— Darvoqe, siz haqsiz, — dedi kapitan. Bizlarning hech qachon moshimiz ochilmasdi. Spender bilan meni esa gapirishga ham hojat yo‘q edi. Ammo Spender bilan siz va sizga o‘xshaganlar — ikki dunyoda ham murosa qilolmas edi. Aytadilar-ku: “ekkaningni o‘rasan” deb, shunday bo‘ldi ham.
Flyagani oling, bir qultum yutay.
Spenderni bo‘sh go‘rga dafn qilish taklifi kapitanning o‘zidan chiqdi. Go‘rni qadimgi mars qabristonidan topishdi. Ular Spenderning qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, kumush tobutga joylashtirishdi va o‘n ming yil avval tayyorlangan sham va musallaslarni ham uning ichiga qo‘yishdi.
Go‘rni yopayotib, ular ko‘rgan oxirgi narsa Spenderning jonsiz chehrasi bo‘ldi.
Ular qadimgi xilxonada turishardi.
— Vaqti-vaqti bilan Spenderni eslab tursangiz yomon bo‘lmasdi, — dedi kapitan.
Ular xilxonadan chiqishdi va marmar eshikni zichlab yopib qo‘yishdi.
Ertasiga Parkxill o‘lik shaharlarning birida nishonga qarab o‘q uzish poygasini o‘tkazishga qaror qildi — u billur derazalarni nishonga olar va nafis minoralarning uchini cho‘rt uchirar edi. Kapitan Parkxillni tutib oldi-da, tishini tutday to‘kdi.
Avgust 2001
O‘ZGA YURTLIKLAR
Yerliklar Marsga uchib kela boshladilar.
Uchib kelishlarining boisi, ular nimadandir qo‘rqar edilar va ayni zamonda hech nimadan qo‘rqmas edilar, chunki ular baxtli va baxtsiz edilar, o‘zlarini ziyoratchilar deb his qilar edilar va ziyoratchilar deb his qilmas edilar. Har birining o‘z sababi bor edi. Ular jonlariga tekkan xotinlarini yoki jonlariga tekkan ishlarini yoki jonlariga tekkan shaharlarini tashlab kelgan edilar; nimanidir topish yoki nimadandir qutulish yoki nimanidir qazib olish, nimanidir kavlab olish, yoki nimanidir yerning tagiga yashirib qo‘yish, yoki nimanidir abadiy unutish uchun uchib kelar edilar. Ular katta umidlar bilan, kichkina umidchalar bilan, butunlay umidsiz uchib kelar edilar. Biroq ko‘plab shaharlarda to‘rt rangli shiorlarda hukmdor barmoq amrona ko‘rsatib turar edi: sen uchun osmonda ish bor — Marsga bor! Shunday qilib, odamlar yo‘lga tushar edilar; to‘g‘ri, avvaliga ular oz-oz edilar, nari borsa, o‘ntadan — aksariyatlari raketa osmonga o‘qdek otilishidan burunroq o‘zlarini yomon his qila boshlagan edilar. Bu kasalning nomi yolg‘izlik edi, chunki u yerda, hov pastda jonajon shahring avval mushtumdek, keyin limon donasidek, keyin to‘g‘nag‘ich boshchasidek, nihoyat kichraya borib, oxiri reaktivning olov oqimi ostida butunlay ko‘rinmay ketganini tasavvur qilishing hamon senda shunday bir tuyg‘u paydo bo‘ladiki, go‘yo sen yorug‘ olamda hech qachon tug‘ilmagansan, hech qaerda hech qanaqa shahar bo‘lmagan, sen ham hech qaerda bo‘lmagansan, chor atrofing bo‘m-bo‘sh koinot, bironta ham tanish odam yo‘q, nuqul begona odamlar. Shtatingni — Illinoys yoki Ayovami, Missuri yoki Montanami, bulutlar qa’riga kirib ko‘zdan yo‘qolganda, butun Qo‘shma Shtatlarni-ku, qo‘yaver, butun yer sayyorasi zulmat qo‘ynida qisilib-qisilib, xuddi noma’lum yoqqa uchib ketayotgan iflos kulrang koptokka aylanadi, — ana shunda o‘zingni koinot kengliklarida mutlaqo yolg‘iz, yakrang, yaknasaq musofir bo‘lasan-qolasan va oldinda seni nelar kutayotganini tasavvuringga ham keltirolmaysan. Dastlabki kelganlar juda ozchilik bo‘lganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Ko‘chib kelganlarning holi Marsga ko‘chib o‘tgan yerliklar miqdoriga mutanosib tarzda o‘sib borardi: bir kishiga qo‘rqinchli, ko‘pchilik bo‘lsa — unchalik emas, ammo Yolg‘izlarga o‘zidan boshqa ishonadigan hech kim bo‘lmaydi.
Dekabr 2001
YASHIL TONG
Quyosh botganda u so‘qmoq yonida o‘tirdi-da, g‘aribgina ovqat tayyorladi; so‘ng paydar-pay og‘ziga luqmalardan solgancha va o‘ychan kavshagancha olovning charsillashiga quloq soldi. Boshqa o‘ttiz kunga o‘xshagan yana bir kun o‘tdi; erta tongdan ko‘plab shinam qazish, so‘ng ularga urug‘ qadash, tip-tiniq kanallardan suv tashib keltirish kerak. Hozir, charchoqdan o‘zini qo‘rg‘oshindek og‘ir his qilgancha u osmonga qarab yotardi, osmon esa rangini o‘zgartirib, kech bo‘lganidan darak bermoqda edi.
Uning ismi Benjamin Driskol edi, yoshi o‘ttiz birda. Uning niyati bitta — qanday qilib bo‘lmasin, Mars yam-yashil libosga burkansa, qalin bargli baland daraxtlarga qoplansa, iloji boricha ko‘proq havo paydo bo‘lsa, kerak bo‘lsa yilning to‘rt faslida ham gurkirab tursa, diqqinafas yozda shaharlarning havosini yangilasa, qishning izg‘irinli shamollarini to‘sib tursa. Daraxt nimalarga qodir emas… U tabiatga rang beradi, soya tashlaydi, yerni mevalari bilan ma’mur qiladi. Yoki bolalar o‘yinlarining saltanatiga aylanadi — sirpanish, o‘yinlar o‘ynash, qo‘lda osilib turish mumkin bo‘lgan butun bir osmoniy olam desangiz-chi… U rizq va sevinch eltuvchi bahaybat inshoot; mana daraxtning qudrati!
Ammo eng avvalo daraxt — bu o‘pka uchun hayotbaxsh muzdek havo va yoqimli shitirlash manbai, u tunda seni allalab, sehrli allalar aytadi, sen esa, qordek oppoq toza to‘shakda yotgancha miriqib tinglaysan.