— Xuddi shunday bo‘ldi ham. Buning amalda qanday bo‘lganini sizga juda-juda ko‘rsatgim kelayapti.
— Odamlarim meni kutib turishibdi.
— Yarim soatgina shoshmay turing. Ularga aytib qo‘ying, ser.
Kapitan taysalladi, so‘ng o‘rnidan turdi-da, joyidan qimirlamay turish uchun pastga yotib olgan dastasiga qarab qichqirdi.
Spender uni nuqsonsiz muzdek marmar bilan tiklangan mo‘‘jazgina mars qishlog‘iga olib bordi. Ular ulkan hayvonlar tasviri tushirilgan katta ravoqlarni ko‘rishdi. Tasvirlar ichida oq panjali mushuklar va quyosh ramzini bildiruvchi sariq doiralar bor edi, ho‘kizlarni esga soluvchi hayvon haykalchalari, erkaklar, ayollar va tumshug‘i ulkan bahaybat itlarning siymolari ko‘zga tashlanardi.
— Mana sizga javob, kapitan.
— Ko‘rmayapman.
— Marsliklar hayvonlar hayotining sirini bilib olganlar. Hayvon yashashning ma’nosini bilolmaydi. U yashaydi. Yashash uchun yashaydi. Uning uchun javob hayotning o‘zidan iborat, sevinchi ham, lazzati ham shuning ichida. Mana bu haykalga bir qarang-a: hamma joyda ramziy hayvonlar tasviri.
— Majusiylikka ham o‘xshab ketadi.
— Aksincha, bu xudoning ramzi, hayotning ramzlari. Marsda ham Insonga insondan juda ham ko‘p narsa va hayvondan juda ham oz narsa yuqib qolgan paytlar ham bo‘lgan. Lekin Marsdagi odamlar bir narsani tushunganlar: tirik qolish uchun hayotning ma’nosi nima ekanini kavlashtirishni bas qilish kerak. Hayotning o‘zi tayyor javob. Hayotning maqsadi hayotni qayta tiklash va uni iloji boricha yaxshiroq tashkil etish. Marsliklar, nima uchun yashash kerak, degan savol ularda javob berish mumkin bo‘lmagan ayni qizg‘in urush va musibatlar paytida tug‘ilganini payqab qolganlar. Tamaddun muvozanat va barqarorlik kasb etdi. Urushlar tindi deguncha bu savol yana bema’ni bo‘lib qoldi, butunlay boshqacha bema’ni. Hayot yaxshi bo‘lganda, u haqda bahs ochishga na hojat!
— Gapingizga qaraganda, marsliklar ancha sodda bo‘lishgan ekan-da?
— Soddalik o‘zini oqlagan joyda, albatta. Ular hamma narsani dabdala qilish, hamma narsani ostin-ustin qilishga intilish kasalligidan forig‘ bo‘lganlar. Ular din, san’at va fanni bir-biri bilan uyg‘unlashtirib yuborganlar: axir fan oxir-oqibatda biz tushuntirib berishdan ojiz bo‘lgan mo‘‘jizani tadqiq etishi, san’at esa, mana shu mo‘‘jizani talqin etishi kerak bo‘lgan. Ular fanning go‘zallikni, nafosatni barbod etishiga yo‘l qo‘ymaganlar. Bular hammasi me’yor masalasidir. Yerliklar shunday mulohaza qiladilar: mana bu suratda rang yaxshi chiqmagan, fan esa rang — bu bor-yo‘g‘i modda zarralarining muayyan joylashuvi, aks etayotgan nurning alohida qiyofasi ekanini isbotlay oladi. Binobarin, rangi mening nigohimga tushgan predmetlarning haqiqiy vositalari hisoblanadi. Undan ko‘ra aqlliroq bo‘lgan marslik shunday degan bo‘lar edi: “Bu ajoyib surat. Uni ilhombaxsh inson qo‘li va miyasi bilan yaratgan.
Uning g‘oyasi va bo‘yoqlariga hayot bergan. A’lo narsa”.
Ular jim qolishdi. Kechki quyosh nurlariga ko‘milib o‘tirishar ekan, kapitan unsiz marmar shaharchani qiziqish bilan tomosha qila boshladi.
— Mana bu yerda jon-jon deb yashagan bo‘lardim, — dedi u.
— Xohlasangiz bo‘ldi.
— Siz menga taklif etayapsizmi?
— Odamlaringiz ichida bularning barchasini kim yaxshi tushuna oladi? Ular o‘zlariga yetguncha dimog‘dor, endi ularni to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Ular bilan Yerga qaytishingizga na hojat! Jons bilan pachakilashganimi? Xuddi Smitdagidek vertolyot sotib olganimi? Qalb bilan emas, hamyon bilan musiqa eshitish uchunmi? Bu yerda bir hovlida men bir mars musiqasi yozuvini topib oldim, u kam deganda ellik ming yil oldin yozilgan ekan. U hali ham binoyidek ovoz beradi. Bunaqa musiqani hayotda boshqa hech bir joyda eshitmaysiz. Qolsangiz, siz ham eshitar edingiz. Bu yerda kitoblar bor.
Men ularni bemalol o‘qiy olaman. Siz ham o‘qir edingiz.
— Bari bir-biridan maroqli narsalar.
— Shunday bo‘lsa ham qolmaysizmi?
— Yo‘q. Ammo taklifingiz uchun baribir rahmat aytaman.
— Demak, ma’lum bo‘lishicha, siz meni tinch qo‘yish niyatida emassiz. Men barchangizni o‘ldirishimga to‘g‘ri keladi.
— Siz nekbinsiz.
— Men nima uchun jang qilishni va nima uchun yashashni bilaman, shuning uchun o‘ldirishga kelganda men sizdan ko‘ra chaqqonroqman. Ko‘nglimda, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z dinim paydo bo‘ldi: men yana nafas olishni, oftobda yotishni, quyosh nurlarini o‘zimga singdirib toblanishni, kuy tinglashni va kitob o‘qishni o‘rganaman. Xo‘sh, sizning tamadduningiz menga nimani taklif qila oladi?
Kapitan og‘irligini bir oyog‘idan boshqa oyog‘iga soldi-da, boshini chayqadi.
— Shunday bo‘lishidan juda afsusdaman. Bularning barchasidan xafaman…
— Men ham. Endi esa hujumingizni boshlashingiz uchun sizni qaytarib olib borib qo‘yish vaqti keldi.
— Mayli.
— Kapitan, men sizni o‘ldirmayman. Hammasi tamom bo‘lganda siz tirik qolasiz.
— Nima?
— Men avval-boshdayoq sizni ayashga qaror qilgan edim.
— Obbo, siz-ey…
— Men sizni anovi boshqalardan qutqaraman. Ular o‘ldirilgandan keyin siz balki boshqatdan o‘ylab ko‘rarsiz.
— Yo‘q, — dedi kapitan. — Mening tomirimda ko‘proq Yer qoni oqadi. Men sizni ketgani qo‘yolmayman.