— Siz hayotning achchiq-chuchugini totgan odamsiz, — deb gap boshladi Shtirner. — Chiroyli, kambagal qiz uchun bir burda non topib yeyish qanchalik qiyinligini yaxshi bilasiz. Endi siz badavlatsiz. Lekin boylikning hali chatoq tomonlari bor. Erkaklar uchun siz endi xo‘rakka aylanasiz. Husnga ko‘pincha suyuqoyoq va xotinbozlar, boylikka esa qallob va firibgarlar o‘ch bo‘lishadi. Siz tanlagan odam boyligingizni emas, o‘zingizni sevishiga kim kafil bo‘la oladi? U holda ahvolingiz nima kechadi? Zauyerdan umid yo‘q. Siz yolgizsiz. Yaxshilab bir o‘ylab ko‘ring. Xo‘sh, men sizga er bo‘lsam nima qipti? Meni sevmaysiz. Lekin sevgi tufayli emas, aql bilan tuzilgan nikoh eng yaxshi nikoh bo‘ladi, deyishadi. Balki keyin yaxshi ko‘rib qolarsiz, hayotda bunaqa hodisalar ko‘p bo‘lgan… Bundan tashqari… Mening qiladigan ishlarim, katta rejalarim bor. Sizning menga bo‘lgan munosabatingiz esa oyoq-qo‘limni boglab, bemalol, xotirjam ishlashga imkon bermayapti… Oxirgi marta aytaman: o‘ylab ko‘ring!
Elza bosh chayqadi.
— Yo‘q, yo‘q! — dedi shoshib Shtirner. — Hozir bir narsa deyishingiz shart emas. Yaxshilab o‘ylang, mening taklifimni taroziga solib ko‘ring va javobini… bugun payshanba bo‘lsa… yakshanba kuni kechqurun soat oltida menga ayting. Bu oxirgi muddat!
Shtirner ta’zim qilib, chiqib ketdi.
Soat roppa-rosa oltiga zang urdi.
XI. NIKOH SAFARI AMALGA OSHMADI
Ertasiga ertalab Elza ko‘pdan beri o‘zini tark etgan tiniqlik bilan uygondi. Shtirnerning taklifini qabul qilish kerakmi, yo‘qmi — xayoliga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi. Nima uchun bu masalani hal qilishi keraklngi haqyda o‘ylab ham o‘tirmadi. Nonushtadan so‘ng Elza qishki bogdagi o‘zining sevimli joyiga, akvarium qarshysiga borib o‘tirdi-da, yana Shtirner haqida o‘ylay boshladi.
Ammo unga xalaqit berishdi. Xizmatkor kirib, qabulxonada Oskar Gotlib kutayotganini, huzuriga kirmoqchi ekanini aytdi.
«Oskar Gotlib? Qayoqdan paydo bo‘lib qoldi?» — deb o‘yladi Elza. Xayolidan bir zumda sud protsessidagi voqealar shig‘illab o‘tdi.
Elza ikkinchi qavatdagi qabulxonaga tushdi.
Unga tomon ikki bukchayib bir chol yo‘rg‘alab kelardi. Marhum bankirning ukasini Elza zo‘rga tanidi. Oskar Gotlib ozib ketgan edi. Oipoq soqoli ko‘ksiga tushgan, yuzi cho‘zilgan, ko‘zlari salqigan. O‘zgarish faqat uning tashqi qiyofasigagina xos emas edi. Harakatlaridan qandaydir xastalik va alamzadalik ifodasi yogilib turar, ko‘zlari olazarak edi.
— Bezovta qilganim uchun ming marta uzr so‘rayman, — dedi u Elzaning qo‘lini o‘pib, — noilojlikdan shunday qilishga majbur bo‘ldim…
— Marhamat, — Elza kresloga taklif qildi.
Ular o‘tirishdi. Oskar Gotlib hadeb xo‘rsinar, shlyapasini qo‘lida aylantirar, lekin miq etmasdi. Bir oz o‘zini bosib olgach, u ayanchli bir ovoz bilan gap boshladi:
— Rostini aytsam, nimadan boshlashni ham bilmayman… Avvalo shuni aytib qo‘yishim kerakki, men taqdirga tan berdim… Ha, butunlay tan berdim… Ishoning. Ammo kutilmaganda merosdan mahrum bo‘lishim meni nihoyatda mushkul ahvolga solib qo‘edi. Gap shundaki, akam olamdan o‘tganidan keyin va… siz merosdan voz kechganingizdan so‘ng men o‘z yer-mulkimni garovga qo‘ygan edim… Boshqa ilojim yo‘q edi. Hozirgi yoshlarni bilasizku, aysh-ishratni yaxshi ko‘radi… Katta shahar… Yasan-tusan… Har xil tantanalar… Bundan tashqari, xo‘jalikni ham sal epaqaga keltirish lozim edi. Shartnoma muddati qisqa. Sizning aynab qolishingizni va ish bunaqa chappasiga ketishini kim xayoliga keltiribdi deysiz! Tagin ta’na qilyapti deb o‘ylamang, shunchaki tushuntiryapman, xolos. Mana endi, bir haftadan so‘ng, qarzni to‘lamaganim uchun yer-mulkdan ayrilaman. Qarigan chog‘imda xonavayron bo‘laman… Bola-chaqam bor, axir… Besh jon-a, xotinim ham munkillab qolgan…
— Qarzingiz qancha?
Oskar Gotlib g‘udranib qoldi.
— Ko‘p, judayam ko‘p. Ikki yuz ming…
Elza o‘yga toldi.
— Shu yerda kutib turing, javobini hozir sizga aytaman.
Gotlib ishning bu qadar tez ko‘chishini kutmagan edi, binobarin, ming bor qulluq qilib, oldindan qizga minnatdorchilik bildirdi.
Elza shaxsiy sekretariat xonasiga o‘tdi, garchi ish vaqti boshlangan bo‘lsa ham xonada hech kim yo‘q edi.
«Qiziq, — ko‘nglidan o‘tkazdi Elza, — bu qanaqasi bo‘ldi?» — So‘ng Karl Gotlibning kabinetiga kirdi. Endi bu yerda har doim Shtirner ishlab o‘tirardi. U shu yerda ekan.
— Shtirner, Oskar Gotlib keldi…
Shtirner qosh ostidan qaradi.
— Topilibdimi? Yeki tirilib keptimi? Ha, mayli, hechdan ko‘ra kech, deyishadi-ku. Xo‘sh, nima deydi?
— Pul so‘rab kepti… Yer-mulkini garovga qo‘ygan ekan, endi…
— Qanchaga?
— Ikki yuz mingga deyapti-ku.
Shtirner aftini burishtirdi.
— Yelg‘on! Uning yer-mulki yuz mingga ham bormaydi. Toshloq joylar. Yuz ming beramiz, bo‘ladi. Tuyogini shiqillatsin!
— Menga qarang, Shtirner, harholda men uning oldida o‘zimni gunohkorday his qilaman, buning ustiga… odamning rahmi keladi… Mening oldimga bosh egib kelish uning uchun oson bo‘lmagan. Ikki yuz ming bera qoling… Iltimos!
Shtirner kulib yubordi.