— Boshqa nima ham qila olardi? — javob berdi Shtirner. — Odatda ojizroq hayvonlar o‘zlaridan ko‘ra kuchliroq yirtqichlardan saqlanish uchun bir yerga g‘uj bo‘lib olishadi. Hukumat-chi? Hukumat esa davlat banki bilan mening oramda boshqa yana bir tayanch bo‘lishini xohlaydi. Chunki bordi-yu, baqloq Myunsterberg bilan chillashir Shumaxer xonavayron bo‘lsa, u holda mamlakatda faqat ikkita moliyaviy kuch qoladi, ha, faqat ikkita, Zauyer: men, ya’ni xotinimning banki bilan davlat banki. Qaysi biri g‘olib chiqishini xudo biladi.
Do‘stining beqiyos yutuqlariga ko‘nikib qolgan Zauyer ham bu gapni eshitib, lol bo‘lib qoldi.
— Juda katta ketvormadingizmi, Shtirner?
— Azizim, biz muvozanat beqaror bo‘lgan zamonda yashayapmiz. Biz uchun faqat ikkita yo‘l bor: yo chiqish, yo tushish. G‘ildirab ketayotgan halqa to‘xtagan paytda yonboshga ag‘dariladi. Darvoqe, ikkita bankning qo‘shiluviga birja qanday qarayapti?
— Bir kunning ichida Myunsterberg bilan Shumaxerning aksiyalari ellik protsentga ko‘tarilib ketdi, — javob berdi Zauyer.
— Dallollarimizga buyuring, o‘sha aksiyalarning hammasini sotib olishsin.
— Siz Myunsterberg bilan Shumaxerga yon bosyapsizmi?
— Men Glyukka yon bosyapman. Nahotki shuni ham tushunmasangiz? Bo‘la qoling, Zauyer, vaqt ketmasyn. Qancha ko‘tarilsa shuncha yaxshi. Pachakilashib o‘tirish jonimga tegdi, bir zarba bilan hamma mashmashaga chek qo‘ymoqchiman.
Shtirner kerakli qog‘ozlarga imzo chekib, Zauyerni chiqarib yubordi, keyin bir narsa esiga tushib, orqasidan chaqirib qoldi.
— Menga qarang, Zauyer, savdo, sanoat va moliya ministrlarining uy adreslarini menga bilib bering.
— Mana bu kitobda hamma adreslar bor.
— Ha, darvoqe… Rahmat. Nima deysiz, Zauyer, biror bahona bilan ularni bu yerga taklif qilsa bo‘larmikin?
— Qiyindir-ov.
— Ular Lyudvig Shtirnerga bunday sharafni ravo ko‘rishmaydi-da, a? Mayli, ko‘ramiz, bir-ikki oydan so‘ng nima bo‘larkin? Hozircha bu tashrifsiz ham kunimiz o‘tib turibdi. Menga shahar planini bering-chi.
Zauyer planni olib uzatdi.
— Minnatdorman. Siz bo‘shsiz, Zauyer.
Shtirner planni stol ustiga yozdi, kompasni qo‘yib, planning shimol tomonini kompas strelkasiga aynan mos keladigan qylib aylantirdi. Keyin ministrlar turadigan joylarni plandan aniqlab, nuqta qo‘yib chiqdi, shundan so‘ng Elza Glyuk bankini ana shu nuqtalar bilan birlashtirib chiziq tortdi va hosil bo‘lgan burchaklarni yon daftariga yozib qo‘edi.
— Xo‘-o‘sh, janob ministrlar;… ana endi ko‘ramiz bu yog‘ini…
Shunday deb, u kabnnetn yonidagi o‘z xonasiga kirdi-da, eshikni ichkaridan qulfladi.
O‘n minutlardan so‘ng kabinetga Elza kirib, yozuv stoli yonida turgan yumshoq kresloga o‘tirdi. Sal o‘tmay Shtirner chiqdi. Elza shoshib o‘rnidan turdi-da, ikkala qo‘lini uzatgancha uning istiqboliga yurdi. Shtirner qizning qo‘llaridan o‘pdi.
— Meni qo‘msaganmiding, Lyudvig?
U Elzani qo‘ltigidan oldi.
— Ha, azizim, ertalabki ishlarimni tugatdim. Endi qishki bogda sen bilan nonushta qilsam devdim.
Elzaga bu gap moyday yoqdi.
— Men bilan juda kam uchrashasan, Lyudvig.
— Iloj qancha, azizim, hozir jang ketyapti… Mablag‘ing uch barobar ko‘payganidan xabaring bormi? Hademay mamlakatdagi barcha xususiy banklardagi pullar sening qo‘lingga o‘tadi.
Ular tuzab qo‘yilgan kattakon stol atrofiga o‘tirishdi. Shtirner qadahlarga vino to‘ldirdi.
— Sen birja malikasi bo‘lasan.
U vinodan bir ho‘plab qo‘edi.
— Aslida hech qanaqa birja bo‘lmaydi. Hamma birja shu yerda bo‘ladi. Agar mening xotinim bo‘lmaganingda ne-ne chinakam shahzodalar izingdan ergashib yurardi! Mabodo shuncha boylikka, shuncha qudratga ega bo‘lishingda mening ham ozmi-ko‘pmi hissam bor ekan, demak, Shtirner ko‘pam aravani quruq olib qochadigan mahmadoNa emas ekan!
— Men hech qachon bunaqa demaganman! — astoydil e’tiroz bildirdi Elza.
— Shunaqami? Unda yaxshi.
Ular qadah urishtirishdi.
— Lyudvig, agar sen boyligimni emas, menga ajratadigan vaqtingni uch barobar ko‘paytirganingda tag‘in ham baxtliroq bo‘lardim. Yelgizlikdan qanchalik iztirob chekayotganligimni bilsang edi!.. Butun umrim seni kutish bilan o‘tyapti.
— Bu yog‘i oz qoldi, azizim! So‘nggi raqiblarimizni ham qo‘llarini qayirib, harbiy o‘ljaday oyoqlaring ostiga keltirib tashlaganimdan keyin, bemalol…
Shu payt Zauyer kirib, Elzaga ta’zim qildi. Qiz ham unga javoban yengil bosh irg‘ab qo‘edi.
— Bezovta qilganim uchun uzr so‘rayman. Mehmonxonada sizni bir janob kutib o‘tiribdi, Shtirner. Zarur ishim bor, deyapti. Shumaxerning agentimikan, deb shubhalanyapman. U shaxsan siz bilan gaplashmoqchi.
Shtirner chiqib ketdi.
— Xo‘sh, Emma qalay? — so‘radi Elza.
— Rahmat… Yemon emas.
— Sizga nima degan edim? Gapim rost chiqdimi! Bekorga tashvish tortgan edingiz o‘shanda. Emma hademay ona bo‘ladi! Hazil gapmi! Uning o‘zi hali qo‘g‘irchoq o‘ynaydigan yoshda-ya. Bugun albatta oldiga kiraman…
— Sizni ko‘rsa xursand bo‘ladi.
Shtirner qaytib kirdi.
— Yanglishmagan ekansiz, Zauyer. Ayyor tulki Shumaxer oxirgi daqiqada o‘z ittifoqchisiga xiyonat qilib, menga qo‘shilish istagini bildiribdi. Bor hunarini ishga solib, ham qo‘rqityapti, ham ming turli imtiyozlar va’da qilyapti.