— Agar mo‘ljallangan kemada emas, boshqasida uchsak, tutisholmaydi. U yerda bizni kutib turishadi. Biz boshqa kemada uchishimiz lozim. Boshqa har qanday kemada.
Kema! Har qanday kema. Bu so‘zlar Rikning qulog‘i ostida sehrli ohangday jarangladi. Bu fikri muvaffaqiyat qozonadimi yoki yo‘qmi, unga baribir edi. Uning kemaga chiqqisi kelardi. Fazo qa’riga kirishni istardi.
— Mayli, Rik! Men fazo bekati qayerda ekanligini bilaman. Kichkinaligimda, dam olish kunlari biz doim o‘sha yerga borardik. Kemalarning uchishini tomosha qilardik.
Bekat tekshiruvchisi ajabtovur kiyimlaridan o‘zga sayyoralik ekanliklari bilinib turgan, terlab-pishib beso‘naqay harakat qilayotgan erkak va ayolga jilmayib boqsi. Ayol tirqishdan pasport uzatdi.
U bir ayolga, bir pasportga, keyin band qilingan joylar soniga nigoh tashladi. Tekshiruvchi kerakli tugmani bosdi va avtomatdan ikki shaffof lenta chiqsi.
— O‘tishingiz mumkin, — dedi u shoshilinqirab. — Mana bularni yengingizga taqib oling.
Bu murojaat unga xush keldi. O‘zga sayyoraliklar florinaning fazo bekatida kup ham uchrayvermasdilar. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ular borgan sari kamayib borayotgandilar. Ular Skvayrlarga ham, nazoratchilarga ham o‘xshamaydilar. Ular sening florinalik ekanligingni bilmaydilar va juda xushmuomalalik bilan gaplashadilar.
— Siz uni 17-maydondan topasiz, xonim. Voteksga parvozingiz bexatar bo‘lsin, — Tekshiruvchi bu so‘zlarni alohida nazokat bilan aytdi.
So‘ngra u o‘zining sevimli mashg‘ulotiga: do‘stlariga qo‘ng‘iroq qilishga, Yuqori Shaharning energetik nurlaridagi shaxsiy suhbatlarga bilintirmay ulanib olishga tutindi. U qanday xato qilganini anglashiga hali bir necha soat bor edi.
Bu kema 17-maydondagi patga olingan kemaga qaraganda ancha kichik va yarqiroq edi. Uning to‘rtta havo tirqishi berkitilmagan ekan. Asosiy eshik bilan unga tutashgan zina — ochiq og‘iz-u, undan chiqib turgan tilni eslatardi.
— Kema ichini shamollatishyapti, — dedi Rik. — Odam tashuvchi kemalarni ko‘p marta ishlatilgan siqilgan kislorod hidini yo‘qotish niyatida uchib ketishdan oldin hamisha shamollatishadi.
Valona unga qaradi.
— Sen qayerdan bilasan?
Rik o‘zida g‘urur paydo bo‘layotganini sezdi.
— Shundoq bilaman. Hozir u yerda hech kim yo‘q. Shamolda turish kimga ham yoqardi. — U tashvishlanib atrofga boqsi. — Qiziq, nega odam bunchalik kam.
Kema shlyuziga kirishlari bilan ularga havo oqimi urildi. Valonaning ko‘ylagi havodan shishib ketdi, u etaklarini ushlab turishga majbur bo‘ldi.
— Bu yerda doimo shundaymi? — so‘radi qiz. U hech qachon fazoviy kemada uchmagan, hatto orzu ham qilmagan. Uning yuragi qattiq urar, lablari qimtilgandi.
— Yo‘q. Faqat shamollatish paytida.
Rik xursand bo‘lib, qattiq metallardan yasalgan yo‘lak bo‘ylab yurar ekan, bo‘mbo‘sh xonaga havas bilan tikilardi.
— Mana, — dedi u. — Bu oshxona. Lekin, ovqat unchalik muhim emas. Ma’lum muddat usiz ham yashasa bo‘ladi. Asosiysi — suv.
U mu’jaz, shinam yopiq taxmonlardagi ashqol-dashqollarni titkilab qopqoqli katta idish topdi. Suv jo‘mragini nigohi bilan qidirdi va undan vishillab havo, ketidan suvning otilib chiqishidan yengil tortib miyig‘ida kulib qo‘ydi.
— Endi bir nechta konserva olamiz. Ko‘pining keragi yo‘q. Sezib qolishlari mumkin.
Rik yong‘indan saqlanish, tabobat jihozlari, dori-darmonlar va payvandlash asboblari saqlanadigan kichik xonani topdi.
— Lona, shu yerga joylasha qolamiz, — dedi u ikkilanibroq. — Bu yerga juda kamdan-kam hollarda ko‘z tashlanadi. Biz chiroq yoqmaymiz, aks holda quvvat sarflanayotganligi bilinib qoladi hamda hojatxonadan faqat dam olish soatlarida, tungi navbatchilarning ko‘ziga foydalanishimiz lozim.
To‘satdan havo harakati to‘xtadi. Bir maromdagi yengil vijillash o‘rnini sokinlik egalladi.
— Tez orada ular kemaga chiqadilar, keyin parvoz qilamiz.
Rik tongda uyg‘onganida o‘zini tuppa-tuzuk odam deb his etgan bo‘lsa, hozir qo‘li Galaktikaning har chekkasiga yetadigan buyuk zot deb fahmlardi. Yulduzlar — koptokcha edilar, tumanliklar — olib tashlanishi lozim bo‘lgan o‘rgimchak inining qoldiqiari edi.
U kemada edi! Xotiralar bir-birlarini surishib-sharqirab oqib kelardilar. U kirt maydonlarini, fabrikani, qorong‘ida bir nima deb g‘o‘ldirayotgan Valonani ham unutayozgandi. Bular faqat yodiga tushayotgan filmning uzilgan joylaridek tuyular va ularning uchlari asta-sekin ulanardilar.
Kema!
Agar Rikni ilgariroq kemaga olib kelishganida, miyasidagi kuydirilgan xujayralarning bitishini bunchalik uzoq kutmagan bo‘lardi.
— Valona, sen hayajonlanma, hozir sen dirillashni, shovqinni eshitasan — bu yuritgichlarning ovozi. Seni og‘irlik bosadi. Bu tezlanish!
— Tez-la-nish? Bu nima degani?
— Qo‘rqma, Lona, Bizda bosim ta’sirini yo‘qotuvchi qurilma yo‘qligi uchun ozgina noxushlik bo‘ladi. Devorga suyanib ol, agar unga yopishib qolayotgandek bo‘lsang, qarshilik ko‘rsatma. Sezyapsanmi, boshlanyapti!
Rik bir burchakka yaxshilab o‘rnashib oldi — gipertatomli yuritgichlarning gumbur-gumburi kuchaygani sari bosim ham kuchayib borardi.