Falk tanish so‘zni eshitib, darhol yo‘lga uzala tushdi-yu, oldingi ikki oyog‘ini uzatib boshini qo‘edi.
Shtirner uyga qaytishi bilan o‘zi kutganidan ko‘ra ham og‘irroq tashvishga duch keldi. Xonavayron bo‘lgan o‘nlab banklar o‘zaro birlashgan, Elza Glyuk banki bilan bemalol raqobat qila oladigan yangi banklar tashkil topgan edi. Bu banklar ancha-muncha mijozlarni o‘zlariga rom qilibgina qolmay, Shtirnerga tobe bo‘lgan bir qancha yirik zavod va fabrikalarni ham sotib olishga ulgurishgan edi. Buning ustiga, hukumat «Moliya muassasalari» haqida Shtirner manfaatlariga zid qonun chiqarib qo‘ygandi. Binobarin, Shtirner Elzani ham unutib, o‘z xonasiga qamalib olgancha yana jangga kirishib ketdi.
Ammo bu gal Shtirner o‘z raqiblarini osongina bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Raqobatlashayotgan banklar yana qo‘lga olingan. Shtirnerning xatti-harakatlarini cheklovchi qonunlar haqida gap ham yo‘q edi. Qaytanga, bank muomalasiga Shtirner tomonidan kiritilgan yangi tartiblarni himoya qiluvchi bir qator yangi qonunlar chiqarildi.
Uning uchun yana osoyishta kunlar boshlandi.
U Elza bilan tez-tez ko‘rishib turar, ilmiy mashg‘ulotlarini qaytadan boshlagan, qandaydir murakkab asboblar yasash bilan band edi.
Ammo shunga qaramay, u o‘zini horg‘in his qilardi. U judayam asabiy hayot kechirar, nihoyatda ko‘p ishlardi. Vrach chaqirishgan edi, uni asabiy kasal, deb topdi. Nisbatan osoyishta hayot kechirayotgan paytida vrachning bunday xulosa chiqarishi Shtirnerga battar yomon ta’sir qildi. U o‘zini yolg‘iz his qila boshladi. Hatto Elzaning mehribonchiliklari ham uni endi ovutolmas, ba’zan esa g‘ashini keltirardi.
— Qiziq, ajabo! Meni sen erkalatayotibsanmi yo sening qo‘llaring bilan o‘zim-o‘zimni erkalayotibmanmi? — derdi u Elzani hayron qoldirib.
Ammo qiz chalgan kuylardan u hanuz rohatlanardi. Kechqurunlari yolg‘izlik azobidan qiynalgan paytlari Shtirner Elza huzuriga oshiqar va:
— Chal, chal, Elza! Kuy eshitgim kelyapti, kuydan orom olaman… — deb iltimos qilardi.
Elza ham darhol royal yoniga o‘tirib, Shopenning hazin va mungli noktyurnlaridan chala boshlardi.
Ana shunday paytlarda ularning ko‘z o‘ngida janubga qilgan sayohatlarining shirin va mas’ud kunlari jonlanardi. Qishki bog‘dan turfa xil gullarning muattar hidi dimoqqa urilar, janub tunining iliq nafasi xonaga oqib kirayotganday bo‘lardi. Ammo endi ana shu xushnud kayfiyatni g‘oyib bo‘lgan baxt hasrati andak buzib turardi.
— Xalaqit berganim uchun uzr! — kutilmaganda Zauyerning ovozi eshitildi orqadan, — Meni tabriklashlaringiz mumkin, ertalab o‘gilchalik bo‘ldim.
Bu xabardan negadir hayajonlangan Shtirner bilan Elza o‘rinlaridan turishdi.
— Telefon qilib aytib qo‘yishga ham imkon bo‘lmadi, — dedi Zauyer. U judayam horg‘in, lekin baxtiyor ko‘rinardi. —
Tun bo‘yi mijja qoqmadim… juda tashvishlandim. Emma uxlab yotibdi.
— Sog‘ligi yaxshimi?
— Tug‘ishi juda og‘ir bo‘ldi. Xotinim madorsiz. Buyragigk ta’sir qipti. Vrachlar, uzoq muddat janubga borib dam olishi kerak, deyishyapti. Lekin Emma mensiz ketishga ko‘nmayapti. Agar iloji bo‘lsa, ruxsat bersangiz.
Shunday deb, Zauyer Shtirner bilan Elzaga iltijo bilan qradi.
Shtirner o‘ylanib qoldi.
— Albatta, Lyudvig! — dedi Elza.
— Ikki kundan keyin javobini aytaman. Harholda birga borsangiz kerak. Endi sizni kenja Zauyer bilan tabriklashga ruxsat eting!
Zauyer ta’zim qildi.
— Uzr, men bormasam bo‘lmaydi. — U tezgina xayrlashib chiqib ketdi. Shtirner bilan Elza esa royalga suyangancha o‘yga cho‘mib qolishdi.
IV. YALPI TELBALIK
Oradan bir hafta o‘tdi hamki, Zauyerning xotini bilan safarga jo‘nashidan darak yo‘q edi. So‘nggi kunlarda Shtirner o‘z xonasidan deyarli chiqmas, kayfiyati juda ham yomon edi. Hatto kechqurunlari katta zalda bo‘ladigan muzikali suhbatlar ham to‘xtab qolgandi. Elza ba’zan Shtirner bilan uchrashishga jazm qilardi-yu, lekin allaqandaysirli kuch bunga yo‘l qo‘ymasdi. U zalda yolg‘iz o‘zi aylanib yurar, goho-goho to‘xtab:
— Qanday baxtsizman-a! — deb shivirlab qo‘yardi.
Haftaning oxiriga borib Shtirnerni hatto eslamaydigan ham bo‘lib qoldi. Ba’zan uning qiyofasi ko‘z oldiga kelardi-yu, nihoyatda jirkanch va yoqimsiz tuyulardi.
Qiz atrofidagi jihozlarga hayratlanib tikilar, go‘yo u bu narsalarni birinchi marotaba ko‘rayotganday edi. Hafta so‘ngida xayolini Zauyer band eta boshladi. Azizim Zauyer, nega seni unutib yubordim-a? Shunday derdi-yu, lekin Zauyerning xotini borligini, yaqinda farzand ko‘rganligini xayoliga ham keltirmasdi. Bir kuni tasodifan uchrashib qolganlarida Elza Zauyerga shunday muloyim tikildiki, bundan yigit o‘zini yo‘qotayozdi, keyin xayolida allaqanday xotiralar jonlanganday chuqur o‘yga cho‘mib qoldi.
— Otto, — dedi qiz uni ismi bilan chaqirib, — sizni ko‘rmaganimga qancha bo‘ldi-yu… Nega mendan o‘zingizni olib qochasiz, Otto? — Shunday deb, qiz yigitga yaqinlashdi-da, entikib asta shivirladi: — Shunday yolg‘izmanki… Siz yetmayapsiz faqat, Otto…
Ikkovlaridan bo‘lak hech kim yo‘q edi.