“Hayot chindan ham O’z Taqdiri yo’lidan boradiganlarni siylaydi, — o’yladi u va Tarifga borishi, lo’li kampirga xazinaning o’ndan birini berishi lozimligini esladi. — Lo’lilar chindan dono! Dunyo bo’ylab ko’p kezishlaridan shunday bo’lsa kerak”.
U yana shamol esayotganini sezdi. Bu “livantinlik” edi, Afrikadan yelardi, biroq bu safar o’zi bilan sahro bo’yini olib kelmadi, mavrlar bosqinini daraklamadi. Endi Santyago sekin yaqinlashib kelib, lablariga bo’sa bo’lib qo’ngan muattar bo’yni, mayin tovush va ta’mni farqladi.
Bo’zbola tabassum qildi: bu Fotimaning ilk o’pichi edi.
— Men borayapman, — dedi u, — sening yoningga borayapman, Fotima.