U o‘zining bolaligi, kechgan umri haqida o‘ylab ketdi. Qiz qashshoq oilada tug‘ildi, ota-onasi barvaqt olamdan o‘tib, nihoyatda muhtojlik va qiyinchilikda o‘sdi. U yoshligidayoq juda ko‘hlik edi. Bu husn unga hayotda ko‘pdan-ko‘p quvonch va tashvishlar keltirdi. Frau Bekker ismli badavlat beva bir kampir yetimxonada chiroyli qizchani ko‘rib qolib o‘z uyiga olib ketdi. Bu vaqtda Elza o‘n ikki yoshd edi. Un yetti yoshigacha u frau Bekkernikida yashadi. O‘tgan besh yil chinakam farog‘at yillari bo‘ldi. Kampir qizni jonidan ortiq sevardi, uni yuvib-taradi, o‘qitdi, Elza ham kampirga o‘z onasiday suyanib qolgandi. Ammo kampir vasiyat qilishga ham ulgurmay, qo‘qqisdan qazo qildi. Uning qarindosh-urug‘lari Elzaga arzimagan narsani shunday og‘rinib, minnat bilan ajratib berishdiki, qiz ularning‘ bu marhamatidan voz kechib, ishga kirib ketdi. Ikki yil mobaynida u hayotning hamma achchiq-chuchugini tatib ko‘rdi. Shu husni bilan u istagan do‘koniga ishga kira olardi, shunday bo‘ldi ham, ammo do‘kondorlarni o‘ta mahliyo bo‘laverishi joniga tegib, kasbini o‘zgartirishga qaror qildi. Kechqurunlari stenografiyani o‘rganishga kirishdi, keyin esa Gotlibning qo‘lida ishlash baxtiga muyassar bo‘ldi. Shu yerda u Zauyer bilan tanishib, unga ko‘ngil qo‘edi, chunki yigit qizga hamisha hurmat bilan qarar, odob va nazokat bilan muomala qilardi.
Kutilmaganda shuncha merosga ega bo‘lib qolishi uni tamom dovdiratib qo‘ygan edi.
Avvaliga merosdan voz kechib, keyin uni yana qabul qilishga nima uchun rozi bo‘lganiga sirayam aqli yetmasdi.
— Nega? Nega? — deb so‘rardi u o‘z-o‘zidan.
Birdan qizning chehrasi oydinlashdi. Ko‘zlari xiyol yumildi. Shu alfozda u bir necha minut o‘tirdi. Nihoyat, diqqinafas xonadan ochiq havoga chiqqan odamday ko‘kragini to‘ldirib chuqur nafas oldi. Boyagi ko‘ngilxiralikdan asar ham qolmaganini payqab, o‘zi ham taajjublandi. O‘rnidan turdi-da badanining karaxtligini yozmoqchi bo‘lganday shirin kerishdi, keyin xonani qiziqib ko‘zdan kechira boshladi.
— Rostdan ham ajoyib ekan. Gilamning chiroyliliginiya-ya! Yorug‘, havosi toza!
U yana entikib nafas oldi va allaqanday bir ichki hayajon bilan o‘zining yangi uy-joyini: kutubxona, suratlar galereyasi va ajoyib qishki bog‘ni aylanib chiqdi.
— Mana shularning hammasi meniki!
Shunda xayoliga birinchi marta: «Shtirner to‘g‘ri aytdi! Qanday baxtliman-a!» — degan fikr keldi.
IX. ELLIK FOIZ QO‘SHIMCHA HAQ
Shtirner Elzaning oldidan chiqib, shoshilib ikkinchi qavatga tushdi. Shaxsiy sekretariat xonasida Zauyer, Emma Fit va frau Shmitgof o‘tirishardi.
Zauyer unga adovat bilan tikildi, Fit bilan Emma esa hadiksirab ko‘z tashlab qo‘yishdi.
Elza Glyuk to‘la huquqli xo‘jayinga aylanganidan so‘ng bular o‘z qismatlari nima bo‘lishini bilmay, gangib qolishgan edi.
— Salom, janoblar! — dedi Shtyrner so‘zamollik bilan. — Yangi xo‘jayinning oldidan chiqyapman. Hech narsadan xavotir olmanglar: sizlar shu yerda qolasizlar, bu xususda Elza bilan… Elza xonim bilan gaplashdim… Ishimiz endi ko‘payadi… Go‘zal bekamiz bank ishlaridan bexabar, shuning uchun Elza Glyuk bankini boshqarishning butun ogirligi men bilan sizga tushadi, Zauyer.
— Iltimos, men uchun qaygurmang, menga ish ham taqsimlamang, — dedi Zauyer zarda bilan.
— Shunyqa deng… Lekin iloj qancha? Mayli, keyin gaplashamiz. Hozir zarur ishim bor.
Shtirner shoshib kabinetga kirdi, Gotlibning yozuv stoliga o‘tirib bir nimalarni yozdi-da, qog‘ozni stol g‘aladoniga qulflab, o‘z xonasiga o‘tdi. Sal o‘tmay qaytib chiqdi-yu, yana yozuv stoliga o‘tirdi.
Kabinetga Elza, uning ortidan Zauyer, Fit va Shmitgoflar kirib kelishdi.
Emma bilan ekonomka ishdan haydamagani uchun Elzaga minnatdorchilik bildirishdi.
— Ha-a! Glyuk xonim, tashrifingizdan g‘oyat minnatdorman! — dedi Shtirner. — Kayfiyatingiz qalay?
— Rahmat, yaxshi.
— Uy ma’qul bo‘ldimi?
— Judayam! — javob berdi u quvnoqlik bilan. — Yuqorigi qavat juda oftobro‘ya ekan. Xuddi nur dengizida cho‘milayotganday bo‘ladi odam. Qishki bog‘ni aytmaysizmi! Jannat. Shunday joy turganda Nitssaga borishning ham hojati yo‘q!
— Juda soz! Demak, hammasi joyida? — dedi jilmayib Shtirner.
Elzaning kutilmaganda o‘zini bu qadar baxtiyor va xushchaqchaq tutishi Zauyerni hayratga soldi. U hushyor tortib, qizga gumonsirab tikildi-da, labini tishlay boshladi.
— Endi ish tashvishini yelkangizdan soqit qilsangiz ham bo‘ladi, — dedi Shtirner. — Xohishingizni inobatga olib, o‘z nomimga to‘la ishonch qog‘ozi yozdim… Marhamat qilib, imzo cheksangiz.
Zauyer, Shmitgof va hatto soddadil Fit ham hayron bulib qolishdi. Hamma ishonch qog‘ozini Elzaning qaylig‘i Zauyer oladi yoki hech bo‘lmaganda boshqaruv ishlari Zauyer bilan Shtirner o‘rtasida taqsimlanadi deb o‘ylagandi.
— Xo‘p, xo‘p, — dedi Elza ikkilanmay va ruchkani qo‘liga oldi.
— Bir minutga! — Shtirner qo‘ng‘iroqni bosgan edi, xonaga keksa notarius ikkita guvohni boshlab kirib keldi.
_ Uzr, — dedi unga Shtirner, — uyga taklif etib, sizni bezbvta qildik…
Chol iltifot bilan bosh qimirlatib qo‘edi.