uydan boshqasiga olgancha asta joyida aylandi.

Перейти на страницу:

Похожие книги