Читаем Marsga hujum полностью

U Parkxillning chopib ketayotib yiqilganini, pana joy topib olganini ko‘rdi. Spenderning atrofida siyrak odamlar qatori asta saf tortmoqda edi. U cho‘qqida, ikkita xarsang ortida, havo yetishmasligidan og‘zini horg‘in qiyshaytirib yotardi, qo‘ltiqlari tagida qop-qora ter dog‘lari paydo bo‘ldi. Kapitan bu xarsanglarni aniq ko‘rib turar edi. Ikki xarsangni bir-biridan ajratib turgan o‘n santimetrlarcha oraliqdan Spenderning ko‘ksi ko‘rinib turardi.

— Hoy! — deb qichqirdi Parkxill. — Miyangning qatig‘ini chiqarishga bitta o‘qni g‘amlab qo‘yibman!

Kapitan Uaylder kutardi. “Ha, Spender, bo‘sh kelma, — o‘ylardi u. — O’zing o‘ylaganingdek, tuyog‘ingni shiqillat! Yana bir necha daqiqadan keyin kech bo‘ladi. Ket, keyin yana chiqasan. Xo‘sh!

Ketaman deb aytuvding-ku. O’zing qidirgan mana bu mag‘oralarga gumdon bo‘lsang-chi, kirib ol-da, bir oy, bir yil, ko‘p yillar yotaver. O’zingning g‘aroyib kitoblaringni o‘qi, ehrom hovuzlaringda cho‘mil.

Qani, hoy odamvachcha, fursat g‘animatda quyon bo‘lib qolsang-chi”.

Spender joyidan qimir etmasdi.

“Unga nima bo‘lgan o‘zi?” — so‘radi o‘zidan kapitan.

U to‘pponchasini oldi. Odamlarning bir panadan boshqa panaga chopib o‘tishlarini kuzatib turdi.

Mo‘‘jazgina, shinam mars qishlog‘i minoralariga ko‘z soldi — bamisoli quyosh nuridan charaqlagan kungirador o‘yma shaxmat donalariga o‘xshardi ular so‘ng. Nigohini xarsanglarga va Spenderning ko‘kragini ko‘rsatib turgan oraliqqa oldi.

G’azabdan o‘kirgancha Parkxill oldinga otilib chiqdi.

— Yo‘q, Parkxill, — dedi kapitan. — Sizning bunday qilishingizga men yo‘l qo‘yolmayman, boshqa birovga ham. Ichingizdan hech biringizga. Men o‘zim.

U to‘pponchasini ko‘tarib nishonga ola boshladi.

“Bundan keyin mening vijdonim sof bo‘larmikan? — so‘radi o‘zidan kapitan. — Buni o‘z zimmamga olib, to‘g‘ri qilayapmanmi? Ha, to‘g‘ri. Bilaman. Nima qilayotganimni va nima uchun qilayotganimni bilaman. Nima qilsam, hammasi to‘g‘ri, axir buni men qilishim kerakligiga imonim komil-ku. Bu qarorimni bir umr oqlab o‘tishimga umid ham qilaman va ishonaman”.

U Spenderga boshini irg‘ab qo‘ydi.

— Ketdik! — qichqirdi u shivirlab; tabiiyki buni o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi. — Yana o‘ttiz soniya muhlat beraman senga, o‘ttiz soniya.

Bilagidagi soat chiq-chiq qilar edi. Kapitan milning yugurishini kuzatdi. Uning odamlari chopib oldinga harakat qilishdi. Spender joyidan qimir etmas edi. Soat uzoq va juda qattiq, to‘g‘ri kapitanning qulog‘iga chiqillar edi.

— Ket, Spender, tezroq ket!

O’ttiz soniya o‘tib ketdi.

To‘pponcha hamon nishonda edi. Kapitan chuqur xo‘rsindi.

— Spender, — dedi u uf tortib.

U tepkini bosdi.

Quyosh nurida tosh uzra ixchamgina chang bulutchasi paydo bo‘ldi — bor-yo‘g‘i shu! O’q ovozi aks sado berib yangradi-yu, darrov tindi.

Kapitan o‘rnidan turdi-da, odamlarga qarab qichqirdi:

— U o‘ldi.

Ular ishonishmadi. Ular turgan joyidan xarsanglar o‘rtasidagi ochiq tirqish ko‘rinmasdi. Ular kapitanning yonbag‘irdan yuqoriga qarab bir o‘zi chopib borayotganini ko‘rib turishardi va u yo juda botir, yoki aqldan ozgan degan qarorga kelishdi.

Bir necha daqiqa o‘tgandan keyingina ular kapitanning ketidan chopishdi. Ular jasad atrofiga to‘planishdi, shunda kimdir so‘radi:

— Yuragidan otibdimi?

Kapitan ko‘zini yerga oldi.

— Yuragidan, — dedi u. U Spenderning jasadi ostidagi tosh rangi o‘zgarayotganini payqadi. — U nega kutib turganini bilmoqchiman. U o‘zi o‘ylagandek nima uchun ketmaganini bilmoqchiman. U nega uni o‘ldirishlarini kutib turganini bilmoqchiman.

— Kim biladi? — dedi kimdir.

Spender esa ularning oldida yotardi, uning bir qo‘li to‘pponchani qisib olgan, ikkinchi qo‘lida esa quyoshda charaqlab turgan kumush kitob bor edi.

“Balki bularning barchasi men tufaylidir? — so‘radi kapitan. — Ularga qo‘shilishni rad etgani uchundir? Balki meni o‘ldirishga Spenderning qo‘li bormagandir? Kim bilsin, men ulardan nimam bilandir farq qilaman. Balki, hamma gap shundadir. U, ehtimol, menga ishonsa bo‘ladi, deb o‘ylagandir. Yoki boshqa javob ham bormi?”

Boshqa javob yo‘q edi. U jasad oldida cho‘nqayib o‘tirib oldi.

“Men buni o‘zimning hayotim bilan oqlashim kerak. Endi men uni alday olmayman. Bordi-yu, u men nimam bilandir unga o‘xshaganim uchun meni o‘ldirmagan bo‘lsa, unda men juda ko‘p ishlar qilishim kerak bo‘ladi! Ha, ha, albatta, shunday bo‘ladi. Men — o‘sha Spenderman, u mening vujudimda yashab qoladi, o‘q uzishdan oldin faqat men o‘ylayman. Men umuman o‘q uzmayman, o‘ldirmayman. Men odamlarni boshqaraman. U meni o‘zidan, faqat boshqa sharoitlarda ko‘rgani uchungina meni o‘ldira olmas edi.”

Kapitan boshining orqasini quyosh kuydirayotganini his qildi. Uning qulog‘iga o‘zining ovozi chalindi:

— Eh, o‘q uzishdan oldin men bilan gaplashganda edi, — biron-bir chorasini topgan bo‘larmidik.

— Qanaqa chora? — to‘ng‘illadi Parkxill. — Uning bilan bizning zuvalamiz boshqa-boshqa joydan olingan-ku.

Pasttekislik, qoyalar, moviy osmon — barchasini azbaroyi jazirama issiq qoplab olganidan quloqlar shang‘illab ketar edi.

Перейти на страницу:

Похожие книги