Va nihoyat, Voland ham o‘zining haqiqiy qiyofasiga kirgan edi. U mingan otning jilovi nimadan yasalgan deb so‘ralsa, Margarita aytib bera olmasdi, shu bois uni oy shu’lasidan yasalgan zanjir bo‘lsa kerak deb o‘ylardi, otni esa — quyuqlashgan zulmat, uning yolini — bulut, suvori oyog‘idagi shporlarni — yudduzlarning oq dog‘i deb hisoblardi.
Ular shu zaylda teran sukutda uzoq uchdilar, nihoyat ularning poyi ostidagi zamin ham o‘z qiyofasini o‘zgartira boshladi. Shumshuk o‘rmonlar zulmat qa’riga g‘arq bo‘larkanlar, shamshirning damini eslatib, ko‘zga g‘ira-shira tashlangan daryolarni ham o‘zlari bilan olib ketdilar. Pastda mahobatli dumaloq toshlar yaltirab ko‘rindi, ularning oralari oy yog‘dusi tushmaganligidan zim-ziyo edi.
Voland ot jilovini tortib, uni usti yassi toshtepaga qo‘ndirdi, boshqa suvorilar ham unga ergashishdi; ularning qulog‘iga ot taqalarining tosh va chaqmoqtoshlarga urilgani eshitilardi. Oy bu maydonchani och-yashil shu’la bilan charog‘on qilgan edi, shunga ko‘ra, Margarita bir lahzadan so‘ng bu huvillagan xilvatgohda tosh kursini va upda o‘tirgan boshdan-oyoq oppoq kiyingan odamni ko‘rdi. Bu odam yo kar, yoki juda teran o‘yga tolgan bo‘lsa kerak. Negaki, otlarning poyi ostida toshtepaning larzaga kelganini ham eshitmadi, natijada suvorilar uni hech bezovta qilmay istiqboliga yetib bordilar.
Oy eng yaxshi elektr fonaridan ham yorug‘roq shu’la sochayotgani sababli Margarita kursida o‘tirgan odamning hadeb kaftlarini bir-biriga ishqayotganini, uning so‘qirga o‘xshagan ko‘zlari tikka to‘linoyga qadalganini ko‘rdi. Endi Margarita oy shu’lasidan u yer-bu yeri miltillayotgan zalvarli tosh kursi yonida yotgan quloqlari uchli juda bahaybat bir itni va uning ham o‘z egasi singari oyga bezovta bo‘lib tikilayotganini ko‘rdi.
O‘tirgan odamning oyog‘i ostida singan ko‘zaning sopalaklari sochilib yotar, to‘q-qizil ko‘lmak hanuz qurimagan edi.
Suvorilar otlarini to‘xtatishdi.
— Romaningizni o‘qib chiqishdi, — deb gap boshladi Voland ustaga o‘girilib, — faqat bitta fikr aytishdi: taassufki, roman tugallanmagan. Xullas, men sizga o‘z qahramoningizni ko‘rsatgim keldi. Mana, sal kam ikki ming yildirki, u shu maydonchada uxlab o‘tiradi, lekin ko‘kka to‘linoy qalqqan paytlarda, ko‘rib turibsiz, uyqusizlikdan iztirob chekadi. Uyqusizlik nafaqat uni, shuningdek, sadoqatli soqchisi — itga ham azob beradi. Qo‘rqoqlik — eng og‘ir illat, deganlari agar to‘g‘ri bo‘lsa, bu borada itda gunoh yo‘q. desak bo‘ladi. Zero bu dovyurak ko‘ppak dunyoda faqat bir narsadan — momaqaldiroqdan qo‘rqar edi. Hay, nachora, sevgan odam o‘z sevgilisining qismatiga sherik bo‘lmog‘i lozim.
— U nima deyapti? — deb so‘radi Margarita va xotirjam chehrasida achinish ifodasi namoyon bo‘ldi.
— U mudom bir gapni takrorlayapti, — degan Volandning ovozi yangradi, — oy yog‘du sochganda ham menga tinchlik yo‘q, vazifam — og‘ir vazifa, deyapti, U uxlamagan paytda doim shu gapni takrorlaydi, uxlagan chog‘ida esa, hamisha bitta narsani — oy yog‘dusidan yaralgan yo‘lkani tush ko‘radi; u mana shu yo‘lkada yurib, mahbus Ha-Notsri bilan suhbatlashishni xohlaydi, chunki uning ta’kidlashicha, bir vaqtlar, bahorgi nison oyining o‘n to‘rtinchi kuni unga aytadigan gapini ayta olmay qolgan ekan. Lekin, evoh, o‘sha oydin yo‘lkaga chiqish negadir unga hech nasib bo‘lmayapti, huzuriga ham hech kim kelmayapti. Bas, shunday ekan, iloj qancha, o‘zi bilan o‘zi suhbatlashadida. Ammo uqbatga biron yangilik kiritish kerak-ku, shunga ko‘ra, u oy haqida mulohaza qilarkan, ko‘pincha, hammadan ham o‘z boqiyligim va shon-shuhratimning mislsizligini yomon ko‘raman, deb qo‘shib qo‘yadi. Yana o‘z taqdirimni chuvrindi sayoq Leviy Matveyning gaqdiriga jon-jon deb almashgan bo‘lardim, deb ta’kidlaydi.
— Bir vaqtlardagi bir oy uchun o‘n ikki ming oydan voz kechish — judayam ko‘p emasmi? — deb so‘radi Margarita.
— Yana Frida voqeasi takrorlanyaptimi? — dedi Voland, — qo‘ying, Margarita, aslo hayajonlanmang bu yerda. Hammasi risoladagidek bo‘ladi, dunyo o‘zi shuning zamiriga qurilgan.
— Ozod qiling uni, — deb Margarita xuddi jodugar bo‘lgan paytidagidek birdan jon holatda chinqirib yubordi, bu chinqiriq zo‘ridan tog‘dan tosh ko‘chib, do‘nglikdan do‘nglikka urilib, gumburlagancha tubsiz jar qa’riga tushib ketdi. Bu — jarga qulagan toshning gumburlashimidi yo iblisona qahqahaning jarangimidi, Margarita ayta olmas edi. Nima bo‘lganda ham, Voland Margaritaga kulib boqarkan, shunday derdi:
— Tog‘liq yerda baqirish kerak emas, u ko‘chkiga ko‘nikib qolgan, unga parvo ham qilmaydi. Siz, Margarita, uning yonini olib iltimos qilmay qo‘ya qoling, negaki, boshqa odam, u suhbatlashish ishtiyoqida bo‘lgan odam, allaqachon uning uchun iltimos qilgan, — shu gapdan keyin Voland yana ustaga o‘girilib dedi: — Mana, endi siz romaningizni bitta jumla bilan yakunlashingiz mumkin!
Tosh kursida o‘tirgan prokuratordan ko‘z uzmasdan qimir etmay turgan usta go‘yo shu gapni kutayotganday ikki kaftini og‘ziga karnay qilib, shunday baqirdi-ki, ovozining aks-sadosi bu xilvat va taqir tog‘larda qayta-qayta takrorlandi.