Читаем Jahongir полностью

— Unga shunday bir hazil qilamanki, qaytib bu uyga qadam bosmaydigan bo‘ladi. Bu xonadonni butunlay unutishga ham majbur qilishim mumkin-u, lekin uni tajriba qilinadiganlar safiga qo‘shishni istamayman, — dedi Shtirner Elzaga noma’lum ma’nodagi so‘zlarni aytib.

Shtirner qo‘ng‘iroq qilib, xonaga kirgan xizmakorga Rudolf Gotlibni taklif qilishni buyurdi.

Gotlib kirdi. U tilanchiga o‘xshamasdi. Uni bu yoqqa boshlab kelgan ochko‘zlik oshkora bir g‘urur bilan o‘yqashib ketgan edi.

— O‘tiring, yigitcha, — dedi Shtirner. — Sizga pul kerakmi?

Bu muomaladan Rudolf titrab ketdi-yu, lekin o‘zini bosdi.

Sepkildor yuziga bir zumda qon tepdi.

— X,a, menga pul kerak, — dedi u hamon tik turgancha, — menimcha, iltimos qilishimga… ma’lum asoslar bor.

«Ahmoq! — dedi ichida Shtirner. — Bu gapi bilan o‘z oyog‘iga o‘zi bolta uryapti!»

— Janob Gotlib, agar masalani shu tarzda qo‘yadigan bo‘lsangiz, tegishli sud muassasalariga murojaat qilib, ana shu «ma’lum asoslar» ni o‘sha yerda isbot qiling.

— Dunyoda adliyaviy normalardan tashqari, axloqiy normalar ham bor, — javob berdi Rudolf ilgaritdan ko‘nglida pishitib qo‘ygan so‘zlarni ishga solib. — Ma’naviy huquqlarimni isbot qilib o‘tirishning hojati yo‘q.

— Axloq masalasi bilan boshqa idoralar shug‘ullanadi, bu yer unaqa joy emas.

— Maynabozchilikni yig‘ishtiring! — birdan qizishib ketdi Rudolf. — Ye iltimosimni qondirasiz, yo bo‘lmasa…

— Iye, meni qo‘rqitmoqchimisiz hali? Bunaqa mehmonlarni alohida hurmat bilan kuzatishga odatlanganman.

Shtirner hushtak chaldi. So‘shni xonadan yumshoq, lekin vazmin qadam tovushlari eshitildi. Kabinetga orqa oyoqlarida yurgancha lapanglab qo‘ng‘ir ayiq kirib keldi. U indamay Rudolfga yaqinlashdi-da, ikkala panjasini yigitning yelkasiga qo‘yib, tashqariga itara boshladi.

Rudolfning o‘takasi yorilib, orqaga tisarildi. Ostonaga yetganda shartta burildi-da, dodlagancha qochib ketdi.

Elza qo‘rquvdan qaltirar, Shtirner esa kreslo suyanchig‘iga yostangancha xaxolab kulardi.

— Noma’qul odamlarni haydab chiqazishning eng yaxshi yo‘li shu. Qaytib qadamini bosmaydi, xotirjam bo‘l.

Shunday deb, u yana xaxolab kuldi.

Shu payt telefon jiringlab qoldi.

— Allo! Ha, Shtirnerman, eshitaman. E-e, yana sizmisiz, janob Gotlib? Bu ishni shunday qoldirmayman deysizmi? O‘-ho‘! Yaxshi, otasizmi? Xo‘sh, xo‘sh. Faqat uyimga yaqin yo‘lamang! Agar to‘rt oyoqli do‘stlarimning ko‘ziga ko‘rinsangiz, tilka-pora qilib tashlashadi. Tayinlab qo‘yganman. Nima, amakingizning o‘limi? Qotil? Ana xolos!.. Xo‘sh, xo‘sh… Omadingizni bersin!

— Ahmoq, — dedi Shtirner telefon trubkasini qo‘yarkan.

— Shunchaligam qo‘rqitasanmi, Lyudvig?

— Azizim, insoniyat o‘rtasidagi kurashning eng zararsiz vositasi shu. Darvoqe, ikkinchi iltimosing ham bor edi shekilli.

— Aytishga ham qo‘rqib qoldim…

— Qo‘rqma. Bunisi endi ayiqning changaliga tushmaydi. Kim o‘zi?

— Emma. Oldiga kiruvdim. O‘zi bilai birga Zauyerni janubga jo‘natishni yolvorib iltimos qildi. U davolanishi kerak, bir o‘zi borolmaydi.

— Mayli, borsin. Endi borsa bo‘laveradi. Bu yog‘ini Zauyersiz ham eplayman. — Shunday deb, Shtirner tonggi gazetani qo‘liga oldi: — Endi mumkin! Darvoqe, bugungi gazetani o‘qiganing yo‘qmi? Ma, o‘qi, g‘alati maqola berishibdi. Ovoz chiqarib o‘qi.

Elza gazetani oldi-da, Shtirner tagiga qizil qalam bilan chizib qo‘ygan sarlavhaga ko‘z yugurtirdi:

Перейти на страницу:

Похожие книги