Читаем Jahongir полностью

IKKINCHI QISM

I. BIRJA VAHIMASI

Savdo ahlini vahima bosgan edi.

May oyidan boshlab birja shafqatsiz raqobat girdobiga tushib qoldi. Bir oy ichida ikki mingdan ortiq qarzdor ro‘yxatga olindi. Iyun oyiga kelib esa ularning soni besh mingga yetdi. Mayda korxonalar halokatga uchrayotgan paytda moliyaviy gazetalar yaqinlashib kelayotgan fojiani xaspo‘shlashga urinib, krizis faqat mamlakatning iqtisodiy hayotini «valyuta bilan olibsotarlikka asoslangan mayda va keraksiz korxonalar» dan xalos kiladi, deb jamoatchilik fikrini chalg‘itish bilan ovora edi. Ammo iyun oyida bir qancha ko‘hna va yirik korxonalar krizis qurboni bo‘ldi. Bu hol sanoat va bir talay mayda aksionerlarga og‘ir zarba bo‘lib tushdi. Endi gazetalar ham hech narsani yashirolmasdi. Chinakam fojia bostirib kelayotgan edi, dahshatli tomoni shunda ediki, vujudga kelgan bu krizisni odatdagi «iqtisodiy tanglik» bilan izohlab bo‘lmasdi. Go‘yo yangi, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bir vabo moliyaviy muassasalarni mahv etib, yangi-yangi qurbonlarni o‘z domiga tortardi. Iyul oyiga kelib mamlakatda faqat uchta yirik bank qoldi. Bular Myunsterberg, Shumaxer va Elza Glyuk banklari edi. Oldingi ikki bankning har qaysisi o‘z mablag‘ining o‘ttiz protsentini yo‘qotgan edi. Elza Glyuk banki esa yo‘qotish u yoqda tursin, o‘z mablag‘ini uch baravar ko‘paytirib olgandi. Yashash uchun so‘nggi kurash mana shu uchta bank o‘rtasida bo‘lishi muqarrar edi. Elza Glyuk bankidagi mablag‘ Myunsterbergnikidan ham, Shumaxernikidan ham ko‘p edi. Lekin bu ikki bank Elza Glyukka qarshi birlashsa, tarozining pallasi o‘shalar tomon og‘ib ketishi mumkin edi.

To‘g‘ri, ma’lum shartlar asosida Elza Glyuk banki bilan bitim tuzsa, yoki hatto mablag‘larni qo‘shib yuborsa ham bo‘ladi. Binobarin, Myunsterberg ham, ayyor Shumaxer ham bir-biridan yashirib shunga urinar, har qaysisi o‘z-o‘zicha ishonchli odamlarini Shtirnerning «ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rish» uchun yuborib turar edi. Ammo bu «yovuz daho», — uni savdo ahli shunday deb atardi, — sira yon bosmas, har ikkala bankning ham taklifini rad etardi. U o‘z raqiblariga nisbatan namoyishkorona bepisand va shafqatsiz edi. Birja «o‘yini» dagi ajoyib omad, birja kurslarini oldindan bexato payqab olishi, tevarak-atrofdagi kishilarga tamomila sirli ta’sir o‘tkazish qobiliyati Shtirnerni dahshatli kimsaga aylantirgan edi.

Bankirlar va birja dallollari Shtirnerga shaxsan murojaat qilgan bir nechta bankirning qo‘qqisdan o‘lib qolgani to‘g‘risida, go‘yo so‘zlarini ko‘zga ko‘rinmas dushman eshitib qolishidan qo‘rqqanday, shivirlashib gaplashishardi. Ular bilan Shtirner nima haqda so‘zlashganidan og‘iz ochishmasdi. Ammo uning huzuriga kirgan bankirlar aql-idroklarini yo‘qotib, orttirgan boy tajribalarini unutib, o‘zlari uchun nomatlub bitimlar tuzishar, oqibatda ko‘p o‘tmay xonavayron bo‘lib, ularning jamiki mablag‘lari Elza Glyukning yer ostidagi xazinasiga kelib qo‘shilardi. Bundaylarning ayrimlari o‘z-o‘zlarini o‘ldirishdi. Shuning uchun ham Myunsterberg bilan Shumaxer o‘zlari shaxsan uchrashishdan qo‘rqib, vositachilar orqali gaplashishga qaror qilishgan edi.

Shtirner bilan muzokaralar biron-bir natija bermagach, yarim asr mobaynida raqobatlashib kelayotgan ikki bank birlashgan taqdirdagina, «yovuz daho» ni yengmaganda ham har holda unga qarshi kurashni davom etirish mumkinligi Shumaxer bilan Myunsterbergga ayon bo‘lib qoldi.

Bu kurashni yengillashtiradigan yana bir tomoni shunda ediki, har ikkala bank mamlakatning ko‘mir shaxtalari, bo‘yoq ishlab chiqarish, avtomobil va radio zavodlari, elektr tarmoqlari, shahar temir yo‘li, kemasozlik zavodlari kabi yirik savdosanoat korxonalarining aksiyalariga egalik qilardi. Bu korxonalarning aksiyalari turli kasbdagi millionlab kishilar — o‘rtamiyona fermerlar, idora xizmatchilari, paroxodlarda ishlovchi oshpazlar va hatto liftni ko‘tarib-tushirib turuvchi bolalar qo‘lida edi. Ularning bari oz miqdordagi jamg‘armalari taqdirini Myunsterberg va Shumaxer banklari taqdiri bilan bog‘lagan edilar. Shunday qilib, bankirlarning nufuzi nihoyatda kuchli edi.

O‘n beshinchi iyul kuni ertalab Shtirnerning sodiq va tirishqoq yordamchisi Zauyer xo‘jayinining kabinetiga navbatdagi axborot bilan kirdi.

Zauyer Shtirnerning uzatgan qo‘lini mahkam qisdi.

— Salom, Zauyer! Malikangizning ahvoli qalay?

— Tashakkur. Bekorga tashvish tortgan ekanman. Kecha vrach kelib ko‘rib ketdi.

— Xo‘sh, Zauyer, xonimdan nima kasal topdi?

Zauyer xushhollik bilan, lekin bir oz uyalinqirab javob berdi.

— Hademay u ona bo‘ladi…

— Shunaqa deng! Tabriklayman. Mendan salom ayting. Birjada nima gaplar? Yangiliklar bormi?

— Bor bo‘lgandayam hazilakam yangilik emas. Myunsterberg bilan Shumaxer bizga qarshi yagona front tuzmoqchi. Ular aksionerlik jamiyati tashkil qilish haqida ariza berishibdi, birja doiralarining fikriga qaraganda, hukumat ularni qo‘llab-quvvatlasa kerak.

— Shunday bo‘lishini bilgan edim.

Zauyer taajjublanib qaradi. Shtirner jilmaydi.

Перейти на страницу:

Похожие книги