— Lyuders! Hammasi barbod bo‘ldi… U rozi bo‘lmadi. Birorta taklifni ham qabul qilmadi, o‘zimam shuni kutgan edim… Ertaga shikoyat qilish muddati tugaydi. Dadam g‘oyib bo‘ldi… Loaqal o‘ldi, degan daragi chiqsa ham mayli edi… Yo‘q, baribir kechikdik!.. Bir necha soat ichida homiylikni ta’sis etish mumkin;shas… Hammasi barbod bo‘ldi! Faqat bittagina yo‘li bor: ishni qayta qo‘zg‘ash kerak. Dadamning sizga bergan vakolati o‘z kuchida turibdi…
— Oskar Gotlibning suddagi oxirgi gapidan keyin vakolatping ham qimmati qolmadi.
— Baribir, ariza beravering!.. Balki ish qayta ko‘rilguncha dadam topilib qolar.
Lyuders yelkasini qisdi-yu, biroq bu gapda ham jon borga o‘xshaydi, deb o‘ylanib qoldi. Eng muhimi — vaqtni boy bermaslik kerak, u yog‘iga vaziyat butunlay o‘zgarib ketishy mumkin.
Ishni qayta ko‘rish haqida ariza berildi. Ammo Oskar Gotlibning na o‘lganidan, na tirikligidan xabar bo‘ldi. Hamma imkoniyatlar ishga solib bo‘lindi, Gotliblarning da’vosi rad etildi.
Elza Glyuk qonuniy merosxo‘r deb tan olindi.
VIII. SHISHADAN YASALGAN IMORAT
Marhum bankirning ixtirochilikka bo‘lgan ishtiyoqi uning Amerika binokorlik texnikasining so‘nggi yutuqlari asosida qurilgan o‘z uyi arxitekturasida ham ifodasini topgan edi. Bu yangi arxitekturada go‘zallik bilan qulaylik nihoyatda uygunlashib ketgan edi. Uzunasiga tushgan uch qavatli ulkan bino butkul temir, oyna va betondan qurilgan bo‘lib, sirtdan qaraganda juda oddiy ko‘rinardi. Ko‘zni oladigan birorta jimjima, birorta bezak yo‘q edi. Yerdan shiftgacha butun devorni egallagan yaxlit oynalar binoga ulkan bir akvarium tusini bergandi. Bu shisha devor Gotlib bankidagi millionlab mablagni asrash uchun juda mo‘rtlik qiladiganday tuyulardi. Ammo gap shundaki, bu akvariumning «tilla baliqlari» uning eng tubida — yer osti qavatida saqlanardi. Bu xazinaning po‘lat va betonlari faqat yer emas, balki havo qaroqchilarining hujumini ham qaytarishga qodir edi. Yuzlab avtomat qo‘ng‘iroq va yorug‘lik signallari, birinchi qavatdagi qorovullarga ostki qavatni kuzatib turish imkonini beruvchi maxsus periskoplar, o‘zi yopilib qoladigan eshiklar, elektr tokiga ulangan sim to‘siqlar, kinoapparatlar — bularning barchasi bu yerga kirish niyatida zo‘rlik yoki mug‘ambirlik bilan bo‘ladigan har qanday urinishni daf etardi. O‘z vaqtida Gotlib mazkur himoya vositalarining mo‘’jizaviy qudratini tasvirlagan reportyorlar orqali o‘z bankining mustahkamligini butun dunyoga oshkor etish va shu tariqa yengil pul topishga urinuvchilarni shashtidan qaytarish uchun ancha-muncha mablag‘ sarflagandi. Darhaqiqat, o‘n yil mobaynida bankka faqat bir martagina hujum bo‘ldi, u ham muvaffaqiyatsiz tugadi; ustasi farang ikki qulfbuzar ichkariga kirishi bilan eshik avtomatik tarzda bekilib qolib, ikkala o‘g‘ri ham qopqonga tushgan bo‘riday tipirchilab qoldi.
Avtomatik ravishda harakatga kelgan kinoapparat bu voqeani suratga oldi, so‘ng kartina jazolangan illat namunasi sifatida mamlakatning barcha kinoteatrlarida namoyish qilindi. To‘g‘ri, ba’zi bir odamlar, bu o‘g‘irlikni Gotlibning o‘zi uyushtirgan, u jinoyat olamining mashhur «artist» larini katta pul evaziga taklif etib, shov-shuv bosilgandan keyin ularni ozodlikka chiqarishga va’da bergan, degan mishmishlar tarqatishdi, shunga qaramay kartinaning ta’siri chakki bo‘lmadi. Bankir va uning omonatchilari bexavotir uxlaydigan bo‘lishdi.
Yer ustidagi birinchi qavatda bank va uning barcha bo‘limlari joylashgandi. Shu qavatda, garchi zarurati bo‘lmasa ham qurollangan soqchilar turishardi. Bankir ularni shunchaki xo‘jako‘rsinga ishga olgandi.
Gotlibning kvartirasi ikkinchi qavatda edi, qavatning o‘rtasida mehmonxona, qabulxona, shaxsiy sekretariat va ish kabineti joylashgandi. Binoning o‘ng tomoni ikki xonaga bo‘linib, ular kabinetga tutashtirilgandi, xonalarning biri Gotlibning, ikkinchisi esa Shtirnerning yotoqxonasi edi. Bu xonalarni Shtirner hamisha qulflab yurardi, u yerga xizmatchilarni hatto supurib-sidirishga ham kiritmasdi. Binoning chap tomonida Shtirnerning hayvonlari: uning aqlli kuchuklari, bo‘rilari, cho‘chqalari, mushuk va ayiqlari istiqomat qilardi. Ular nihoyatda totuv yashashardi. Shtirner olimlikni tark etganidan so‘ng, o‘z so‘zi bilan aytganda «havaskor» sifatida, hayvonlar psixologiyasini o‘rganishga kirishgandi.