Ular otda kun bo’yi yo’l bosishdi, qosh qoraya boshlaganda esa Alkimyogar jangchini ortiga qaytardi va egardan tushdi.
— Naryog’iga yolg’iz o’zing ketasan, — dedi u Santyagoga. — Ehromlargacha uch soatli yo’l qoldi.
— Rahmat senga, — javob qildi bo’zbola. — Sen meni Umum Tiliga o’rgatding.
— Men senga o’zing biladigan narsani eslatdim, xolos.
Alkimyogar koptlar ibodatxonasining darvozasini taqillatdi. Qora libosda ruhoniy chiqib keldi, ular koptchada qisqagina nima haqdadir gaplashib olishdi va Alkimyogar Santyagoni ichkariga taklif qildi.
— Seni menga yordam beradi, deb aytdim.
Ibodatxona oshxonasida Alkimyogar o’choqqa o’t yoqdi. Ruhoniy bir bo’lak qo’rg’oshin olib keldi va Alkimyogar qo’rg’oshinni temir idishga solib, olovga qo’ydi. Qo’rg’oshin erigach, u cho’ntagidan sariq shisha tuxum chiqardi, undan to’g’nog’ichning boshiday bo’lakchani ushatib mumladi va erigan qo’rg’oshinga tashladi.
Suyuqlik qonday qizil tusga kirdi. Alkimyogar qozonchani olovdan oldi va sovushi uchun chetga qo’yib, ruhoniy bilan sahrodagi urush haqida gurunglashdi.
— Uzoq davom etar-ov, deb qo’rqaman, — dedi u.
Ruhoniy afsuslandi: urush bois karvonlar qachondan beri G’izoda turib qolishdi. “Bari Tangrining irodasi bilan”, — qo’shib qo’ydi u itoatkorona ohangda.
— To’g’ri, — dedi Alkimyogar.
Nihoyat qozoncha sovigach, Santyago bilan ruhoniy hayratlanib qarab qolishdi: idishda doira shaklida qotgan qo’rg’oshin oltinga aylangan edi.
— Nahotki bir kun kelib men ham shunga o’rgansam? — so’radi bo’zbola.
— Bu mening Yo’lim edi — mening, sening emas. Men senga buning mumkin ekanligini ko’rsatgim keldi, xolos.
Ular yana ibodatxona darvozasiga kelishdi va shu yerda Alkimyogar oltin gardishni to’rt bo’lakka bo’ldi.
— Bu senga, — dedi u bittasini ruhoniyga uzatib. — Doim ziyoratchilarni ochiqko’ngillik bilan kutib olganing uchun.
— O’zimning ochiqko’ngilligim uchun juda ko’p olayapman men, — e’tiroz bildirdi ruhoniy.
— Hech qachon bunday demagin. Devorning ham qulog’i bor, hayot keyingi safar ulushingni kamaytirib qo’yishi mumkin, — javob qildi Alkimyogar va Santyagoga o’girildi. — Mana bu esa senga, qabila boshlig’i olib qo’ygan pullaring evaziga.
Bo’zbola ham bu oltin juda ko’pligini aytgisi keldi, biroq jim bo’ldi.
— Bu menga, — davom etdi Alkimyogar. — Men uyga qaytishim kerak, sahroda esa urush davom etayotir.
To’rtinchi bo’lakni qo’liga olib, u yana ruhoniyga dedi:
— Bu — tag’in Santyago uchun. Ehtimol, asqotar.
— Axir, men xazinani qidirib ketayapman-ku! — qichqirdi u. — Juda yaqin qoldim ularga!
— Men ham ishonaman, sen ularni topasan, — dedi Alkimyogar.
— Unda menga oltinning nima keragi bor?
— Chunki sen ikki marta boringdan ajralding. Birinchi marta seni tovlamachi aldab ketdi, ikkinchisida qabila boshlig’i shildi. Men keksa irimchi arabman, o’zimizning maqolimizga ishonaman. Maqol shunday:
“Bir bo’lgan hodisa, boshqa takrorlanmasligi mumkin. Biroq ikki bor ro’y bergan hodisa, albatta, uchinchi marta ham ro’y beradi”.
Ular otlarga minishdi.
— Senga tushlar tarixidan bir rivoyat aytib bermoqchiman, — dedi Alkimyogar. — Baqamtiroq yur.
Bo’zbola bo’ysundi.
— Shunday qilib, Qadimgi Rimda, mustabid Tiberiya zamonida bir yaxshi odam yashab o’tgan, uning ikki nafar o’g’li bo’lgan. Ulardan biri jangchi bo’lib, saltanatning uzoq chet hududiga xizmatga otlangan. Ikkinchisi esa Rim ahlini hayajonga solgan she’rlar yozgan.
Kunlardan bir kun chol tush ko’radi, tushida unga samo farishtasi uchrab, uning o’g’illaridan birining so’zlari butun dunyoda mashhur bo’lishi va bir necha yuzlab yillardan keyin ham ularni odamlar takrorlashini bashorat qiladi. Quvonganidan chol yig’lab yuboradi: taqdir unga kulib boqqan, har qanday otaga ham nasib etavermaydigan oliy sevinchni in’om etgandi.
Oradan ko’p o’tmay u halok bo’ladi — og’ir aravaning g’ildiragi tagidan bir yosh bolani qutqaradi, biroq o’zi g’ildirak tagida qoladi. Taqvoli umr kechirgani bois, uning ruhi to’g’ri samoga yo’l oladi va samoda tushida ko’rgan farishtani uchratadi.
— Sen yaxshi, ezgu inson eding, — deydi unga farishta. — Hayoting mehr-muhabbatga to’lug’ edi, qazoying — izzatli bo’ldi. Men sening xohlagan tilagingni ado eta olaman.
— Hayot ham mendan ezguliklarini darig’ tutmadi, — javob qiladi qariya. — Sen tushimda ko’ringaningda, qilgan barcha sa’y-harakatlarim behuda emasligini his etdim. Zotan, o’g’limning she’rlari avloddan-avlodga o’tadi. Men o’zim uchun hech nima so’ramayman, har qanday ota ham o’zi tarbiyalagan, o’qitgan farzandi shuhrati bilan g’ururlanadi. Shuning uchun men uzoq kelajakda o’g’limning she’rlari qanday jaranglashini bir eshitsam, degandim.
Shunda farishta uning yelkasiga yondashadi va har ikkalasi ko’z ochib yumguncha uzoq kelajakda — katta shaharda, notanish tilda gaplashayotgan minglab odamlar orasida paydo bo’lishadi.
Qariya quvonganidan yana ko’ziga yosh oladi.
— Men o’g’limning she’rlari asrlar osha yashashini bilardim, — deydi u ko’zlarida yosh bilan. — Ayt-chi, bu odamlar uning qaysi satrlarini takrorlashayotir.