— Maqtovning vaqti emas hozir. Xonavayron bo‘lgan banklarning aksiyalari pista po‘chog‘iga teng bo‘lgan paytda hammasini sotib olish mumkin. Saytadan qimmatini tiklab olamiz. Lekin bu ish keyinroq. Asosiy ishni do‘ndirdik, endi qaytsangiz ham bo‘laveradi, Zauyer!
— Chiqolmayapman. Aqldan ozgan olomon orasida qoldim. Hatto hushidan ketgan va oyoq ostida qolgan odamlarni olib ketish uchun kelgan «Tez yordam» mashinalari ham kirolmayapti.
— Unday bo‘lsa, yangiliklarni xabar qilib turing.
Zauyer xuddi shunday qildi. Fond dallollari o‘n minutlik kengash o‘tkazib, Myunsterberg, Shumaxer va ular bilan aloqador banklarning qog‘ozlarini saqlab qolish mumkin emas, degan qarorga kelishdi. Bo‘lar ish bo‘lgan edi. Har daqiqa yirikyirik mablag‘lar chippakka chiqardi. Qog‘ozlar qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turardi. Yarim kechadan o‘tganda asabiylik eng yuqori nuqtasiga chiqdi. Faqat birja maydoni emas, balki qo‘shni maydon ham yirik puldorlarning avtomobillari bilan to‘lib ketdi. Ular o‘z limuzinlarida horg‘in va tushkun bir kayfiyatda tun bo‘yi ko‘zlarini javdiratib o‘tirishdi. Kursning to‘xtovsiz pasayib ketayotganligi haqidagi xabar ketma-ket kelib turardi. Bir xabar telefon orqali yetib kelgunga qadar ahvol yana o‘zgarardi. Olomon xuddi tabiiy ofat yuz berganday qo‘shni xiyobonga yopirilib, skameykada o‘tirish huquqini olish uchun odamlar qimmatbaho mehmonxonaga nisbatan ko‘proq haq to‘lardi. Tongga yaqin ikki dallol bilan bir bankir aqldan ozib qoldi.
— Shtirnerga o‘lim! — deb qichqirdi dallollardan biri.
Ularni ming mashaqqat bilan kasalxonaga olib ketishdi.
Tong yorishgan paytdagina g‘ala-g‘ovur xuddi suv sepib o‘chirilgan yong‘inday bosildi. Kechagi puldorlar birjadan o‘n yilga keksayib, sochlari oqargan, bukchaygan bir ahvolda chiqib ketishdi. Olomon siyraklashib qoldi. Nihoyat Zauyer birja binosidan chiqishga muvaffaq bo‘ldi, sof havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi. U charchaganidan oyoqda zo‘rg‘a turardi.
«Hozir butun mamlakatda shu ahvol, — deb o‘yladi u. — Bir kechada yuz minglab kishilar xonavayron bo‘ldi, millionlab mayda omonatchilar o‘z jamgarmalaridan ayrildilar. Haligi tentak Shtirnerni malomatga qo‘yib qichqirdi, hamma aybni o‘shanga to‘nkadi. Lekin Shtirner aybdor emas. Kim zo‘r bo‘lsa o‘sha yutadi. Shtirnerga qoyil. U chindan ham buyuk daho!»
Zauyer jilmayib qo‘edi, shu zahoti uni esnoq tutdi.
Shtirner esa Zauyerdan telefon orqali so‘nggi xabarni eshitdi-yu, stol ortidan turib, rohat qilib kerishdi. U endi xotirjam edi. Uning vujudini yaxshi ishlagan va o‘z mehnatining samarasidan qanoat hosil qilgan kishilarda bo‘ladigan shirin horg‘inlik chulg‘ab olgan edi. U g‘alaba qildi. Bu g‘alaba bankirlar va ministrlar ustidan qozonilgan g‘alabadan ko‘ra kattaroq. U inson qarshiligini yengdi! Gotliblar, Emma, Zauyer, Elza… Ular kim bo‘pti!..
— Endi dunyoda hech bir kimsa menga qarshilik ko‘rsatolmaydi, hademay butun dunyo mening oldimda tiz cho‘kadi! — dedi u g‘urur bilan.
Uning uyqusi qochgan edi.
Tepaga ko‘tarilib, Elzaning xonasini taqillatdi.
Qiz hali yechinmagan, uyg‘oq edi. Shoshib, eshikni ochdi-yu, entikib qo‘llarini uzatdi.
— Xayriyat esingga tushibman, Lyudvig!
III. OQ VILLA
Elza Glyuk banki — u hali ham Elzaning qizlik familiyasi bidan yuritilardi — moliya olamida yagona hukmdor bo‘lib qoldi.
Darvoqe, Elza o‘z qudratining oshib ketganini mutlaqo sezmasdi. U ilgarigiday Shtirner bilan uchrashuvni orzu qilib, bo‘m-bo‘sh xonalarda yolg‘iz aylanib yurardi. Ammo Shtirner hamon unga vaqt ajrata olmasdi. Elza Shtirner o‘zini ko‘rmoqchi bo‘lganini oldindan sezardi. Yuragida shirin bir talpinish tuyg‘usi uyg‘onib, pastki qavatga shoshilar, Shtirnerning bo‘shligini va o‘zini haydamasligini his qilib turardi. Ammo ba’zan kunlar, haftalar o‘tib ketardiki, Shtirner faqat ertalablari bir ko‘rinish berib, xomush bir qiyofada salomlashar va g‘oyib bo‘lardi. Ba’zan u bir necha kunga shahardan chiqib ketardi. Shunday paytlarda qizda qandaydir loqaydlik paydo bo‘lib, uni ko‘rishni ham xohlamasdi. Mabodo qaytgan hamonoq duch kelib qolsa, juda sovuq ko‘rishardi. Shtirner esa peshonasini tirishtirib, hatto Elzaga ham kirish man etilgan xonasiga shoshilardi. Oradan bir necha minut o‘tgach, qiz o‘z qalbini qaynoq muhabbat tuyg‘usi qitiqlay boshlaganini payqardi. Shtirner xonasidan qaytib chiqqanda esa qiz uni mehr bilan qarshi olardi.
Shtirner bo‘lsa og‘ir xayol girdobidan chiqolmay bir oz xo‘mrayib turardi. Ammo Elzaning samimiy munosabati tezda Shtirnerni ham o‘zgartirib yuborardi. U yana mehribon va g‘amxo‘r bo‘lib qolar, qiz esa mana shu shirin daqiqalar sururidan benihoya rohatlanardi.
Ularning safari yana orqaga suriladigan bo‘ldi.
Shtirner o‘z oldiga yangi maqsad qo‘ygan edi: u ko‘pgina korxonalar Elza Glyuk bankidan qarzdor bo‘lib qolganidan foydalanib, mamlakatning butun sanoatini o‘z qo‘liga olishni o‘ylardi.
Zavod va fabrika egalari qattiq qarshilik ko‘rsatishdi, ammo Shtirner ularning zavod-fabrikalarini birin-ketin tortib ola boshladi.