— To‘g‘ri. Chunki ta’sir tarqaluvchi manbani bitta deb o‘ylaganmiz. Lekin uchinchi chiziq — «mehr va huzur-halovat» kasalini bildiruvchi mana bu «omadli» chiziq xatomizni to‘g‘riladi. Ma’lum bo‘lishicha, ta’sir ikki nuqtadan tarqalgan. Lekin ikkala nuqta ham Elza Glyukning uyida. Ko‘rib turibsizlarki, uy juda uzun. Aftidan, ta’sir nuqtalari binoning har ikkala tomonida joylashgan bo‘lsa kerak. O‘tgan safar chiziqlar ta’sir manbaining bittasi ustida tutashgan, shuning uchun ham bizga bu manba qo‘shni binoda joylashganday bo‘lib tuyulgan. Uchinchi «kasallik» esa bizga boshqa nuqtani, birinchi chiziq bilan uchinchi chiziq tutashadigan nuqtani aniqlab berdi. Tushunarlimi?
Hamma g‘imirlab qoldi.
— Aytuvdim-ku, Shtirnerning ishi bu, deb!
— Buni sizdan oldinroq aytganman.
— Yaramas! Iblis! Endi u bizdan qochib qutulolmaydi.
— Krans! Biz u jinoyatchini shu bugun kechasiyoq qamoqqa olishga ulguramiz!
— Qamoqqa olish qiyin ishmas, — dedi Krans. — Lekin ertalabgacha kutsak yomon bo‘lmasdi.
— Nima uchun kutish kerak ekan? — dedi prokuror betoqat bo‘lib. U aybnoma o‘qishdan bosh tortib, jinoyatchi bilan og‘izburun o‘pishgani uchun Shtirnerni sirayam kechirolmasdi.
— Buning sababi oddiy, — javob berdi Krans. — Biz odatdan tashqari bir jinoyatchi bilan ro‘baro‘ kelib turibmiz, shuning uchun barcha ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishimiz kerak bo‘ladi. Bank kechasi mahkam qulflanib, qattiq qo‘riqlanadi. Agar kechasi boradigai bo‘lsak, ming ehtiyot bo‘lganimiz bilan g‘alag‘ovur ko‘tarilib, dushman sezib qoladi. Yaxshisi, ertalab bank ochiladigan paytda hali odamlar kamligida borish kerak. Grajdancha kiyinib, faqat to‘pponcha bilan qurollaniladi. Bank soqchilari va xizmatchilarida shubha tug‘dirmaslik uchun bittabitta kiriladi, keyin baravariga yuqoriga tashlanib, dushmanni g‘aflatda qo‘lga olinadi.
Prokuror g‘azabidan yer depsinib turgan bo‘lishiga qaramay, tajribali izquvarning mulohazalariga qo‘shilishga va Shtirnerni qamoqqa olishni ertalabgacha qoldirishga majbur bo‘ldi.
— Menga qolsa, — deya gapini davom ettirdi Krans, — bu ishni yana bir kunga kechiktirsak tag‘inam durust bo‘lardi.
— Shunisi yetmay turuvdi! — deb xitob qildi ko‘zoynak taqqan jikkak chol, komitet yig‘ilishida shaxsan ishtirok etayotgan ichki ishlar ministri.
Krans yelkasini qisdi.
— Iloj qancha, janobi oliylari, har bir qadamimizni o‘ydab, ehtiyot bo‘lib bosishimiz kerakligini yuqorida aytib o‘tdim. Biz Elza Glyuk uyining qanday joylashganini, kiribchiqiladigan har bir eshikni, Shtirner qaysi xonada istiqomat qilishini va shunga o‘xshagan hamma ikir-chikirlarni yaxshi bilishimiz kerak. Bu ma’lumotlarni to‘plash uchun esa vaqt talab qilinadi.
Yana hamma ikkilanib qoldi.
Birdan politsiya boshlig‘i peshonasiga «shap» etib urdi-yu, gapira ketdi:
— Ruxsat eting. Nazarimda, yo‘li topilganga o‘xshaydi. Xudoning o‘zi mushkulimizni oson qilib turibdi! Yaqinda idoramga bir yigitni — Rudolf Gotlib degan yigitni ishga oldim. Bu familiya sizga tanishmi?
— Bo‘lmasam-chi! Ishi yurishmagan merosxo‘r-da., Marhum bankirning jiyani.
— Ha, balli. Mana sizga yo‘l boshlovchi, Krans, — dedi kulib politsiya boshlig‘i. — Undan zo‘rini topolmaysiz. U bo‘lg‘usi merosxo‘r sifatida bu xonadonni ipidan ignasigacha o‘rganib chiqqan. Shtirnerni ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Xullas, eng bizbop odam o‘sha.
— Juda soz, qayerdan topamiz uni?
— Bundan oson ish yo‘q! — Politsiya boshlig‘i qo‘ng‘iroq qilib, tegishli ko‘rsatma berdi.
Bir soat o‘tar-o‘tmas hali uyqusi tarqamagan Rudolf Gotlib komitet kengash o‘tkazayotgan yerto‘laga kirib keldi.
O‘zining nima uchun chaqirilganini bilgan Rudolf darrov hushyor tortdi. Ko‘zlari chaqnab ketdi. Mushtumini tugib, tishlarini gijirlatdi:
— Endi siz bilan hisob-kitob qilaman, janob Shtirner!
Politsiya boshlig‘i o‘zida yo‘q shod edi.
— Janob boshliq, — deb unga murojaat qildi Rudolf, — bir iltimosim bor, shuni yerda qoldirmasangiz.
— Nima gap, azizim?
— O‘sha yaramasni o‘z qo‘lim bilan o‘ldirishga ruxsat etsangiz.
— Iye, qanaqa bo‘larkin, tergovsiz, sud qilmasdan-a? — kuldi adliya ministri. — Hali qo‘limizda dalil yo‘q-ku.