Elza Zauyerning nozik joyiga tekkan edi. Darhaqiqat, u ishdan ketmadi. Sababini o‘zi ham bilmasdi. Bir oy muqaddax «kutilmaganda Elzadan ko‘ngli sovib, Emmaga mehri tushib qoldi. Ba’zan buni o‘ylab o‘zi ham ezilardi. U o‘zini xuddi aqldan ozgan kishiday his etib, azob chekardi. O‘zini andak bo‘lsa ham talg‘itish uchun aysh-ishratga, xmaishatbozlikka berildi.
Ammo bu dargohdan nima uchun ketmayotganligiga o‘zining ham aqli yetmayotganligini tan olgisi kelmasdi. Bu hol uni battar asabiylashtirganidan gapni boshqa yoqqa burib yubordi:
— Ha-a, siz mendan tezroq qutulmoqchi ekansiz-da? Endi tushundim!..
Elza unga ta’na bilan qaradi.
— Otto, siz meni yana haqorat qilmoqchimisiz?
— Xotirjam bo‘ling! Biz bir-birimizni juda qiynab yubordik, endi bu o‘yinni to‘xtatishimiz kerak. Agar bilmoqchi bo‘lsangiz, aytib qo‘ya qolay: men Emma Fitni sevaman, shuning uchun bu yerdan ketmayman. Ha, sevaman, shu bugunoq unga menga turmushga chiqishni taklif qilaman!
Bu javob uning o‘ziga eng to‘g‘ri javobday tuyuldi-yu, lekin o‘zini-o‘zi aldayotganini ko‘ngli sezib turardi: axir, Emma bilan birga ketsa ham bo‘lardi-ku!
Elza gavdasini skameyka suyanchig‘iga tashladi-yu, sekingina:
— Otto!.. — deb shivirladi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Zauyerning qalbida shafqat tuyg‘usi gimirlaganday bo‘ldi.
Ammo shu zahotiyoq miyasiga boshqa fikr urildi: aldayapti, odatdagiday mug‘ambirlik qilyapti. Shularni o‘yladi-yu, zarda bilan gapira ketdi:
— Xo‘sh, mendan nimani kutuvdingiz? Endi bir kamim sizga qorovullik qilish qoldixugi? Oilaning rasmiy do‘sti! Bu faxrli lavozimdan voz kechaman. Boyligingiz shu darajada ko‘pki, ishqibozlar istagancha topiladi. Meni bo‘shating. Emma Fit menga osmondagi yulduzni olib bermaydi, uning milliard-milliard puli ham yo‘q, lekin oynaday musaffo qalbi bor, u qiz menga vafodor xotin bo‘ladi.
Elza miq etmay eshitdi, boshi battar quyi egildi.
Zauyer portfelini qo‘liga oldi.
— Zauyer kambagal, lekin uni ellik foiz qo‘shimcha haq evaziga sotib olish mumkin emas! Kechirasiz, meni kutishyapti.
U shunday dedi-da, namoyishkorona ta’zim qilib, iziga qaytdi. Bo‘m-bo‘sh keng zaldan uning qadam tovushlari anchagacha eshitilib turdi.
Elza tamom lol bo‘lib qolgan edi. Soat zangi uni hushiga keltirdi.
U sapchib tushdi.
— Besh. Kech bo‘p qopti!
Qosh qorayib qolgan edi.
Elza zalga o‘tib, atrofga alangladi. Ko‘zi beixtiyor royalga tushdi, birdan kuy chalgisi kelib qoldi. U royalning qopqog‘ini ochdi-da, o‘tirib asta chala boshladi.
Nazarida hech qachon u bu qadar huzur qilib royal chalmagan edi…
Ammo birdan seskanib ketdi.
Shundoqqina tepasida Shtirner turardi. Qachon kirdiykin?… U royalga suyangancha qizga tikilib turardi. Uning yuzi odatdagidan rangsizroq, jiddiy va ma’yus edi. Yupqa lablari asabiy titrardi.
Elza qichqirib yubordi, royaldan qo‘lini tortdi.
— Chaling, iltimos! — dedi Shtirner samimiy bir ohangda. Elza o‘zini o‘nglab olib, yana kuy chalishda davom etdi. Shtirner bir muddat muzikaga quloq solib turdi-da, keyin asta gapira boshladi: — Naqadar soz chalasiz! Bu «Oqqush» mi? SenSansning «Oqqush» i… Oqqush o‘lim oldidan sayraydi, deyishadi… Lekin oqqushlar juda uzoq yashashadi, faqat qattiq yaralanganlarigina bevaqt halok bo‘lishadi. Nahotki siz ham yarador bo‘lsangiz? Kim yaraladi sizni? Joningizni fido qilishga arziydimi o‘sha?
— Kim haqida gapiryapsiz? — deb so‘radi Elza kuyni to‘xtatib, qo‘llarini tizzalariga tushirib.
— Kim bo‘lardi, Zauyer haqida-da! Yeki bu sirmi?
Elzaning qalbida ayollik rururi isyon ko‘tardi.
— Janob Shtirner, — dedi u sovuqqina qilib, o‘rnidan turarkan, — mening shaxsiy ishlarimga aralashmasligingizni so‘rayman!
— Axir bu mening ham shaxsiy ishim, Elza xonim, sizni yaxshi ko‘rishimni bilasiz-ku, axir!
— Mening yaxshi ko‘rmasligimni siz ham bilasiz.
— Hamma balo shunda-da… Bu mening ham, sizning ham baxtsizligimiz, ha, ha, sizning ham. Meni sevganingizda qanday ajoyib bo‘lardi! O‘zingiz sevib qolganingizda, — dedi ma’noli qilib Shtirner.
— Boshqacha sevish ham bo‘larkanmi?
Shtirner javob bermadi.
— Menga qarang, Elza, keling, bafurja gaplashib olaylik. Bu takomillashgan zalda o‘tiradigan joy ham yo‘q. Yuring, qishki boqqa chiqaylik, iltimos!
Ular hozirgina Elza turib ketgan skameykaga borib o‘tirishdi.