Читаем Jahongir полностью

To‘g‘ri, generalning proyektiga nisbatan ba’zi bir e’tirozlar ham bo‘ldi, lekin bu e’tirozlar proyektni butunlay rad etolmasdi.

— Qo‘shni binolar shikastlanishi mumkin…

— Shtirner bilan birga turadiganlarning, masalan, xotinining nima aybi bor?

— Men aytdim-ku, ish bombardimon qilishgacha borib yetmas, — javob berdi general. — Mabodo shunday bo‘lganda ham hechqisi yo‘q: urush qurbonsiz bo‘lmaydi. Butun mamlakat yakson bo‘lganidan ko‘ra bir necha yuz kishining halok bo‘lgani ma’qul.

— Odamlarni ogohlantirib, ularni boshqa joyga ko‘chirish mumkin emasmi?

— Yo‘q, mumkin emas! Odamlarni ogohlantirish — dushmanni ham ogohlantirish degan so‘z. Bu ishni orqaga surib bo‘lmaydi. Agar sizlar rozi bo‘lsalaringiz, shu bugun kechasiyoq soldatlarimni o‘zim boshlab boraman. Ko‘ramiz, o‘sha botirning holi nima kecharkin!

— Faqat artilleriyani ishga solmaysiz! — dedi harbiy ministr.

— Nima uchun?

— Chunki to‘plar faqat Shtirnerning o‘zini emas, uning qurolini ham yakson qiladi. Bu qurol esa bizga ham kerak bo‘lishi mumkin.

Hammalari shunga rozi bo‘lishdi.

«Temir general» shahar chekkasida shtab majlisini chaqirib, o‘z planini bayon etdi:

— Oldimizda og‘ir vazifa turibdi. Hukumatning ko‘rsatmasi bilan imkoniyatlarimiz cheklangan — artilleriyani ishga solishga haqqimiz yo‘q. Shtirnerni tiriklayin qo‘lga tushirish haqida buyruq olganman. Agar buning iloji bo‘lmasa uni o‘ldirish, uyini esa ichidagi barcha jihozlari bilan bus-butun saqlab qolish kerak. Biz misli ko‘rilmagan dushman bilan ro‘baro‘ kelib turibmiz. Shahar markazida jang qilishimizga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay ko‘cha janglari taktikasini bu o‘rinda qo‘llab bo‘lmaydi. Dushmanni ko‘rmasak, uning zaif tomonlarini bilmasak, ko‘cha janglari haqida qanday gap bo‘lishi mumkin? Mabodo biz uyga bir amallab kirib olganimizda va o‘sha yerda Shtirnerga duch kelgan taqdirimizda ham buni endi… haligiday… «uy jangi» deyishimiz mumkin. Avvalambor, Shtirnerning qochib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Qolaversa, bizga shunisi ma’lumki, Shtirner muayyan bir yo‘nalishga qaratilgan yoki aniq bir doirani qamrab oladigan nur bilan ish ko‘radi. Buning ustiga, aftidan, uning nurlari, — Shtirnerning qurolini shunday deb ataymiz, — hammaga bir xil ta’sir qilmaydi. Binobarin, biz o‘z kuchlarimizni jang bo‘ladigan butun rayonga tarqatishimiz va ayni paytda rezerv kuchlar saqlab turishimiz kerak bo‘ladi. Piyoda. qismlar jang maydoniga atrofdagi ko‘chalardan yopirilib kelishi lozim. Agar oldingi safdagilar qulasa yoki orqaga chekinguday bo‘lsa, orqadan kelayotganlar ularni to‘xtatibgina qolmay, balki oldinga qarab surishi zarur. Shtirnerning uyiga, menimcha, faqat ana shunday qilibgina yetib borish mumkin. Kim biladi, ehtixugol, shunday qilinganda piyodalar «o‘lik zona» ga, ya’ni o‘q1 tegmaydigan zonaga tushib qolishar, artilleriya jangida ko‘pincha shunday bo‘ladi. Oldingi otryad safida o‘zim ham jangga kiraman.

— Janobi oliylari, — dedi ad’yutant Korf, — bu juda ham ehtiyotsizlik bo‘ladi-ku.

— Janob polkovnik, — deb uning gapini qayirdi general, — jang maydonidagi o‘rnimni o‘zim belgilashimga ruxsat eting. Ta’kidlayman, faqat mana shu o‘rinda.

Generalning qo‘polligiga o‘rganib qolgan polkovnik indamadi-yu, lekin qip-qizarib ketdi.

— Buning xavfli ekanini o‘zim ham bilaman, — davom etdi general. — Lekin har qanday urush domino o‘yini emas, xavfxatardan iborat. Jangga rahbarlik qilish uchun men dushmanning qurolini bilishim kerak. Bu qurol chiniqqan soldatga ham, asablari bo‘sh, shalvaygan jangchiga ham bir xil ta’sir qiladimi, yo‘qmi — shuni o‘zimda sinab ko‘rishim lozim.

Oraga jimlik cho‘kdi. Shtab ofitserlari xo‘mraygancha miq etmay o‘tirishardi. Bu ogir sukunatni ad’yutant buzdi. Qaysar general bilan bahslashish befoydaligini u bilardi. O‘tmishdagi, oldida oq ot mingan lashkarboshisi bor qo‘shinlar jangini eslatuvchi bu hujum plani ad’yutantga mutlaqo yoqmagan edi. Lekin endi kech edi. Jang oqibatini kutishdan boshqa iloj qolmagandi.

Kechasi soat o‘n ikkida shaharning har tarafidan Bank ko‘chasi bilan Birja maydoni tomon to‘la-to‘kis qurollangan otryadlar oqib kela boshladi. Oldingi otryad safida tillarang arabi ot mingan «temir general» ning o‘zi ham bor edi.

— Bir kishiga qarshi, yana buning ustiga harbiy bo‘lmagan bir odamga qarshi butun bir armiya!.. Bu juda uyat, lekin iloj qancha, uyat bo‘lsa ham mamlakatni halokatdan qutqarib qolish kerak.

General Birja maydoniga tutashgan ko‘chani kesib o‘tdi. Elza Glyuk uyining bir tomoni mana shu maydonga, ikkinchi tomoni esa Bank ko‘chasiga qaragan edi.

— Ko‘ramiz endi dikonglaganini! — dedi general uzoqdan ko‘rinib turgan Elza Glyuk uyiga tikilib va otini tezlatdi.

Arabi tulpor uzun-uzun, chiroyli oyoqlarini o‘ynatib maydonga kirib bordi, lekin kutilmaganda ot o‘zidan-o‘zi pishqirib, quloqlarini chimirdi-da, a’zoyi badani titrab orqaga tisarila boshladi. General shoshib qoldi. Hatto to‘plar hayqirig‘idan cho‘chimaydigan Abrek nimadan bunchalik qo‘rqdiykin? General otning sag‘riniga shapatilab qo‘edi.

Перейти на страницу:

Похожие книги