Elza maqolani o‘qib bo‘lib, Shtirnerga qaradi.
— Buni qanday tushunish kerak, Lyudvig? — deb so‘radi u.
— Demak, hammasi joyida! Yur, nonushta qilamiz, jonginam!
V. JAMIYATNI QUTQARISH KOMITETI
Ulkan shahar aholisini besaranjom qilgan quvnoq nemis qo‘shig‘i, gazetalarning harchand tasalli berishiga qaramay, jiddiy xavotirlik tug‘dirar edi.
Minglab odamlar bu qo‘shiqni baravariga kuylashga majbur bo‘lgan o‘sha kechadan keyin oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, faqat jamiyatnigina emas, balki hukumatni ham qattiq tashvishga solgan g‘alati voqea sodir bo‘ldi.
Qoq peshinda shaharning bir qismida butun harakat bir minut davomida taqa-taq to‘xtab qoldi. Go‘yo «bir minutlik norozilik chabastovkasi» e’lon qilingan, deb o‘ylash mumkin edi. Ammo bu zabastovka nihoyatda hamjihatlik bilan, o‘ziga xos ravishda o‘tardi.
Xuddi birovning ishorasi bilan bo‘lganday, idoralarning ishi birdan to‘xtadi.
Go‘yo qo‘llari shol bo‘lib qolganday, amaldorlar yozishdan to‘xtadilar. Magazinlardagi sotuvchilar xaridorlarga buyumni uzatgancha dong qotib qolishdi, ular ogizlarini ochgan va jilmaygancha miq etmay turishardi.
Restoranlardagi orkestr muzikachilari xuddi tosh haykalga o‘xshab qolishgandi. Xo‘randalarning ham ahvoli shu — birovning qo‘lida piyola, birov vilkadagi go‘shtni og‘ziga oborgancha qotib qolgan.
Hammasidan ham ko‘cha va maydonlardagi manzara kishini hayratga solardi. Mana, ikki soqchi o‘rtasida mahbus turibdi. U tosh qotgan soqchilar ta’qibidan bemalol qochib qutulsa bo‘lardi. Ammo gap shundaki, uning o‘zi ham bir, oyog‘ini ko‘targancha qimir etmay urardi. Bozorda esa och-yupun bir bola butun gavdasi bilan oldinga engashgancha tog‘oradagi pirojkaga qo‘l cho‘zib turibdi. Sotuvchi ayol bo‘lsa xuddi jo‘jalarini quzg‘undan asramoqchi bo‘lgan ona tovuqday hurpayib olgan. Tosh qotgan bu odamlar qiyofasida shu qadar aniq ifoda va nozik harakat mujassam ediki, manman degan haykaltarosh ham buni ko‘rib shubhasiz lol qolgan bo‘lardi.
Trotuarda borayotgan yo‘lovchilar ham shu ahvolga tushib qolishgandi. Eng qizig‘i, bu g‘alati hodisa shaharning ma’lum bir qismini qamrab olgan edi. Mana shu zonaga kirib qolgan har qanday odam shu zahotiyoq haykalday qotyb qolar, shaharning boshqa joylarida esa hayot o‘z oqimida davom etardi. «O‘lik zona» ga kirgan avtomobillar bu yerdan g‘izillab o‘tib ketardi. To‘g‘rirog‘i, ularni hech kim boshqarmasdi. Shofyor va yo‘lovchilar qimirlash u yoqda tursin, hatto fikr qilish qobiliyatini ham yo‘qotib qo‘yishardi.
Avtomobillar muyulishlarda burilmasdan, duch kelgan binoga borib urilar yoki bir-birovining ustiga mingashib qolardi. Shahar temir yo‘lining ikki poyezdi ag‘darilib ketdi, ulardan biri yo‘l chetidagi to‘siqni qo‘porib, to‘ppa-to‘gri serqatnov ko‘chaga quladi.
Olomon bu tahlikadan hali o‘ziga kelishga ulgurmasdan shahar yana bir yangi zarbaga duchor bo‘ldi. Allaqanday bir to‘lqin besh minut davomida hammani yana aqldan ozdirib qo‘edi. Odamlarni vahshiyona bir g‘azab chulg‘ab olgan edi. Bu gal hammayoqdan «urush» degan so‘z eshitilardi.
— Urush, g‘alabagacha urush! Dushmanlarga o‘lim! — deya qichqirishardi, erkaklar hassa va zontiklarini boshlari uzra silkitib. Ayollar, qariyalar va bolalar ham shunday deb baqirishar va palapartish milliy gimnlarni aytishardi. Odamlarning yuziga qarab bo‘lmasdi. Hammaning ko‘zi qonga to‘lgan, go‘yo ularning ro‘parasida yovuz dushman qilich yalang‘ochlab turganday edi.
— Ye o‘lish, yo qolish! Urush! Yashasin urush!
Urush va qon-qasos tuyg‘usi shu qadar kuchli ediki, shaharning ba’zi ko‘chalarida ur kaltak-sur kaltak boshlanib ketdi. Erkagu ayol qariyu yosh mushtlashishardi. Ayollar semiz bir xotinni o‘rtaga olib (aftidan, u chet ellikka o‘xshab ko‘rindi shekilli), zonti bilan shunday savalay ketishdiki, pirovardida zontikning faqat simlarigina qoldi. Ularning yuzi oqarib ketgan, ko‘zlari g‘azabdan chaqnar, sochlari to‘zg‘ib, shlyapalari yerda oyoq osti bo‘lib yotardi. Ammo ular allaqanday bir vahshiyona huzur bilan sho‘rlik ayolni hamon savalashardi. Odamlarning ko‘ziga hamma chet el josusi bo‘lib ko‘rinardi. Bir to‘da erkaklar o‘tib ketayotgan «Tez yordam» mashinasini to‘xtatib, taxmin qilingan «josus» ni sug‘urib olishdi. Bemorning kuygan badanidagi bintlarni yulib tashlashdi. Bemor qichqirar, es-hushini yo‘qotgan odamlar esa bintlar orasidan allaqanday maxfiy qog‘ozlarni qidirishardi.
Hamma — ayollar ham, erkaklar ham, keksalaru bolalar ham o‘zlarini xuddi haqiqiy jang maydonida jon olib, jon berayotganday his qilishardi.
Bu vasvasa qanday boshlangan bo‘lsa, huddi shunday birdaniga to‘xtadi.
Endi tamom holdan toygan odamlar hangu mang bo‘lib, kaltaklangan va yarador bo‘lgan sheriklariga, yerdagi qon halqoblariga, o‘zlarining dabdala bo‘lib ketgan kiyim-boshlariga tikilishardi-yu, ammo hech narsaga tushunisholmasdi.
Ommaviy vasvasa sabablarini tekshirish yuzasidan tuzilgan komissiya zudlik bilan jamiyatni qutqarish komitetiga aylantirildi.