Читаем Marsga hujum полностью

— Bu yerda qolish imkoniyatingiz bo‘lganida hammi?

— Ha. Shunisi qiziqki, o‘shanda ham. Negaligini bilmayman. Hech o‘zimga shunday savol berib ko‘rmagan ekanman. Mana, yetib ham keldik.

Ular avvalgi joylariga qaytib kelishdi.

— Men bilan o‘zingiz xohlab boraverasizmi, Spender? Oxirgi marta aytayapman.

— Tashakkur. Bormayman. — Spender bir qo‘lini oldinga cho‘zdi. — Yana bir narsa, ketar jafosiga.

Agar siz yengib chiqsangiz, menga bir ish qilib berasiz. Agar kuchingiz yetsa, bu sayyoraning iztirobini hech bo‘lmaganda ellik yilga surib berishga harakat qilib ko‘ring, qadimshunoslar avval bir yaxshilab ter to‘kishsin-da! Rozimisiz?

— Roziman.

— Yana bir gap, agar bundan kimdir yengil tortsa, meni yoz kunida bir aqli suyulgancha qaytib o‘ziga kelmagan ojiz bir jinni deb hisoblayvering. Balki siz yengil tortarsiz…

— O’ylab ko‘raman. Xayr, Spender, yaxshi qoling.

— Siz g‘alati odamsiz, — dedi Spender, kapitan garmselga qarshi yo‘lakdan pastga tomon odimlab ketganda.

Nihoyat kapitan uni sabr-toqat bilan kutib turgan, changga botgan o‘z odamlari oldiga qaytib keldi.

U quyoshdan ko‘zlarini chimirib olgan va og‘ir-og‘ir nafas olardi.

— Ichishga kimda suv bor? — deb so‘radi kapitan.

U qo‘liga muzdek flyagani tutqazganlarini his qildi.

— Rahmat.

U bir ho‘plam ichdi. Og‘zini artdi.

— Xo‘sh, — dedi kapitan. — Hushyor bo‘linglar. Shoshadigan joyimiz yo‘q, vaqtimiz bemalol. Biz tomondan ko‘p qurbon bo‘lmasligi kerak. Siz uni o‘ldirishingizga to‘g‘ri keladi. U men bilan borishga unamadi. Uni bir o‘q bilan yer tishlatishga harakat qiling. G’alvir qilib tashlamang. O’ldiring, vassalom.

— Men uning la’nati kallasini qovoqdek yorib tashlayman, — to‘ng‘illadi Sem Parkxill.

— Yo‘q, faqat yuragiga, — dedi kapitan. U Spenderning shafqatsiz qat’iy chehrasini aniq-tiniq ko‘rib turardi.

— Uning la’nati kallasini, — takrorladi Parkxill.

Kapitan flyagani unga uzatdi.

— Buyrug‘imni eshitdingizmi? Faqat yuragiga.

Parkxill o‘zicha nimadir deb to‘ng‘illab qo‘ydi.

— Ketdik, — dedi kapitan.

Ular yana har tomonga sochilib ketishdi, odimlashdan yugurishga o‘tishdi, keyin yana odimlab ketishdi, ular goh jazirama yonbag‘irdan yuqoriga o‘rlar, goh muzdek, to‘s hidi anqib turgan mag‘oralarga sho‘ng‘ib ketishar, goh obdon qizigan tosh hovuriga to‘liq charog‘on ochiq maydonda paydo bo‘lib qolar edilar.

“Yuragingdan o‘zingni epchil his qilib, unday bo‘lishni istamaganingdan keyin, — o‘yladi kapitan, — bu epchillik va jonsaraklik ham ko‘zingga balodek ko‘rinib ketar ekan. Bildirmay kirib borish, har xil nayranglarni o‘ylab topish va o‘zingning makkorliging bilan faxrlanish, yuragimdan o‘zimning haq ekanligimga ishonmaganimdan keyin unday haqgo‘ylik tuyg‘usini boshimga uramanmi! Xo‘sh, bunday olib qaraganda, biz kimmiz? Ko‘pchiligimiz?… Ko‘pchilik har doim aybsiz bo‘lib kelganligi shunga javob emasmi? Har doim ko‘pchilik hatto tariqcha adashishi mumkin emas, shunday emasmi? Hatto o‘n million yilda ham bir marta adashmaydi…”

U xayol surishda davom etdi: “Bu ko‘pchilik degani o‘zi nima-yu, unga kimlar kiradi? Ular nima haqda o‘ylaydilar, ular nima uchun aynan shunday bo‘lib qolganlar, nahotki hech qachon o‘zgarmaydilar? Qolaversa, men bu la’nati ko‘pchilik ichiga qanday jin urib kirib qoldim? Hech o‘zimga kelolmayman. Bunga sabab nima: klosstrofobiya, olomondan qo‘rqishmi yoki shunchaki sog‘lom fikrmi? Butun dunyo o‘zining haqligiga amin bo‘lib turganida bitta odam haq bo‘lib chiqishi mumkinmi? Keling, bu haqda o‘ylamaylik. Qornimizda o‘rmalaylik, biqinib olaylik, tepkini bosaylik!

Mana shunday! Shunday!”

Uning odamlari kimo‘zarga chopishar, yiqilishar, yana olg‘a qarab chopishar, soyada bir oz qo‘nim topib, tishlarini tirjaytirishar, og‘izlari bilan nafas olar edilar, chunki havo og‘ir edi, unda chopish beshbattar og‘ir edi; og‘ir havoda, ora-chora besh daqiqa o‘tirib, og‘ir-og‘ir nafas olgancha tin olmasa bo‘lmas edi, — ko‘zlarining oldida o‘t chaqnar edi, — kislorodni shuncha ichga tortgan bilan hech kim to‘ydim demasdi, oxir tishni-tishga bosib, yana oyoqqa turishga va bu og‘ir havoni o‘t va momaqaldiroq bilan parcha-burish qilib tashlash uchun vintovkani ko‘tarishga to‘g‘ri kelardi.

Spender kapitan uni tashlab ketgan yerda yotgancha ta’qibchilarga qarab ahyon-ahyonda o‘q uzib qo‘yar edi.

— Uning la’nati miyasini toshlarda ezg‘ilayman! — bo‘kirdi Parkxill va yonbag‘irdan yuqoriga qarab chopib ketdi.

Kapitan ser Parkxillni nishonga oldi, keyin unga o‘qrayib qaragancha to‘pponchasini bir chetga qo‘ydi.

— Nima qilmoqchi edingiz? — so‘radi u holsizlangan qo‘li va to‘pponchadan ko‘z uzmay.

U sal bo‘lmasa Parkxillning orqasidan otib tashlayozdi.

— Yo alhazar, menga nima bo‘ldi?

Перейти на страницу:

Похожие книги