Ertalabki soat to‘rt edi. Krans shosha-pisha shahar planini buklab, eskirib ketgan portfeliga soldi-da, avtomobil chaqirib, komitetga yo‘l oldi.
— Shoshilinch xabar! Kalavaning uchi topildi! — deya qichqirdi u zalga kira solib.
Bemahal bo‘lishiga qaramay majlis ahli bir talay edi. Hamma dong qotib qoldi.
— Sirni ochdingizmi? — deb so‘radi komitet a’zolaridan biri entikib.
— Kalavaning uchi topildi, dedim. Demak chuvatish o‘z qo‘limizda, — javob berdi Krans. — Men jinoyatchi mikrob yoki odamning turgan joyini aniqladim. Ya’ni sirli ta’sir tarqalayotgan fokusni topdim. — Shunday deb Krans portfelidan shahar planini olib, stol ustiga yozdi.
Hamma uni o‘rab oldi, Krans so‘zida davom etdi:
— Mening metodim juda oddiy: «epidemiya» tarqalgan rayonlarni aniq belgilash maqsadida sirli hodisaga aloqador barcha materiallarni sistemaga solib chiqdim. Natijasi shunday bo‘ldi. Qo‘shiq bilan bog‘liq hodisa menga ko‘p narsa bermadi. Bu kasallik shaharning bir qismini, ykki kilometrga yaqin radiusni o‘z ichiga olgan. Ikki kilometrdan narida qo‘shiqning ta’siri susayib, uchinchi kilometrga yetganda u hech kimning xayoliga ham kelmagan. Bu doiraning markazi taxminan Birja maydoni bilan Bank ko‘chasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda qo‘shiqning ta’siri shu qadar kuchli bo‘lganki, odamlar xirgoyi qilish u yoqda tursin, baralla ovozlarini qo‘yib aytishavergan. Afsuski, markazni juda aniq belgilashning imkoni bo‘lmadi, chunki odamlardan surishtirgan bilan qo‘shiq ta’sirining susaya borish darajasini aniqlash qiyin bo‘ldi.
O‘sha paytda bir joyda turgan odamlar har xil gapni gapirishadi, aftidan, organizmning o‘ziga xos xususiyati tufayli qo‘shiq har kimga har xil ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak.
— Bor gap shumi? — dedi kimdir hafsalasi pir bo‘lib.
— Yo‘q, faqat shu emas. Keyingi epidemiya ko‘proq ma’lumot berdi. Bu kasallik nisbatan torroq maydonni o‘z ichiga olib, ma’lum yo‘nalish bo‘yicha tarqalgan va aniq bir joyda to‘xtagan. Xuddi Elza Glyuk banki binosidan boshlangan nurga o‘xshash hodisa yuz bergan.
Yana g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi.
— Shtirner! Albatta o‘shaning ishi! Aytuvdim-ku!
Darhaqiqat, Shtirnerning nomi komitetda ko‘p tilga olingan edi.
— Xulosa chiqarishga shoshmaslik kerak, janoblar, — deya gapni bo‘ldi Krans. — Men ham kalavaning bir uchi Shtirnerga bog‘lanadi, deb ishongan edim. Lekin yana bir tekshirib ko‘rish uchun navbatdagi «seans» ni kutishga qaror qildim. «Urush talvasasi» ana shu seans bo‘lib chiqdi. Bu hodisa ham shaharni bir tutam nurday kesib o‘tib, Gotlibning uyiga, ya’ni Elza Glyukning uyiga borib qadaladi. Shunday qilib, o‘tmas burchak hosil bo‘lyapti. Agar chiziq davom ettirilsa, Elza Glyuk uiining orqasidagi binoga borib tutashadi. Mana, bir ko‘ringlar-a.
U planga ishora qildi.
— Bu binoga nima joylashgan?
— «Ampir» restorani. Butun baloni mana shu yerdan qidirishimiz kerak. — Shunday deb, Krans xuddi pashsha o‘ldirganday, miqti kafti bilan «tap» etkazib xarita ustiga urdi.
Kransning dalillari oddiy va ishontirarli edi. Komitet qisqa muddatli kengashdan keyin «Ampir» restoranida va o‘sha binoga joylashgan mehmonxonada yalpi tintuv o‘tkazishga qaror qildi.
O‘sha zahotiyoq telefon orqali butun politsiya oyeqqa turg‘azildi. l Soldatlar binoni darhol qurshab oldilar. Tirik jon borki, boshdan-oyoq tintuv qilindi, yerto‘ladan cherdakkacha hammayeqni tit-pit qilib yuborishdi, ammo shuncha urinishga qaramay shubhali biror narsa topilmadi.
Krans mulzam bo‘ldi-yu, lekin bo‘sh kelmadi.
— Butun mashmashani restoranga kirgan mijozlardan birortasy qilgan bo‘lishi ham mumkin, — dedi u.
Lekin bunday bo‘lishi mumkin emas edi.
Binoda istiqomat qiluvchilarga tungi tintuv haqida og‘iz ochishni qat’iyan man qilishdi. Bir nechta shubhali kishi qamoqqa olindi, restoran mijozlarini maxfiy ravishda kuzatib borishga qaror qilindi.
Ammo bu voqea shaharga bir zumda tarqalib ketdi.
G‘azablangan olomon restoranni ostin-ustun qilib tashladi, uni bekitishga to‘g‘ri keldi.
Omadi yurishmagan Kransning fig‘oni falakka chiqardi.
— Ko‘ramiz hali! — derdi Krans. — Dushman kim bo‘lmasin, iziga tushganimizni yaxshi biladi. Ko‘ramiz, yana qiliq chiqarishga jur’at etarmikin, yo‘qmikin! Uchinchi chiziq taqdirini hal qiladi!
VI. AMALGA OSHMAGAN SUIQASD
— Qanday rohat! Qanday baxtiyorman-a! Dunyo bunchalar go‘zal!
Huzur-halovatdan ko‘zlari suzilgan yoshgina bir yigit, go‘yo qadrdon do‘stini uchratib qolganday, ko‘chadagi simyog‘ochni quchoqlab, nuqul shu so‘zlarni takrorlardi.
— Chirog‘im! Sen ham men kabi baxtiyormisan?…
— Jonginam, sizni shunaqa sevamanki! Hammalaringizni ham jonimdan ortiq ko‘raman! — derdi chuvrindi bir chol bashang kiyingan ayolni quchoqlab. Ayol ham cholning tikanak soqolli ozg‘in yuzidan o‘pib, shivirlardi:
— Shunaqayam baxtiyormanki! Nazarimda marhum otam tirilib kelganday bo‘ldi… Xuddi sizga o‘xshardi rahmatlik… Ota, otaginam!..
Ularning yonginasida eski siyosiy muxoliflar: monarxist bilan anarxist quchoqlashib turardi.
— Kurashga chek qo‘yamiz! Aysh-ishrat quraylik!