Читаем Jahongir полностью

Allaqanday bir yalangoyoq xiyobondan bitta gulni uzdida, xuddi qimmatbaho narsaday avaylab, politsiyachiga tutqazdi.

— Ma, do‘stim, ol buni! Mendan senga hadya!..

Semiz politsiyachi ham daydi bolani nazokat bilan o‘pib, gulni oldi, — G‘oyat minnatdorman! Gul — hayotning bezagi! Gul bilan qo‘shiqni shunaqa yaxshi ko‘ramanki!..

— Aytamizmi?

— Aytamiz…

Ular ko‘kat ustiga o‘tirishdi-da, bir-birlarini quchoqlagancha allaqanday bir lirik qo‘shiqni boshlab yuborishdi.

— Olinglar! Hammasini olinglar! — tilla magazin egasi shunday deb qichqirar va xaridorlarning cho‘ntagiga qimmatbaho bezaklar, tilla uzuklar, marvarid va oltin soatlarni solib qo‘yardi. — O‘zim bilan go‘rimga olib ketarmidim bularni! Olinglar rohat qilib taqib yuringlar! Savdogarchilikka qiron kelsin! Yashasin baxt-saodat!

Sudda ashaddiy bir siyosiy jinoyatchi oqlab yuborildi. O‘zining toshbag‘irligi bilan nom chiqazgan prokuror u gal aybnoma o‘qishdan bosh tortib, jinoyatchining ko‘ksiga boshini qo‘ygancha ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi:

— Do‘stim, birodarim!.. Kechirish va sevishdan ham yaxshi narsa bormi olamda!

Hatto kushxonadagi qassoblar ham so‘yish uchun keltirilgan mollarning bo‘ynidan quchoqlab, peshonasidan o‘pardi:

— Yuvoshginam!.. — deyishardi ular sigirlarning sagrinini silab. — Qo‘rqdingmi? Bor, suv ich, keyin anavi boqqa kirib o‘tla. Qon to‘kish yetar! Endi ozodsan!..

Bu voqea restoran ostin-ustun qilingandan keyin atigi bir necha kun o‘tgach, yuz berdi. Shaharni izmiga solib olgan yovuz daho o‘ziga qarshi kurashmoqchi bo‘lgan komitet a’zolarining jigiga tegib, go‘yo ular ustidan kulayotganga o‘xshardi. O‘tgan safargi qon to‘kishlar va shahardagi harakatning qo‘qqisdan to‘xtab qolishi natijasida ro‘y bergan qurbonlar evaziga ko‘zga ko‘rinmas dushman endi odamlarga beqiyos mehr-muhabbat va huzur-halovat baxsh etgan edi. Bu tuyg‘u shu qadar kuchli ediki, ana shu rohatni yana bir bor tatib ko‘rish uchun odamlar hamma narsaga tayyor turishardi. Bu gal hamma o‘tgan umrini yodga olar va yo‘qotilgan jannat haqida so‘zlardi.

O‘tgan galgi qonsirash va shafqatsizlik kasalidan bu galgisi dahshatliroq edi. Inson ongi va ruhiyatini bu qadar jilovlab olgan dushman kim o‘zi? Xohlasa, u odamlarni qonxo‘r yoki jinni qilaDi, xohlasa, mehribon va hotamtoy qilib yuboradi. Uning uchun odamlar qo‘g‘irchoqday bir gap. Xohlasa, huzur baxsh etadi. xohlasa, mayib-majruh qiladi, o‘ldiradi, o‘ldirganda ham birorta o‘q uzmasdan, shovqin-suronsiz, o‘zi ko‘zga ko‘rinmay o‘ldiradi. Ha, bunday dushmandan qo‘rqmasdan bo‘ladimi!

Kechasi yer ostiga joylashgan binoga to‘plangan komitet a’zolari motamsaro bir qiyofada Kransning og‘ziga tikilib o‘tirishardi. Krans esa keyingi hodisaga aloqador ma’lumotlarni ko‘zdan kechirib tartibga solar, shaharning «huzur-halovat» kasali tarqalgan sektorini aniqlash ustida bosh qotirardi.

Ahyon-ahyon betoqat ovozlar eshitilib qolardi:

— Nima bo‘lyapti, Krans?

— Hammasi joyida!

Kimdir zarda bilan luqma tashladi.

— Bundan yomon bo‘lishi qiyin!

— Aksincha, — javob berdi Krans, — juda yaxshi ketyapti. Hech qachon bunaqa maroqli ish bilan shug‘ullanmagan edim.

Krans o‘zining qizg‘ish, miqti barmoqlari bilan qog‘ozlarni tez-tez titkilar, ahyon-ahyon shahar planiga yangi chiziqlar tortib qo‘yardi.

— Krans qadimgi ritsarlarga o‘xshab, — davom etdi u, — shaharni ajdahodan ozod qiladi, keyin unga haykal o‘rnatishadi. Kransga albatta, ajdahoga emas, ha-ha! Yeki, to‘g‘rirog‘i, ikkalamizga: Krans qo‘lida nayza ushlab turibdi, uning oyoqlari ostida esa tilka-pora ajdaho!

— Hazilning vaqtimi hozir? — dedi yaqinginada jinoyatchining ko‘ksiga bosh qo‘yib yig‘lagan prokuror. — Hammayoq alg‘ovdalg‘ov bo‘lib yotibdi-yu, maynabozchilik qilasiz-a! Mendek odam aybnoma o‘qishdan bosh tortganimdan keyin davlatning holi nima kechardi…

— Men hazilni yaxshi ko‘raman, hatto yo‘lto‘sar to‘pponcha o‘qtalib turganda ham hazil qilaman. Iloj qancha! Kasb bilan bogliq odat-da. Xavf-xatarga duch kelganingda yo kulishing, yo qochishing kerak bo‘ladi. Ammo-lekin hozir ish yaxshi ketyapti, ishoninglar. Keyingi hodisa ham ma’lum yo‘nalishdagi to‘lqin bilan bog‘liq, agar to‘lqin uchi yana o‘sha joyga borib qadalmasa, o‘lay agar. Tag‘in to‘rt-beshta ma’lumotni ko‘zdan kechirsam bo‘ldi — u yog‘i hal…

Komitet a’zolari Kransni qurshab olishdi.

O‘rtaga og‘ir sukunat cho‘kdi.

Nihoyat, Krans xaritaga so‘nggi chiziq tortdi.

— Bo‘ldi!

— Yana Elza Glyuk uyiga borib qadalyapti! — qichqirib yubordi ichki ishlar ministrligining xodimi.

— Ha, yana shunaqa bo‘lyapti. Planga bir ko‘z tashlanglar-a. — Krans o‘z oldidagi planni stol o‘rtasiga surib qo‘yib, tushuntira ketdi: — Mana bu birinchi chiziq harakat to‘xtab qolgan paytni bildiradi, ikkinchisi — urush vasvasasi. Bu chiziqlar Elza Glyuk uyida tutashmasdan, restoran joylashgan qo‘shni binoda tutashadi. Tintuvni o‘sha yerda o‘tkazganmiz.

— Xato qilganmiz.

Перейти на страницу:

Похожие книги